Ijro hokimiyati faoliyatini kim nazorat qiladi? Yoki onlayn o‘tkazilgan sessiyadan keyingi o‘ylar

Aslida boshqacha bo‘lsa-da hokimiyat deganda bugun aksariyatimiz joylarda ijro hokimiyati organlarini tushunamiz. Chunki faqat shu organ o‘zining boshqaruv funksiyasini amalda to‘laqonli uddalayotgani uchungina ko‘pchiligimizda shunday fikr shakllandi. Vaholanki, hokimiyat tizimida ijro organidan tashqari sud va qonun chiqaruvchi  organlar ham bor. Ammo sud va qonun chiqaruvchi organ ham hokimiyat ekanligi, qonunchilikka ko‘ra, mavjud uchta hokimiyat tizimi tengligi va faoliyati davomida bir-birini tiyib turish mexanizmiga asoslanishi kerakligini ko‘pchiligimiz unutib qo‘yayapmiz.

Kengash oshkora va shaffof ishlaydi

Ammo tan olish kerakki, amalga oshirilayotgan islohotlar, joylarda qo‘llanilayotgan amaliyot hokimiyatlarning tenglik prinsipini ro‘yobga chiqarishga, ular bir-birini nazorat qilish funksiyasining amalda ishlashiga xizmat qilmoqda. Misol uchun, xalq deputatlari viloyat Kengashining oxirgi sessiyasida viloyatdagi sudlar raislarining sudlarning olti oydagi faoliyati yuzasidan axboroti tinglandi.

Qayd etish lozimki, sessiya ishi birinchi marta ijtimoiy tarmoqlarda onlayn tarzda yoritib borildi. Aynan shu jihatning o‘zi vakillik organi bo‘lgan Kengashning nufuzini bir qadar oshirganini ta’kidlash joiz. Negaki, axborotini butun jamoatchilik ko‘rib, tinglab turganini bilgan sud raislari sergak tortgani, endi axborotni o‘qib, joyiga borib o‘tirishi bilan ish bitmasligini anglagani bor gap. O‘z navbatida deputatlar ham jamoatchilik oldidagi obro‘si nuqtai-nazaridan sessiya ishida faol qatnashishga intilgani yaqqol sezilib turdi.

Ha, onlayn o‘tkazilgan sessiya vakillik organi faoliyati ochiq va shaffof ekanligining amaldagi namunasi bo‘ldi. Zero, sessiya ishini yuzlab hamyurtlarimiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borishdi. Shu bilan birga ularga sessiyada axborot beruvchilarga savol yo‘llash imkoniyati ham berildi va bu fuqarolarning bilvosita davlat boshqaruvida ishtirok etish huquqini amalda ta’minladi.

Sessiya ishida deputatlarning jamiyatdagi o‘rni va rolini oshirishga qaratilgan masala ham ko‘rildi. Ya’ni, xalq deputatlari viloyat Kengashining doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi kotibiyati tashkil etiladigan bo‘ldi. To‘g‘ri, bu amaliyot davlatimiz rahbarining Samarqandda namunali Kengash bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi taklif, tavsiyalari asosida yo‘lga qo‘yilmoqda. Garchi shunday bo‘lsa-da, bu amaliyot vakillik organining funksional vazifalarini to‘laqonli amalga oshirishga ko‘maklashishi, shu paytgacha deputatlar tomonidan jamoatchilik asosida bajarilgan ishlarni amalga oshirishda mas’uliyat yuklashini ijobiy baholash mumkin.

Hammasi yaxshidek, ammo ...

Bir qarashda Kengash nufuzi oshirilayapti, deputatlar faollashyapti, demak ijobiy o‘zgarishlar kutish mumkindek. Ammo sessiyani kuzatarkanmiz, ayrim jihatlar e’tiborni tortib, ijobiy yangiliklarga biroz vaqtlidek tuyuldi. Jumladan, sessiya ishida ayrim deputatlar savol berarkan, o‘zi guvoh bo‘lgan yoki saylovchilari tomonidan bayon qilingan voqelikni qonunchilikka nechog‘lik mosligini so‘radi. Bu savolga tegishli hujjatlardan o‘zi javob topishi kerak emasmi? Aslida bundan jiddiyroq, aniq savollarni, muammoni o‘rtaga tashlashi kerakmasmidi?!

Xalq deputatlari viloyat Kengashining yarim yillik ish rejasida ham bajarilmay qolgan bandlar bor. Ular bilan tanishsangiz ayrimlari birinchi yarim yillik ish rejasiga noto‘g‘ri kiritilganligi ayon bo‘ladi. Demak, hali real reja tuzish malakasini o‘zlashtirganimiz yo‘q.

Yana bir gap. Bugun deputatlar orasida ijro organida ma’lum mansabda ish boshlaganlarning ham vakillik organida qolayotganini ko‘rib chiqish vaqti yetdi. Negaki, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari ijro organlari faoliyatini nazorat qilar ekan, shu organning bir mansabdor shaxsi boshqasining ishini tanqidiy tahlil qilishi dargumon. Qolaversa, o‘z korxonasining ishi bilan kecha-yu kunduz band rahbar deputatlikka vaqt topa olarmikan?!

Bor-yo‘g‘i birinchi zinadamiz...

Konstitutsiyamizga ko‘ra, hamyurtlarimiz davlat boshqaruvida bilvosita vakillari, ya’ni deputatlar orqali ishtirok etadi. Demak, deputatning ovozi mening, sizning va oxir-oqibat umumning ovoziga aylanadi. Ayni shu jihatdan vakillik organiga biz saylagan deputatlarning faoliyati shaffofligi, sessiyaning ochiq-oshkoraligi ta’minlanayotganini faqat olqishlash mumkin.

Biroq bu boradagi ishlarni yanada yaxshilash, ya’ni vakillik organining nomiga munosib bo‘lishi uchun hali oldinda bir qator masalalar turganini ham aytib o‘tish lozim. Misol uchun, sessiyalarda muhokama qilinadigan masala sessiyagacha dastlabki tarzda tegishli doimiy komissiya tomonidan ko‘rib chiqilgani qayd etiladi.

Amaldagi tartib, ya’ni Kengash reglamentida ham sessiyada ko‘rib chiqiladigan masala avval tegishli doimiy komissiyada ko‘rib chiqilishi va sessiya qarori loyihasi tayyorlanishi kerak. Demak, endi doimiy komissiya yig‘ilishi va qarori nufuzini ham oshirish haqida o‘ylash lozim.

Qonun normalarida belgilangan tamoyillarga ko‘ra, Kengashning eng muhim vazifalaridan biri muayyan sohani tahliliy-tanqidiy asosda o‘rganish bo‘lishi kerak. To‘g‘ri, yil davomida xalq deputatlari viloyat Kengashining har bir sessiyasida muayyan rahbarning hisoboti eshitildi. Ammo xalq noiblari o‘zlari aynan bir masalani joyiga chiqib, mutaxassislar va aholi ishtirokida o‘rganmadi. Vaholanki, Kengashning yarim yillik ish rejasida bunday masalalar belgilangandi.

Yo.Marqayev.