Ilmmi yoki taom? Me’yorida ovqatlanmagan o‘quvchida ilm olishga ishtiyoq bo‘lmaydi

Nevaralarim judayam ko‘p, biroq ularning maktabdan uyga qaytgan chog‘laridagi xatti-harakatlari meni ajablantiradi. Barchasining yelkasida xurjunday-xurjunday sumka-yu, poyabzallarini ham yechmasdan o‘zlarini oshxonaga urishadi. Tavba, bu nima qiliq bo‘ldi.

Ha, demak, ular och qolgan. Och qolgan bola odob, tartib-intizomni biladimi, miyasiga ilm kiradimi – u ovqatlanishi kerak, vassalom, istang-istamang, qorni och odamda ilm olishga, kitob o‘qishga zarrachayam intilish, havas bo‘lmaydi. Bu bor gap. Eng yomoni, bu ahvolda bolalarning hazm tizimida o‘nlab kasalliklar kelib chiqadi.

O‘ylanib qolaman-da, yaqin hamfikrim, Bulung‘urdagi 22-maktabning matematika fani o‘qituvchisi Abdulla Mamatqulovga xavotirli taxminlarimni aytaman. Muallim kuladi:

– Menga qarang, do‘xtir, matematiklikka iqtidori bor a’lochi o‘quvchiga bitta og‘ir tenglama yoki tengsizlikni yechishi uchun yarim sotix yerni belkurak bilan ag‘darganchalik ozuqa quvvati kerak. Ana shu ichki quvvat uning tanasida bor bo‘lsagina tenglama yoki tengsizlikni tez, mukammal, to‘g‘ri yecha oladi.

Siz axir avval uning qornini to‘yg‘azib, xotirjam qiling, ana shundan so‘nggina muddaoga o‘tib, ilmga undasangiz bo‘ladi. Ertalab maktabga ketayotgan o‘quvchiga beriladigan bir kosacha non to‘g‘ralgan sut, saryog‘ yoki shirinchoy nima bo‘lardi deysiz?

Bular uning darslarini to‘la o‘tib bo‘lganicha yetadi, deb ham o‘ylaylik ammo maktabda yegan ovqatini qo‘shib hisoblaganingizda ham ushbu yeguliklar tana uchun zarur energiyaning o‘ndan bir ulushi, xolos.

Agar o‘quvchining o‘zi sevgan to‘garakka qatnashishi, jismoniy kuch talab etuvchi sport mashqlari bajarishini hisobga oladigan bo‘lsak, bular u yegan ovqatning arzimasligini va bolaning och qolishi tabiiyligini anglatadi.

Sizning nevaralaringiz xuddi mana shuning uchun ham maktabdan kelganlari zahoti o‘zlarini oshxonaga urishadi.

Qorni och yuradigan o‘quvchilardan buyuk olimlar, daholar kam yetishib chiqqan.

Aqlning me’yoriy ishlashi uchun axir yetarlicha ozuqa kerak. Busiz mag‘zini, qaymog‘ini o‘ziga shimib ololmaydi, quvvati yetmaydi bunga.

Qachonki ta’limda ana shu o‘tkir, kechiktirib bo‘lmas muammo tezkor, batamom hal etilmas ekan, hatto tug‘ma, yuksak iqtidorli o‘quvchilarni ham kashf etib, yuzaga chiqarib bo‘lmaydi.

Och odamga nima kerak – ilmmi yoki yegulik?

Eng avvalo, yegulik, albatta. Yeguliksiz u ustiga kitob ortilgan jonzotdan o‘zga hech narsa emas. Kitobni yeb bo‘lmasa, uni zavqlanib o‘qish uchun esa qorin to‘q bo‘lishi kerak, taom tanga mador axir! Ochiqqan aql ham xuddi shu kabi. U qachon o‘ziga yetarli ichki ozuqasini ololmas ekan, faoliyati cheklanadi, kuchsizlanadi.

Yashirib nima qilamiz, bugungi kun maktab o‘quvchilarining hammasini ham ilmli deb bo‘lmaydi. Biz maktabda o‘qib yurgan kezlarimiz ota-onalarimiz "Och yurmagin, bolam", deya latta papkamizning ichiga majburlab yegulik solib yuborishardi.

Bu g‘amxo‘rliklar bejiz qilinmagan, menimcha.

Pishiqchilik chog‘lari maktabga borishimizda ham, qaytishimizda ham tutxo‘rlik, mevaxo‘rlik qilardik. Bular qani hozir? Shaharda-chi? Nima qilish kerak unda?

Xalq ta’limi, tibbiyot, davlatning ham yosh, barkamol, yetuk avlodni tarbiyalashdagi eng dolzarb muammosi shu bo‘lib turibdi hozir.

Tibbiyot o‘quvchilarning kundalik ovqatlanish tartiblari, tarkiblari, ularning qay xilda bo‘lishi xususidagi o‘quvchilar uchun maxsus ovqatlanish ratsionlarini yaratib berishi, maorifchilar esa uni amalda qo‘llashi lozim.

 

Murodim UMRZOQOV.