Har bir dastur o‘z vaqtida, sifatli bajarilishi zarur
Xalq deputatlari viloyat Kengashining qirq yettinchi sessiyasi o‘tkazildi.
Sessiyani Kengash kotibiyati mudiri Sh.Yo‘ldoshev boshqardi.
Dastlab yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lash muddatini kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash), xalq deputatlari viloyat Kengashining 2021 yil 19 martdagi 184/26-VI-sonli hamda 2021 yil 27 apreldagi 209/29-VI-sonli qarorlariga o‘zgartirish kiritish, viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqilib, tasdiqlandi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri M.Turdiyevning joriy yil 10 oyi davomida viloyatdagi sektorlar va tashkilotlar rahbarlarining aholi murojaatlari va muammolari bilan ishlash holati yuzasidan axboroti eshitildi.
– O‘tgan 10 oyda 19 817 ta (2020 yilning 10 oyida 13 619 ta) murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 15459 tasi (74,5 foizi) qanoatlantirilgan, – dedi M.Turdiyev. – Sohalar kesimida eng ko‘p murojaat (2261 ta) gaz, elektr energiyasi va suv ta’minoti masalalarida qayd etildi. Shuningdek, moddiy yordam (1795 ta), ish bilan ta’minlash (1458 ta), aliment undirish (1481 ta) bilan bog‘liq murojaatlar ko‘p bo‘ldi. Hisobot davrida viloyat Xalq qabulxonasi binosida 2-sektor rahbari, viloyat prokurori va 3-sektor rahbari, IIB boshlig‘i bir martadan, ma’muriy sud raisi uch marta qabul o‘tkazdi. Viloyatdagi boshqarma va tashkilotlar rahbarlari esa Xalq qabulxonasida biror marta ham shaxsiy qabul o‘tkazmadi.
Murojaatlarni qanoatlantirish darajasi Kattaqo‘rg‘on (42,5 foiz), Narpay (45 foiz) va Jomboy tumanlarida (48) past bo‘ldi. 467 ta murojaatning muddati buzib yopildi. Jumladan, “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatida 94 ta, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasida 90 ta, Xalq banki viloyat filialida 65 ta murojaat qonunda belgilangan muddatdan kech ko‘rib chiqilgan. Murojaatlar bilan ishlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha berilgan taqdimnoma va takliflar asosida 186 kishiga tegishli chora ko‘rildi.
Sessiyada viloyat hokimining o‘rinbosari – Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i A.Umarovning fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida uchrayotgan dolzarb muammo va kamchiliklar hamda ularning yechimi bo‘yicha axboroti ham deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama etildi.
Ta’kidlanishicha, yil boshidan buyon viloyatda 17 ta yangi mahalla tashkil etildi va ularning umumiy soni 1117 taga yetdi. Jumladan, Urgut tumanida 9 ta, Samarqand shahrida 5 ta, Qo‘shrabot tumanida 3 ta yangi mahalla faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Mahalla fuqarolar yig‘inlarining reytingi baholanganda 236 tasining faoliyati “namunali”, 627 tasi “yaxshi”, 235 tasi “qoniqarli” va 7 tasi “qoniqarsiz”, deb topildi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga ko‘ra, 21 mahalla binolaridan 13 tasi foydalanishga topshirilgan bo‘lib, 8 tasida qurilish ishlari davom etmoqda.
A.Umarov ayni paytda viloyatdagi mahallalarda ishsiz aholi bandligini ta’minlash, aholi tomorqalarida ekin ekishni tashkil etishda kam ta’minlangan, yordamga muhtoj xonadonlarga yordam berish, keksalarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berib, bu jarayonda yuzaga kelayotgan muammolarga yechim topish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, aholi o‘rtasida profilaktik tadbirlarni kuchaytirishda deputatlar va jamoatchilikning ko‘magi zarurligini ta’kidladi.
Deputatlar viloyat hokimining o‘rinbosari A.Shukurovning “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining viloyatdagi ijrosi yuzasidan hisobotni ham ko‘rib chiqdilar.
Dasturlarga ko‘ra, joriy yilda viloyatimizdagi 28 qishloq va 4 mahallada keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, 87 milliard so‘m mablag‘ evaziga 27 ta maktab, 17 ta sog‘liqni saqlash va 15 ta maktabgacha ta’lim muassasalarida qurilish-ta’mirlash ishlari rejalashtirilib, hozirda ob’yektlarda 75,9 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarilgan. Suv ta’minoti, elektr energiyasi, yo‘llarni ta’mirlash va boshqa infratuzilma ob’yektlari bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar barcha hududlarda ham o‘z vaqtida va sifatli bajarilmayapti. Deputatlar bu haqda mas’ullar oldiga aniq savollar qo‘ydi. Dasturda belgilangan ishlarni qisqa fursatlarda yakuniga yetkazish yuzasidan barcha imkoniyatlar ishga solinishi zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, sessiyada viloyat Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Inog‘omovning mahalliy byudjet prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishini ta’minlash, hududning iqtisodiy o‘sish nuqtalarini inobatga olgan holda qo‘shimcha manbalarni aniqlash, soliq qarzlarini qisqartirish, ortiqcha to‘lovlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha hisoboti eshitildi.
Xalq deputatlari viloyat Kengashining yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi G.Negmatova “2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2021-2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi”ning Samarqand viloyatiga tegishli bandlarini ijrosi ahvoli haqida ma’lumot berdi.
Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan Kengashning qarorlari qabul qilindi.