Ildizimiz mushtarak, kelajagimiz birga
Samarqandda Turkiya Respublikasining Bosh konsulxonasi ochilganiga uch yil to‘lishi munosabati bilan O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar va o‘tgan yilga oid ayrim xulosalarimni sizlar bilan baham ko‘rmoqchiman.
Bugun Anado‘li geografiyasida yashayotgan Turkiya xalqi ildizlari O‘rta Osiyo tuproqlariga kelib taqaladi. Uch yildan buyon faoliyat yuritayotgan Samarqandda, turk va o‘zbek tillaridagi mushtarak so‘zlardan ikki davlat xalqlari ma’naviyatining bir xilligiga, mehmondo‘stlikdan tortib, kashtado‘zlik naqshlarigacha ko‘plab o‘xshash insoniy va madaniy qadriyatlarimiz mavjudligiga shaxsan guvoh bo‘ldim. O‘zbekistonning qaysi manziliga bormayin, turk ekanligimni bilishganida odamlarning iliq munosabatini his qilaman.
Turklarning Anado‘liga joylashishining burilish nuqtasi hisoblangan 1071 yildagi Manzikert g‘alabasidan so‘ng ota yurtimiz O‘rta Osiyoda yetishib chiqqan alloma va mutafakkirlar Anado‘li xalqining ruhiy va ma’naviy olamini boyitishga xizmat qildilar. Bular orasida Ulug‘bekning shogirdi Ali Qushchi, Mavlono Jaloliddin Rumiy va ustozi Burhoniddin Termiziy, Shayx Ali Samarqandiy, Seyyid Alaaddin Ali Samarqandiy, Bobo Haydar Samarqandiy va Amir Ahmad Buxoriyni sanash mumkin. Albatta, bu buyuk siymolar zikr etilganlar bilan cheklanib qolmaydi. Xuddi shunday, birodarlik va ko‘ngil rishtalarimiz doirasida Anado‘lidan kelib, o‘z ota yurtida yashashni va shu zaminda xizmat qilishni tanlagan alloma va mutafakkirlar ham bor. Masalan, buxorolik Abdulxoliq G‘ijduvoniyning otasi malatyalik, Ulug‘bek madrasasining bosh muallimi Qozizoda Rumiy asli Bursada tug‘ilgan olim edi.
Masofa nuqtai nazaridan bir-biridan uzoqda bo‘lsa-da, bir ma’naviy muhitda yashayotgan bu ikki qardosh xalq hamisha bir-birini qo‘llab-quvvatlab, ko‘ngil rishtalarini hech qachon uzmagan. O‘zbekiston 1991 yil 1 sentyabrda mustaqillikka erishganida birinchi bo‘lib tan olgan va 1992 yil 4 martda diplomatik munosabatlar o‘rnatgan ilk davlat Turkiya bo‘lgan.
2021 yil 7 mart kuni Samarqandda ilk Bosh konsulxonamiz ochilgan edi. 2022 yilda davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar «har tomonlama strategik sheriklik» darajasiga ko‘tarildi. Shu nuqtai nazardan, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar qardoshlik huquqiga asoslangan har tomonlama strategik sheriklik mexanizmi doirasida siyosiy, savdo, iqtisodiy, gumanitar va madaniy sohalarda tarixda hech qachon kuzatilmagan darajada rivojlanib bormoqda.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy do‘stligi va siyosiy irodasi samarasida hamkorligimiz yildan-yilga kengayib bormoqda. Jumladan, 2023 yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammiti va Prezidentimiz Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning qasamyod qabul qilish marosimi munosabati bilan mamlakatimizga tashrif buyurdi. O‘z navbatida bizning Prezidentimiz Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitida ishtirok etdi.
Shuningdek, yil davomida Turkiya va O‘zbekistonda tashqi ishlar vazirlari darajasidagi qo‘shma strategik rejalashtirish guruhi yig‘ilishi, Turkiya-O‘zbekiston qo‘shma iqtisodiy komissiyasi VII yig‘ilishi, TDT Sog‘liqni saqlash vazirlarining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Samarqandda O‘zbekiston – Turkiya sog‘liqni saqlash vazirlari boshchiligida yig‘ilish va biznes forum, shuningdek, ikki davlatdagi yuzdan ortiq oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirokida ta’lim forumi o‘tkazildi.
O‘tgan yili 6 fevral kuni Turkiyada sodir bo‘lgan va asr falokati deya ta’riflangan zilziladan so‘ng do‘st va qardosh O‘zbekiston Turkiyaga imkon qadar tezroq qidiruv-qutqaruv va tibbiy guruhlarni jo‘natdi. Moddiy va gumanitar yordam yetkazib berdi. Jumladan, Bosh konsulligimiz va Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida samarqandliklar yordami bilan 9 ta yuk mashinasida gumanitar yordam yuborildi. O‘shanda Samarqand viloyati hokimi va boshqa rahbarlar, oddiy aholi Bosh konsulligimizga kelib, xalqimizga ta’ziya izhor qildi, hamdardlik bildirdi. Buning uchun o‘zbekistonlik birodarlarimizga yana bir bor o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Zilzila sodir bo‘lgan hududda O‘zbekiston tomonidan 306 ta uy-joy qurilishi davom etmoqda. Hatay viloyatidagi bu uylar yaqin kunlarda muhtojlarga topshiriladi.
2023 yil 29 oktyabr kuni Turkiyada va shu bilan birga xorijiy davlatlardagi vakolatxonalarimizda, jumladan, Toshkentdagi elchixonamiz va Samarqanddagi Bosh konsulligimizda Turkiya Respublikasi tashkil topganining 100 yilligi nishonlandi. Bu quvonchni O‘zbekistondagi turk jamoatchiligi, shuningdek, O‘zbekiston rasmiylari va o‘zbek do‘stlarimiz bilan baham ko‘rdik.
Turkiya O‘zbekistonning to‘rtinchi yirik tashqi savdo sherigi hisoblanadi. Davlatlarimiz o‘rtasidagi savdo hajmi so‘nggi besh yilda 22 foizga oshdi va 2023 yil oxiriga kelib 3,5 milliard dollarni tashkil etdi. Ammo mavjud imkoniyatlarimiz bu ko‘rsatkichni yanada oshirishini ko‘rsatadi.
Avvalgi yillardagi kabi 2023 yilda ham ikki davlat o‘rtasida turizm sohasidagi aloqalar yanada mustahkamlandi. Turkiyadan O‘zbekistonga kelganlar 100 ming va O‘zbekistondan Turkiyaga borganlar 470 ming nafardan oshdi. Ish va sayyohlik safarlarining ortishi natijasida Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi haftalik reyslar soni 60 tadan oshdi va buning yanada ortishi kutilmoqda. O‘tgan yili Istanbul bilan bir qatorda boshqa viloyatlarga ham qatnovlar boshlandi. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch va Farg‘ona shaharlaridan Turkiyaga parvozlar soni ortib bormoqda.
Turkiy davlatlar oilasining eng muhim organi bo‘lgan Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT) madaniyat, siyosat, ta’lim, savdo va transport kabi deyarli barcha sohalarda a’zo davlatlar vakillarini bir joyga to‘plash orqali hamkorlikni kuchaytirish va umumiy kelajagimizni yaratishga katta hissa qo‘shmoqda. Samarqand 2022 yil noyabr oyida TDT 9-sammitiga muvaffaqiyatli mezbonlik qildi. O‘tgan yil ham Samarqandda TDTning bir qator tadbirlari o‘tkazildi.
Keyingi uch yildan buyon mushtarak madaniyatimizning qadimiy shahri bo‘lgan Samarqandda faoliyat ko‘rsatib, davlatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash va rivojlantirishga hissa qo‘shayotganimdan mamnunman. Eng muhimi, biz bir oila sifatida turk dunyosining ushbu go‘zal shahrida mehnat qilayotganimiz va kundalik hayotimizda samarqandliklar bilan birga bo‘la olganimizdan baxtiyormiz.
Salih JANER, Turkiya Respublikasining Samarqanddagi bosh konsuli.