Himmat OQBO‘TAYeV: Aholi farovon yashashi uchun sharoit yaratish o‘z qo‘limizda

Viloyat teleradiokompaniyasida o‘tkazilgan bu galgi "Ochiq muloqot" ko‘rsatuvida Qo‘shrabot tumani hokimi, sektorlar hamda tumandagi korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

H.Oqbo‘tayev dastlab 2018 yil 4 noyabr kuni o‘tkazilgan "Ochiq muloqot" ko‘rsatuvida aholidan tushgan murojaatlar ijrosi bo‘yicha ma’lumot berdi.

– Muloqot davomida fuqarolarimizdan 87 ta savol tushgandi, – dedi hokim. – Ularning asosiy qismini elektr energiyasi, gaz ballonlari yetkazish, ichimlik suvi muammosi hamda ishsizlik masalasi tashkil qilgan. Biz murojaatlarning yigirmadan ziyodiga studiyaning o‘zida javob berdik. Qolgan barcha murojaatlarni o‘rganish va uning qat’iy yechimini ta’minlash uchun ertasi kuniyoq tadbir ishlab chiqdik. Bu murojaatlarning barchasi tuman darajasida bo‘lgani sabab aksariyatini ijobiy hal etdik. Qolganlariga zarur tushuntirish, tavsiya berdik.

Shundan keyin viloyat teleradiokompaniyasining telefon raqamlari, ijtimoiy tarmoqlar hamda "Zarafshon" gazetasi or­qali berilgan savol va murojaatlarga javob berdi. Murojaatlarning bir nechtasi yo‘llarni ta’mirlash va aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash mavzusida bo‘ldi. Jumladan, "Do‘stlik" mahallasidan Dilmurod Abdullayev, Jo‘sh mahallasidan Fofir Yo‘ldoshev, Mayintepa mahallasidan Abdulla Mahmudov, Qiyqim mahallasidan Sodiq Ro‘ziboyev qishloq yo‘llarini ta’mirlash haqida so‘rashdi.

– Yashirmayman, tumanda eng og‘ir muammo, bu – yo‘l qurilishi va ta’mirlash masalasi, – dedi H.Oqbo‘tayev. – O‘tgan yili yo‘l qurish va ta’mirlash uchun tumanimizda moddiy-texnik baza yaratdik, maxsus texnikalar xarid qildik, 7 milliard so‘m evaziga asfalt zavodini bunyod etdik. Natijada o‘tgan yili 5 kilometr yo‘lga asfalt yotqizildi, 10 kilometr yo‘l ta’mirlandi, qariyb 50 kilometr qishloq yo‘llariga tosh-shag‘al to‘shalib, tekislandi. Joriy yilda ham bu ishlar dastur asosida davom etadi va hozir murojaat qilgan fuqarolar qishloqlari yo‘llari ham bosqichma-bosqich ta’mirdan chiqariladi.

Xonnazar mahallasida yashovchi Nabijon Eshatov, oqtepalik Maftuna O‘sarova, Oqchobsoy mahallasidan Ibodullo Ochilov ko‘p yillardan buyon qishloq aholisi ichimlik suvidan qiynalayotganini bayon qilishdi.

– Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash ham og‘riq nuqtalarimizdan hisoblanadi, – deydi hokim. – Ochig‘i, 2015 yilda xorij sarmoyasi va loyihasi asosida tumandagi qishloqlar aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida dastlabki ishlar boshlangan, ammo bu oxiriga yetkazilmay qoldi. Shuning uchun o‘tgan yili bu borada yangi loyihani taqdim etdik va tenderda xitoylik investorlar yutib chiqdi. Tasdiqlangan dasturga ko‘ra, 2019-2020 yillarda 76 foiz qishloqlarimiz aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlaymiz.

Ochiq muloqotda shu singari o‘nlab masalalar yuzasidan 66 ta murojaat bo‘ldi. E’tiborlisi, hokim ham, o‘rinbosarlar, korxona va tashkilotlar rahbarlari ham savollarga qisqa, lo‘nda, aniq javob berdi.

Muloqot yakunlangach, Himmat Oqbo‘tayev o‘z xulosalarini bildirdi:

– Iqtisodiy masalalar asta-sekin hal etiladi, ammo ijtimoiy soha rivojida tumanimiz ancha ortda qolgani bizni ko‘proq tashvishlantiradi. Bugun tumanning biror hududida kutubxona yo‘q. Yoshlar markazi, istirohat bog‘i kabi dam olish maskani qurish e’tibordan chetda qolgan. Tuman markazidagi kinoklub tashlandiq ahvolda. Hududimizga mahalliy va xorijlik sayyohlarni jalb etish borasida ham ishlarimizni talab darajasida deb bo‘lmaydi. Shularni hisobga olib, dasturlar tuzganmiz. Maqsadimiz tadbirkorlar, homiylarni jalb etib, bu inshootlarni qurish, zarur sharoitlarni yaratish. Bu xayrli ishlarni amalga oshirishda bugungi kabi ochiq muloqotlarning ahamiyati katta. Aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilib, talab va takliflarini o‘rganyapmiz, shu asosda ishlarimizni tashkil etyapmiz.

Akram HAYDAROV.