Vilyam Shekspirning “Qirol Lir” tragediyasi Samarqand sahnasida
Jahon adabiyotining durdona asarlaridan biri “Qirol Lir” tragediyasi necha zamonlardan buyon yuzlab teatrlarda namoyish etildi, ko‘plab tillarga tarjima qilindi.
Samarqand viloyat musiqali drama teatrida ham Vilyam Shekspirning ushbu asari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston davlat akademik rus drama teatri bosh rejissyori Valixon Umarov tomonidan sahnalashtirildi. Spektakldagi dekoratsiyalar, aktyorlarning mahoratli ijrosi, mukammal rejissura, o‘sha davr ruhiyatiga mos musiqa tomoshabinni naqd ikki soat sahna bilan uzviy bog‘ladi, asar ichiga olib kira oldi.
Qirol Lir fojiasi nimada?
Bu asarni o‘qimagan kishi kam bo‘lsa kerak. Voqealar Britaniya qirolligida yuz beradi. Qirol Lir keksaygach, mamlakatni uch qiziga bo‘lib berishni va o‘zi keksalik gashtini surishni xohlaydi. Sahnada saroy ayonlari va qirol Lir uch nafar qizi bilan namoyon bo‘ladi. Saroy masxarabozi Shekspirning unutilmas iborasi bilan tomoshabinni asarga olib kiradi. “Butun olam teatr, biz odamlar unda aktyorlarmiz”. U ushbu jumlalarni takror va takror aytar ekan, saroy ayonlariga niqoblar tarqatadi. Faqatgina kenja qiz Kordeliya niqobni olmaydi. Bu tomoshabinni hayratlantiradi va asar davomida ular bu savolga javob topadi.
Qirol davlatini qizlariga bo‘lib berar ekan, ularning mehru muhabbatini ham bilishni istaydi. Ikki katta qizi ko‘zlarida yosh bilan cheksiz mehrini, muhabbatini izhor qilsa, kenja qiz bunday soxta munosabatni emas, balki bir farzandlik sadoqatini, mehrini otasiga tortiq etadi. Samimiy aytilgan so‘zlardan soxta aytilgan hislarni ustun qo‘ygan ota kenja qizidan voz kechadi va davlatini ikkiga bo‘ladi. Mol-davlatga ega bo‘lgan qizlar bora-bora otasini o‘z uylaridan haydaydi, mehr-muhabbatining soxtaligini ayon qiladi. Juda tez fursatlarda kutilmagan hayot zarbasiga uchragan Qirol esankirab qoladi. Mana shu onda tomoshabin saroy ayonlaridagi niqobning ma’nosini chaqadi. Katta qizlarning muhabbati niqob ostida aytilgani, buni qirol sezmagani, unga bo‘lgan munosabatlarning barchasi parda ortidagi munosabatlar ekanligini anglaydi. Qirol Lir ham bor davlatidan ayrilgach, barcha haqiqatni ko‘radi, biladi. Ammo kech edi...
Mashaqqat ortidagi rag‘bat
- Olti oydan buyon ushbu asar ustida ishladik, izlandik, mahoratimizni oshirishga harakat qildik, - deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Baxtiyor Rahimov. – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Valixon Umarov bundan avval ham jamoamiz bilan Turjan Jo‘jano‘g‘lining “Ko‘chki” asarini sahnalashtirgan edi. Ushbu sahna asari tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olinib, xalqaro teatr festivallarida e’tirof etildi. Mahoratli rejissyor bu gal “Qirol Lir”ni sahnalashtirar ekan, avvalo, aktyorlar mahoratini to‘g‘ri baholay oldi. U rollarni aktyorlarning ijodiy imkoniyatlaridan kelib chiqib taqsimladi va menimcha adashmadi. Tajribali aktyorlar o‘z rollarini mahorat bilan ijro eta oldi. Asardagi har bir personajning o‘z ruhiyati bor. Jumladan, men ijro etgan graf Kent obrazida yurtga sodiqlik, sadoqat tuyg‘ulari mujassam. Garchi, qirol uni saroydan haydasa-da, qiyofasini o‘zgartirib, qirolga umrining so‘nggi lahzalarigacha sadoqat bilan xizmat qildi.
Spektaklni tomosha qilar ekansiz, dastlab qirolning vahojati, qat’iyati, hukmronligini ko‘rgan bo‘lsangiz, asar so‘nggida qizlari tomonidan tahqirlangan, hayotning zarbalariga uchragan inson qiyofasida gavdalanadi. Aktyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Solijon Hakimov Qirol Lir shaxsiyatini, uning his-hayajonini, mardligini, iztirobini, qayg‘usini, fojiasini tomoshabinga yetkaza oldi, o‘z tuyg‘ulariga sherik qildi. Qizlari Gonerilya va Reganadagi takabburlik, saltanat, toj-taxt uchun farzandlik burchini unutgan, hiylakorlikni teatr aktrisalari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mehri Hakimova hamda aktrisa Sarvinoz Saitovalar mahorat bilan ijro etdi.
Spektakl dekoratsiyalari ham kishini Britaniya qirolligiga olib kira oldi. Umuman asar voqealariga mos musiqalar ham o‘ziga xos tarzda tanlangan. Aktyorlarning ijrosi asarning mukammal chiqishiga asos bo‘ldi.
Shuningdek, asardagi kenja qiz Kordeliya (aktrisa Go‘zal Qurbonova), saroy masxarabozi (aktyor Turdimurod Xudoyberdiyev), graf Gloster (O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, aktyor Baxrullo Raximov), Edmund (aktyor Jamshid Murodov), Edgar (aktyor Sherzod Raximov), gersoglar Albani (aktyor Jo‘rabek Yorqulov) va Kornuel (aktyor Mashrab Bekmurodov), Fransuz Qiroli (Hayot Hamidov), Burgund gersogi (Farid Rasulov) kabi personajlar Shekspir tragediyasining g‘oyasini va o‘tkir syujet yo‘nalishini keskinlashtirib, to‘laqonli tragediya janri darajasiga ko‘tardi.
Nasiba JONTO‘RAYeVA.