Har bir dastur va reja o‘z vaqtida bajarilishi zarur

Bugun Samarqand shahrida xalq deputatlari viloyat Kengashining qirq to‘rtinchi sessiyasi o‘tkazildi.

Sessiyani Kengashi raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi.

Dastlab, viloyat hokimligi boshqaruv apparatining yangilangan tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash haqidagi masala ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimligi boshqaruv apparatida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat qilish sho‘’basi tashkil etildi. Deputatlar viloyat hokimining bu haqdagi qarorini tasdiqladilar.

Xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati bosh mutaxassisi M.Rasulov boshqa ishga o‘tayotganligi munosabati bilan ushbu vazifadan ozod etildi va uning o‘rnida J.Javinov faoliyat boshlaydigan bo‘ldi.

Sessiyada viloyatda 2022-2023 yillarda jarrohlik yordamini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 4 oktyabrdagi “Xirurgiya xizmatini transformatsiya qilish, hududlarda jarrohlik amaliyotlari sifatini oshirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan dasturda viloyatda xirurgiya yo‘nalishidagi kasalliklarning oldini olish, diagnostika qilish va davolash sifatini oshirish, ilm-fanni rivojlantirish, tibbiy muassasalar moddiy-texnika ta’minoti va kadrlar tayyorlash yuzasidan muhim vazifalar belgilangan.

Shundan so‘ng viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan maqsadli va samarali foydalanish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Deputatlar viloyat byudjetining 2021 yilda shakllangan qo‘shimcha manbalari hisobidan ta’lim, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish, hududlar infratuzilmasini yaxshilash, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish va boshqa yo‘nalishlar uchun 19 milliard 776 million so‘m ajratishga qaror qildilar.

Sessiyada viloyat hokimligi ijro-nazorati bo‘limi rahbari Z.Rahimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 avgustdagi farmoyishi bilan joriy qilingan “Ijro.gov.uz” elektron tizimi orqali shu kunga qadar Samarqand viloyatiga 907 ta hujjat asosida 6 212 ta topshiriq kelib tushgan. Ularning 4 425 tasi ijro etilgan, 801 tasi kech bajarilgan, 1773 tasi bajarilish jarayonida bo‘lsa, 14 ta topshiriq ma’lum bir sabablarga ko‘ra bajarilmagan.

Topshiriqlar ijrosiga e’tiborsiz qaragan mas’ullar ogohlantirilib, vazifalarni bajarish bo‘yicha aniq muddat belgilandi.

So‘ngra Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Ne’matovning “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunning viloyatdagi ijrosi yuzasidan hisoboti eshitildi.

Ta’kidlanishicha, 2021 yilning 1 sentyabr holatida viloyatda 421 ming 884 nafar pensiya va nafaqa oluvchilar bo‘lib, yilning to‘qqiz oyida pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy to‘lovlar uchun 2 trillion 665 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ moliyalashtirilgan. Birgina sentyabr oyi uchun 415 ming 558 nafar fuqaroga qariyb 371 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Yilning o‘tgan davrida 29 ming 575 nafar fuqaroga birinchi marotaba pensiya va nafaqalar tayinlangan.

Boshqarma boshlig‘i aholidan kelib tushayotgan murojaatlarga ham e’tibor qaratib, bu murojaatlarning asosiy qismi, ya’ni 91,3 foizi kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash masalasida ekanligini ta’kidladi. Ushbu yo‘nalishdagi nafaqalar va moddiy yordam bugungi kunda inson omilisiz “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali tayinlanishi yoki rad etilishini inobatga olib, bu borada aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish lozimligi qayd etildi.

– Dunyo amaliyotida shunday – kambag‘al insonni ishga joylashtirish chorasi ko‘riladi. Ularning bandligini ta’minlash orqali doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga erishiladi, - dedi E.Turdimov. - Biz ham shunday yo‘l tutamiz. Ishlamaydigan, bersang yeyman deb faqat davlatdan moddiy yordam so‘raydigan sog‘lom kishilarga ish taklif etamiz. Marhamat, ishlasin, yashash uchun kurashsin. Mehnat qilgan kishiga, shunda ham hayotini izga tushirolmasa, moddiy yordam ham beramiz, qo‘llab-quvvatlaymiz ham. Ishlamasdan, mahalladan moddiy yordam kutib yashash vaqti o‘tdi endi, tizim o‘zgargan hozir.

“Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturining ijrosi yuzasidan axborot bergan “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi viloyat bo‘limi boshlig‘i D.Nabiyevning aytishicha, 2018-2020 yillarda Davlat dasturi doirasida viloyatimizda yoshlarning 937 ta biznes loyihalariga 194 milliard 537 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgan. Buning natijasida 4 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan. Davlat dasturi doirasida 49 ta “Yoshlar mehnat guzari” majmualari foydalanishga topshirilgan.

Deputatlar D.Nabiyev axborotini ma’lumot uchun qabul qilib, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilish yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini berdilar.

Sessiya kun tartibiga kiritilgan “Maroqand Obod” davlat unitar korxonasi bosh direktori Sh.Nasimovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 noyabrdagi “Davlat qarzi hisobiga amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining natijadorligini ta’minlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash yuzasidan hisobotini Samarqand shahar sektor rahbarlari va tegishli sohalar mas’ullari bilan birgalikda keyingi sessiyalarda ko‘rib chiqishga qaror qilindi.

Sessiyada muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan Kengashning qarorlari qabul qilindi.