Ilm izlab bormaydi, ilmni izlab keladilar

Prezident tashrifidan so‘ng...

Rivoyat qilishlaricha, Buxoro amiri Xolid ibn Ahmad Zuhaliy Imom Buxoriyga odam yuborib, saroyga kelib, amir va amaldorlarning farzandlariga dars berishni taklif qiladi. Buxoriy bundan bosh tortadi. Xolid yana elchi yuborib, kitoblari bilan tezda amir huzuriga kelishini buyuradi. Buxoriy esa: “Ilm izlab bormaydi, ilmni izlab keladilar”, deb javob beradi. Shu ma’noda bundan buyon yurtimizga nafaqat sayohat qilish, balki ilm o‘rganish maqsadida tashrif buyuruvchilar soni yanada ortishi shubhasiz. 

Gap shundaki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqand viloyatida tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi bunga to‘la asos bo‘la oladi. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, bu markaz mamlakatimizga ilm, baraka olib keladi. Yoshlarimizga bilim, kuch beradi. Bu yerda o‘qiganlar, ziyoratga kelganlar katta ma’naviyat, ma’rifat oladi. 

Mazkur ikki ilmiy dargoh faoliyati haqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan bilan suhbatlashdik. 

Birinchi kitobdan keyin turuvchi birinchi kitob!

– Butun dunyo Imom Buxoriyni taniydi va tan oladi. 1992 yil Misrning Al-Azhar universitetiga tahsil olgani borganimda ro‘y bergan bir voqea sira yodimdan chiqmaydi. Birinchi dars tanishuv bo‘lgandi. O‘shanda ustozim mendan “Siz qayerdansiz?” deb so‘radi. 

– O‘zbekistondan. 

– Pokistondanmi? Xush kelibsiz! 

– Pokiston emas, O‘zbekiston. Imom Buxoriy yurti. 

Shunda bir necha soniya xonaga sukunat cho‘kdi. 

So‘ng ustozim meni hammaga qaytadan tanishtirdi. Bag‘riga bosib, “Imom Buxoriy hazratlariga bo‘lgan hurmatimiz shunchalar cheksizki, uning yurtidan kelganlarini ham e’zozlaymiz”, dedi. Darhol Buxoriy haqida gapirib berishimni so‘radi. 

– Nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo musulmonlari Qur’ondan keyin turuvchi ikkinchi kitob Buxoriyning “Al-jome as-sahih” kitobi deb bilamiz, – dedim. 

– Sizlar hali o‘z ajdodingiz kim ekanini yaxshi anglamagan ekansiz, – dedi ustozim. – Avvalo, “Al-jome as-sahih”ga munosabatni o‘zgartiringlar. Uni birinchi kitobdan keyin turuvchi birinchi kitob, deb aytinglar. Ming yil davomida ushbu o‘quv dargohida Imom Buxoriydek olimni yetkazib berolmadik. Bizning umidimiz O‘zbekistondan. Chunki o‘zbek farzandlari Buxoriy avlodlaridir. Sizlarda uning qoni bor. Umid qilamizki, Buxoriyning izdoshlari O‘zbekistondan yetishib chiqadi. 

Bu umid ushaladigan vaqt keldi. Samarqandda tashkil etilgan ilmiy-tadqiqot markazining nomi bejiz Buxoriy nomi bilan bog‘lanmadi. Buxoriy haqida juda ko‘p gapirilgan. Ammo uning asarlari tahlil qilinmagan, mazmun-mohiyati o‘quvchilarga yetkazilmagan. Biz hali ham ajdodlarimiz nomini ko‘krak kerib sanab yuribmiz. Lekin ularning ilmini hanuz yetarlicha o‘zlashtirmadik. 

Ilmdan boshqa najot yo‘q, bo‘lmaydi ham! 

