Hayit arafasida 19 nafar ayol jazodan ozod etilib, oilasi bag‘riga qaytarildi
Ramazon hayiti arafasida Oliy sud raisining o‘rinbosari X.Yodgorov Oliy sud, qolaversa, Toshkent shahri va viloyati sudlarida faoliyat yuritayotgan ayol sudyalar hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida Zangiota tumanida joylashgan ayollar jazo o‘tayotgan muassasada bo‘lib, ochiq muloqot o‘tkazdi.
Muloqot davomida jazo o‘tayotgan ayollarga badiiy kitoblar sovg‘a qilindi
Oliy sud matbuot xizmati xabariga ko‘ra, jazoni ijro etish muassasasida sayyor sud majlisi ham bo‘lib o‘tdi. Unda jami 19 nafar ayol jazodan ozod etilib, uyiga – oilasi bag‘riga qaytarildi.
Bundan tashqari 20 nafar ayol yopiq turdagi jazoni ijro etish muassasasidan manzil-koloniyasiga o‘tkazildi.
- Xursandligimdan ko‘zyoshimni tiyolmayapman, - deydi namanganlik G.X. — 2 nafar farzandim bor. Qilmishimdan chin ko‘ngildan pushaymonman. Meni iltimosim inobatga olinib, muddatidan oldin ozodlikka chiqayapman. Buning uchun Prezidentimizga, jazoni ijro etish muassasasiga, Oliy sud rahbariyatiga cheksiz minnatdorligimni bildiraman. Boshqa jinoyat sodir qilmayman. Oilam davrasida halol mehnat qilishga va’da beraman.
Sayyor suddan so‘ng Oliy sud raisi o‘rinbosari X.Yodgorov jazoni ijro etish muassasasidagi mahkumalarni qabul qilib, ularning murojaatlarini tingladi. 17 ta mahkumaning nazorat tartibidagi arizalari ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi.