Iqtisodiyot drayverlari o‘rganilmoqda, natijasi-chi?

Samarqand viloyatida 1097 ta mahallada 714,1 ming xonadon, 920 ming oila 3 million 928 ming aholi istiqomat qiladi.

Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini o‘rganish uchun iqtisodiyot kompleksning 1900 ga yaqin mutaxassisdan iborat ishchi guruhi tashkil etilib, "mahallabay" o‘sish nuqtalari tahlil qilindi. «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolar, tadbirkorlik faoliyati, drayver asosida ishbilarmonlikni rivojlantirish imkoniyatlari va muammolari o‘rganildi.

Viloyatdagi 64 ta sektorning har biridan bittadan mahalla tanlab olinib, ularning ixtisoslashuvi, oilalarda istiqomat qilayotgan fuqarolarning bandligi, daromad manbai, kasbga qiziqishi, oilalarning imkoniyatlari tahlil qilindi.

Masalan, viloyatimizning «qizil» toifadagi hududlari - Qo‘shrabot, Nurobod, Payariq tumanlarida 212 ta mahalla yerlari sug‘orilmaydi va ularda 830 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi, 166 mahallada sanoat zonalari va korxonalar faoliyat yurityapti.  

Jumladan, Payariq tumanidagi 5200 ga yaqin aholisi bor Do‘stlik mahallasining umumiy yer maydoni 19 ming gektar, shundan 13 ming gektari yaylov va qir-adirlardan, 3 ming gektari lalmi va 3 ming gektari suvli yer maydonidan iborat. Mahalladagi 20 foiz aholi ishsiz. Markazdan uzoqda joylashganligi uchun bu yerda infratuzilma va kommunikatsiya tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan, tadbirkorlik rivojlanmagan. Hudud ko‘proq chorvachilik, uzumchilik va bog‘dorchilikka ixtisoslashgan.

Mahalladagi 355 nafar ishsiz fuqaroning bandligini ta’minlash bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazildi va ularning aksariyati tikuvchilik, sartaroshlik, chorvachilik, uzumchilik va boshqa yo‘nalishlarda ishlashga xohish bildirdi. Hududning ijtimoiy-iqtisodiy holati, mavjud muammo va imkoniyatlaridan kelib chiqib mahalla drayveri (o‘sish nuqtalari) belgilab olindi.

Jumladan, mahalla xududidagi 2,3 ming gektar lalmi maydonda tomchilatib sug‘orish usulida uzumzorlar barpo etilmoqda. Ushbu loyiha 2021 yilda to‘liq ishga tushirilib, mahallada yashovchi 174 nafar ishsiz fuqaroga 50 sotixdan bo‘lib berilishi rejalashtirilgan. Tokzorlar hosilga kirguncha 3 yil davomida tok qator oralariga dukkakli, poliz, to‘qsonbosti ekinlari hamda moyli ekinlar ekiladi. Natijada bitta xonadon o‘rtacha 30-40 million so‘mgacha daromadga ega bo‘ladi.

- «Har bir oila – tadbirkor» dasturi asosida 1,2 milliard so‘m bank krediti ajratilib, 10 boshdan qo‘y beriladi. Mayda shoxli mollar bosh soni hozirgi 4 mingdan 8 mingtaga yetkaziladi. Bu esa aholi ishsiz qatlamidan 80 nafarining bandligini ta’minlaydi.

Hozir mahallada 16 nafar tadbirkor faoliyat ko‘rsatyapti. Aholi ehtiyojini hisobga olib yana 18 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi ochish mumkin. Buning uchun bo‘sh turgan sobiq mahalla binosi tadbirkorga berilib, 450 million so‘m bank krediti hisobiga «Yoshlar mehnat guzari» tashkil etiladi. Ushbu loyihani amalga oshirish natijasida 10 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi tashkil etilib, 15 ta qo‘shimcha yangi ish o‘rni yaratiladi.

Shuningdek, 50 sotix maydonda joylashgan 30-umumiy o‘rta ta’lim maktabining eski binosi yer maydoni bilan birgalikda auksion savdolariga chiqariladi.

Baxtiyor Mustafoyev,

viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish

bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.