Institut hududida noqonuniy yashayotgan oila “uyi”dan chiqmoqchi emas

Mazkur videolavhadagi voqealar 20 may kuni Samarqand shahrining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan Samarqand veterinariya meditsinasi instituti hududida tasvirga olingan. Institut hududida molxona, yemishxona va chorva mollarini boqish va parvarishlash uchun mo‘ljallangan bir necha xonalar bo‘lib, ushbu xonalarda ularga qaraydigan vivariy ishchisi Akram Gaimov oilasi bilan istiqomat qilgan. A.Gaimovning oilasi hech qayerda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan, kommunal va boshqa to‘lovlarni to‘lamasdan, noqonuniy tarzda yashagan.

Bino yaroqsiz ahvolda bo‘lib, yong‘in xavfsizligi qoidalariga ham javob bermaydi. Ayni kunda bu yerda uy egasining o‘g‘li yashaydi. Videotasvirga olinayotgan jarayonda qarindoshlar bir joyga to‘planishgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi 3703-sonli “Samarqand veterinariya meditsinasi institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Samarqand veterinariya meditsinasi institutini tashkil etish bo‘yicha Yo‘l xaritasi”ning 11-bandida institut ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklari)ga mos zamonaviy veterinariya klinikasi (vivariy)ni qurish va ularni moddiy texnik bazasini shakllantirish bo‘yicha loyiha smetasini tayyorlash belgilangan.

Bu yerda Prezident qarori asosida davlat loyihasi bo‘yicha vivariyning “Statsionar hayvonlarni saqlash majmuasi” qurilishi nazarda tutilgan.

Mas’ul mutasaddi tashkilotlar va institut rahbariyati tomonidan xonadon egalari bir necha marta ogohlantirilgan, tushuntirish ishlari olib borilgan. Ammo oila a’zolari ularning qonuniy talablarini bajarishdan muntazam bosh tortib kelgan.

2019 yil 24 oktyabrdagi fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi tomonidan A.Gaimov va uning oila a’zolari institutga tegishli uy-joy binosidan chiqarilishi to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqqan.

Shundan so‘ng javobgar A.Gaimov oila a’zolari tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga kassatsiya tartibidagi shikoyat arizasi kiritgan. 2020 yilning 24 may kuni bo‘lib o‘tgan sud qaroriga ko‘ra, ariza qanoatlantirilmagan va ish yana Samarqand veterinariya meditsinasi instituti foydasiga hal etilgan.

Bu orada institut rahbariyati tomonidan oila a’zolariga vaziyatni tushuntirishga harakat qilingan. Ular yashayotgan joyda zamonaviy vivariy qurilishi lozimligi aytilgan, qolaversa, majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan ham muhlat berilib, ogohlantirilgan.

MIB Samarqand shahar bo‘limi xodimlari tomonidan ijro harakatlarini amalga oshirmoqchi bo‘lishganda, videoda tasvirlangan o‘sha vaziyat kelib chiqqan. “Tez yordam” mutaxassislari hushini yo‘qotgan ayolga tegishli tartibda yordam ko‘rsatgan va bemor kasalxonaga olib ketilgan.

 Bu voqeadan so‘ng ijro harakatlari vaqtincha to‘xtatilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda keyingi paytlarda tarqatilayotgan bu kabi “snos” mojarolari asl vaziyatni yaxshi anglamayotgan jamoatchilikda davlat va hukumatimizga nisbatan ayrim noroziliklarni keltirib chiqarmoqda. Vaziyat chuqurroq tahlil qilinsa, uning sabablari tezda oydinlashadi.

Asl haqiqat shundan iboratki, ushbu oila istiqomat qilayotgan bino institut hududida joylashgan bo‘lib, institutga qarashlidir.

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti axborot xizmati.