Hamshirani kaltaklab, burnini sindirgan bemor qizning onasiga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Joriy yil 28 yanvar kuni fuqarolar U.A. va uning qizi G.A. Farg‘ona shahar 2-oilaviy poliklinikasi tibbiyot xodimlari Mashhura Tojimatova va Matlyuba Ma’murovaga tan jarohati yetkazishgan. Poliklinika ma’muriyati darhol tez tibbiy yordam bo‘limiga, voqea haqida profilaktika inspektoriga xabar berishgan.

Sud-tibbiy ekspertiza byurosining joriy yil 29 yanvardagi 340-sonli xulosasiga ko‘ra, hamshira M.Ma’murovada burun suyagining yopiq sinishi, bosh miya chayqalishi, bo‘yin sohasida shilinma, o‘ng ko‘z-qovoqlarida qontalash kabi tan jarohatlari aniqlangan.

Farg‘ona shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi ma’lumotlariga qaraganda, mazkur holat yuzasidan fuqaro U.A.ning harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan qasddan badanga yengil tan jarohati yetkazish jinoyati alomatlari mavjudligi sababli unga nisbatan ushbu modda bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.