Buxoriy 600 ming hadisni tadqiq etib, “Ilmdan boshqa najot yo‘q, bo‘lmaydi ham” degan xulosaga kelgan. Uni biz shu vaqtgacha muhaddis, deb bilardik. Lekin Buxoriy katta muarrix, buyuk mufassir ham edi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida shu kabi qimmatli ma’lumotlarni chuqur o‘rganishga katta e’tibor qaratiladi. Jumladan, Qur’oni karim oyatlarini qiroat bilan o‘qish, to‘g‘ri talaffuz etish, arab imlosida yozish – kalligrafiya bo‘yicha mamlakatning yetakchi olimlari darslarini yo‘lga qo‘yishdan tashqari, xorijlik tadqiqotchilar uchun malaka oshirishlar tashkil etiladi. Markaz Imom Buxoriy va boshqa mutafakkir allomalarning ilmiy merosini o‘rganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, mamlakatimiz hamda xorijiy davlatlardagi kutubxonalar, arxiv fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozmalarning elektron nusxalarini to‘plash, ularni xalqimiz hamda jahon jamoatchiligiga yetkazish ishlari amalga oshiriladi. Buyuk muhaddislar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, ulug‘ faqihlar Burhoniddin Marg‘inoniy, Abullays Samarqandiy, kalom ilmining mutafakkirlari Abu Mansur Al-Moturidiy, Abul Muin Nasafiy kabi ajdodlarimiz boy merosini o‘rganish va ilmning shu sohalari bo‘yicha mukammal bilimga ega bo‘lgan yetuk mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. 

Qolaversa, Samarqandning musulmon madaniyati durdonalaridan biri ekanini butun dunyo biladi. Imom Buxoriyning tabarruk maqbarasi ham aynan shu azim manzilda. Buxoriy maqbarasini ziyorat qiluvchilar bevosita ilmiy-markaz faoliyati bilan ham tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yilda Samarqandda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etiladi. Bu 2019 yilning eng muhim voqealaridan biri bo‘lishi kutilmoqda. Chunki konferensiyaga tayyorgarlik ishi allaqachon boshlab yuborilgan va tashrif buyuruvchilar orasida Misrning Al-Azhar universiteti ulamolaridan tortib, Yevropaning yetuk olimlarigacha kelishi kutilmoqda. Ushbu konferensiyaning mantiqiy davomi kalom ilmining buyuk mutafakkiri Abu Mansur Al-Moturidiyga bag‘ishlanadi. 

Markaz dunyoga nima beradi? Biz endi diniy ekstremizm, diniy terrorizm, deb aytishlariga qarshi chiqamiz. Islom dini tinchlik dini ekanligini Buxoriy va Moturidiy qoldirib ketgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosga tayanib isbotlab beramiz. 

Hadis ilmi maktabida tahsil olish muddati nega besh yil? 

Biz Hadis ilmi maktabini tashkil etishda dunyo tajribasini o‘rgandik. Yakunda Al-Azhar universiteti tajribasini qo‘llashga qaror qildik. U yerda hadisga ixtisoslashgan daraja uchun 7 yil tahsil olinar ekan. Hadis ilmi maktabida esa o‘quv muddatini besh yil qilib belgiladik. Chunki bizda to‘rt yillik Islom ta’limoti bo‘yicha o‘rta maxsus bilim yurtlari bor. Ana shunday ta’lim dargohlarida arab tilini puxta o‘zlashtirgan, hadislarni yod olishga salohiyati yuqori 10 nafar iqtidorli bitiruvchi Hadis ilmi maktabiga saralab olinadi. Maktab bitiruvchilari, nasib etsa, yillar o‘tib dunyo taniydigan olim bo‘lib yetishadi. Buning uchun mazkur maktabda barcha shart-sharoitlar yaratildi. Buxoriyning barcha kitoblari nusxalari yurtimizga olib kelindi. Maktabda hadisshunoslik fanlari bilan bir qatorda Qur’oni karim, fiqh, aqida, tafsir, islom tarixi kabi fanlar hamda xorijiy tillardan chuqur bilim beriladi. Kelajakda Hadis ilmi maktabi bitiruvchilari diniy fanlar, xususan, hadis ilmi sohasida ta’lim berib, diniy tashkilotlarda imom-xatib, ilmiy xodim vazifalarida ishlashi, shuningdek, ilmiy-tadqiqot markazlarida ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borishi ko‘zda tutilgan. Maktab faoliyati 2019 yil sentyabr oyidan boshlanadi. 

Xurshid Qodirov yozib oldi.

O‘zA.