Ichki ishlar vazirligi Andijondagi voqealar bo‘yicha rasmiy bayonot berdi

Unda qayd etilishicha, joriy yilning 30 may kuni Andijon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 4-sonli ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan, ish yurituvidagi ariza yuzasidan ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan fuqaro A. Abdukarimov Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yotqizilgan va vrachlar tomonidan ko‘zdan kechirish davomida uning badanida og‘ir tan jarohatlari mavjudligi aniqlangan. Unga shifokorlar tomonidan zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramasdan, A. Abdukarimov 11 iyun kuni vafot etgan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushbu fuqaroga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilganligi, hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi tergov jarayonida o‘rganiladi.

Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan zudlik bilan xizmat tekshiruvi tayinlanib, o‘tkazilgan tekshiruv xulosasiga ko‘ra, fuqaro A.Abdukarimovning ichki ishlar bo‘limida noqonuniy ushlab turilganligi va boshqa noqonuniy holatlar bo‘yicha bir qator xodimlarga nisbatan keskin intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.

Xususan, Andijon shahar IIO FMB 4-son ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakillari katta leytenant F.Xusanboyev, katta leytenant E.Rayimjonov va katta leytenant Q.Qodirovlar ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan. Andijon shahar IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik S.Usmanov va Andijon shahar IIO FMB 4-sonli ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik P.Mamajonovlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etilgan. Bundan tashqari, 19 nafar rahbar va xodimlarga turli ko‘rinishdagi qat’iy intizomiy tartibdagi jazolar qo‘llanilgan.

Inson huquqlarini himoya qilishdek muqaddas burchiga xiyonat qilgan hech bir xodim kechirilmaydi. Yuzaga kelgan mazkur holat bo‘yicha vakolatli organlar tomonidan adolatli tergov-surishtiruv ishlari amalga oshiriladi hamda qonun ustuvorligi va jinoyatga jazo muqarrarligi ta’minlanadi.