Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborot tarqatish — jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi

Bugun Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir A.Aripov boshchiligida O‘zbekistonda koronavirusga qarshi qanday choralar ko‘rilayotgani haqida komissiya yig‘ilishi va OAV uchun press-konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Jurnalist va blogerlarga yetarlicha axborot berildi, savollariga batafsil javob keltirildi.

Shu asnoda, barcha OAV va blogerlarni axborot sohasida qonunchilikka jiddiy va to‘liq amal qilishlarini so‘raymiz. Ya’ni, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborot tarqatish "OAV to‘g‘risida" qonunning 6-moddasi, "Axborotlashtirish to‘g‘risida" qonunning 12 prim 1 moddasi va Jinoyat kodeksini buzish hisoblanadi va jinoiy javobgarlikka olib keladi.

Masalan, Jinoyat kodeksining, 244-1-moddasi, 2-qismi:

"Diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, qirg‘in solishga yoki fuqarolarni zo‘rlik bilan ko‘chirib yuborishga da’vat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish, xuddi shuningdek fuqarolar totuvligini buzish, tuhmatona, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatish hamda jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa qilmishlarni sodir etish maqsadida dindan foydalanish, shuningdek diniy-ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida ko‘rsatilgan harakatlar:

a) oldindan til biriktirib yoki bir guruh shaxslar tomonidan;

b) xizmat mavqeidan foydalanib;

v) diniy tashkilotlardan, shuningdek chet el davlatlari, tashkilotlari va fuqarolaridan olingan moliyaviy yoki boshqa moddiy yordamdan foydalanib;

g) ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa — besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi".

Dilshod SAIDJANOV,

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari.