“Iqtidorli yoshlar” forumi yangi iqtidor egalarini kashf etyapti
Samarqandda tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limi mutasaddilari, umumta’lim maktablari direktorlari, o‘qituvchilar, o‘quvchilar va ota-onalar ishtirokida videokonferensaloqa orqali «Iqtidorli yoshlar» forumi tashkil etildi.
Forum davomida viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshid Ochilov o‘quvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari o‘tgan yillardagiga nisbatan bir necha barobar oshganligini ta’kidladi. Xorij davlatlarining universitetlariga o‘qishga qabul qilingan Samarqand shahridagi 43-IDUM 11-sinf o‘quvchisi Suhrob Murodov, Urgut tumanidagi 138-maktab 11-sinf o‘quvchisi Parviz Abduhalimov tengdoshlariga erishgan muvaffaqiyatlari haqida so‘zlab berdi.
Shuningdek, Samarqand shahridagi 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabini bitirib, Amerika Qo‘shma Shtatlarining 4 ta nufuzli oliy ta’lim muassasalariga muddatidan oldin o‘qishga qabul qilingan (bugungi kunda Angliyaning Biznes Menejment universiteti talabasi) Muhammadali Vahobov videokonferensaloqa orqali bog‘lanib, o‘quvchilarga talaba bo‘lish uchun tayyorgarlik jarayonlari va ayni kunlardagi talabalik baxti haqida taassurotlarini aytdi.
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.