Hovlining egasi kim? Yoxud kadastr xizmatidagi muammolar xususida
Bir qaraganda kadastr xizmatida ko‘p islohotlar qilindi. Kadastr agentligi va davlat kadastrlar palatasi tashkil etildi. Korrupsion holatni bartaraf etish maqsadida kadastr xizmatlari davlat xizmati agentligi orqali bajariladigan bo‘ldi. Sohadagi baholash tizimi elektron usulga o‘tkazildi. Yerning elektron bazasi yaratilyapti. Uning o‘zimizga xos va mos dasturi ishlab chiqildi. Yerga egalik huquqini berish hokimliklardan olindi. Endi bu huquq ochiq auksion natijasiga qarab beriladi. Mulkni, yerni baholash elektron usulda o‘tkaziladi.
Ammo yer, uy-joy masalasida ayrim muammolar hamon hal bo‘lmay qolmoqda?
Keling, avval ayrim holatlar haqida tasavvurimizni aniqlab olaylik.
Hali qishloqlarimizda egasiz uylar bor. Nega egasiz, dersiz? Axir ularda ham kimlardir yashayapti-ku?! To‘g‘ri, kimdir yashayapti, yer solig‘i ham to‘lab turibdi. Elektr energiyasi, tabiiy gaz (albatta, bor yerlarda), suvdan foydalangani va chiqindi uchun ham pul to‘lanyapti. Ammo uy-joyga egalik huquqi bo‘lmagani bois mulk solig‘i to‘lamaydi. Mulk solig‘i yer solig‘idan ancha ko‘pligini yaxshi bilamiz.
Sababi oddiy: o‘sha paytda amal qilgan qonunlar asosida bunday uylarga hokimiyat tomonidan egalik huquqi berilmagan. Hatto kolxoz pravleniyesi, qishloq sovetining qarori ham yo‘q. Ammo uy yillar davomida otadan farzandga o‘tib kelavergan. Ayrim uylar hatto BTI (texnik byuro inspeksiyasi) hujjati bo‘lmasa-da ikkinchi, uchinchi shaxsga sotib yuborilgan.
2018 yilgacha mavjud qonun talabiga ko‘ra, agar shaxs bir xonadonda 15 yil davomida yashab, barcha to‘lovlarni amalga oshirgan bo‘lsa, o‘sha uy unga xatlab berilgan. Ko‘pchilik bu imkoniyatdan foydalanmagan. Bundan tashqari, o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi davomida ayrim uy-joy egasiga egalik huquqini berish rad etilgan. Demak, bu uylar ham hozircha noqonuniy qurilishga kiradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda viloyatda qishloq joylaridagi 878 072 ta uy kadastr bazasiga kiritilgan. Ularning 35 foizidagina egalik huquqi bor, ammo ular mulk solig‘ini uy qurilgan paytda belgilangan (odatda bizda bu me’yor bir xona, bir dahliz, hojatxona tarzida olinadi) baho asosida to‘lab kelinadi. Vaholanki, undan keyin hovlida yangi, hatto ikki qavatli binolar qurilgan, lekin qonun asosida qayta baholanmagan va rasmiylashtirilmagan.
Qishloq joylarida yana bir muammo – uy-joylarning qonunda belgilanganidan ortiq egallanganida, fermer xo‘jaliklari hududidan o‘zboshimchalik bilan uy-joy qurib olinganidir.
To‘g‘ri, buning uchun fermerga chora ko‘rilar, biroq bugun qishloq tusini olgan uy-joylarni qanday buzamiz? Bunday uylar ayrimlar uchun yagona yashash maskani hisoblanadi. Shu o‘rinda ayrim raqamlarni aytib o‘tsam.
Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasining hududiy bo‘limlari ish yurituviga joriy yilning avgust oyiga qadar sudlar tomonidan noqonuniy qurilma, deb topilgan 4729 ta (669,12 gektar) inshootni buzish to‘g‘risida ijro hujjatlari kelib tushgan.
Ijro hujjatlarida ko‘rsatilgan, noqonuniy qurilgan 4187 ta uy-joyda aholi muntazam yashab kelyapti. Shundan 3277 ta uy-joy mahalla tarkibida massiv shaklida, 910 ta uy-joy esa mahalla chetlarida noqonuniy qurilgan.
Shu bilan birga, 541 ta noqonuniy qurilmalarda aholi yashamayotganligi, ularning 202 tasi to‘liq qurib bitkazilgani, 184 tasida qurilish tugallanmagani, 155 tasida poydevor qismi yoki boshlang‘ich qurilish qilingani aniqlangan.
Aynan ana shu holat uchun fermer xo‘jaliklarini kadastr xatlovidan o‘tkazish qiyin kechyapti. Misol uchun, fermer xo‘jaligiga tegishli 10 gektar ekin maydoni bor. Ammo uchta dalaning ichida ham 2-3 tadan uy-joy qurilgan. Ana shu uylar maydonini qishloq xo‘jaligi hisobidan chiqarmasdan fermer xo‘jaligi yer maydonini kadastr qilib bo‘lmaydi. Eng yomoni, bu holat, bizningcha, yerining hisobi yo‘q deb yurganimiz - Qo‘shrabot, Nurobod tumanlari yaylovlarida ham mavjud.
Haqiqiy ahvolni takror aytaverish bilan muammo yechilmasligi ayon.
Xo‘sh, unda nima qilmoq kerak?
- Bizda ayni paytda uy-joyga egalik huquqi berilishi so‘ralgan arizalar anchagina, - deydi Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Maqsud Qurbonov. - Ularni ijro qilish jarayonida ko‘p qiyinchilikka duch kelyapmiz. Joriy yilning birinchi yarmida o‘tkazilgan monitoring natijasiga ko‘ra davlat xizmati ko‘rsatish sohasida davlat kadastrlari palatasi tuman, shahar filiallari tomonidan 1364 holatda qonun buzilishi aniqlandi. Ularning barchasi ijro muddati buzilishi bilan bog‘liq.
Kadastr xizmati vakillarining aytishicha, bino va inshootlarni o‘rganish, chizmasini tayyorlash diqqattalab ish. Ayrim holatlarni aniqlashga, xulosa qilishga vaqt ketadi.
- Ilgari ishimizga qarab maosh berilardi, - deydi sobiq kadastrchi. – Hozir kadastr jildlarini tayyorlashga vaqt topilmayapti. Chunki ko‘proq “snos” ishlariga jalb etishyapti. Shu bois ishdan ketdim. Bu jarayonni odilona tahlil qilish zarur, deb hisoblayman. Chunki kadastr palatasi xo‘jalik hisobida faoliyat yuritadigan korxona. Unga xodimlar, mutaxassislarni yetarli maosh bilan ta’minlash uchun ish hajmini, buning uchun tushumini ta’minlash zarur. Aksincha, bugungi kunda ayrim hamkasblarim 1 million so‘mga ham bormaydigan maosh olishadi. Tag‘in, hozirda ular ijro muddati kechikkani uchun jarima to‘lash bilan ovora.
Endi asosiy savolga javob beraylik. Biz qonuniy qurilish deb e’tirof etilgan uy-joylarga qanday munosabatda bo‘lishimiz lozim? Bu borada davlat kadastr palatasi mutaxassislari, majburiy ijro byurosi hududiy bo‘limlari rahbarlari, hokimiyat vakillarining ham fikri bir xil. Ya’ni:
- garchi noqonuniy bo‘lsa-da, posyolka tipini olgan yashash maskanidagi uylarni zudlik bilan kadastr xatlovidan o‘tkazish;
- uning xarajatini mahalliy yoki respublika byudjetidan qoplash;
- mavjud xalqparvar jamoatchilik komissiyasi xulosasiga ko‘ra mahalliy Kengashlarda tasdiqlangach, uylarga egalik huquqi berish;
- ekin maydonining chetidagi yoki chala imoratlarni sud qarori bilan buzdirish, bunday uy egalariga boshqa yerdan joy ajratish lozim.
Yer - davlat boyligi, xalqning daromad manbai. Yerni xorlagan elni xor qiladi. Ammo hozirgi sharoitda yillar davomida to‘planib qolgan muammo yechimida juda ehtiyotkorlik bilan, lekin kechiktirmasdan qaror qabul qilish darkor.
Darvoqe, kadastr agentligi viloyat boshqarmasiga borganimda xodimlar eski kompyuterlardan foydalanayotganini ko‘rdim. Bu masala ham tezda o‘rganilishi kerakka o‘xshaydi.
Farmon Toshev.