"Ishbilarmon" kishilardan 55 million so‘mlik ashyolar olib qo‘yildi

Mamlakatimizda ko‘rilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar tadbirkorlik sub’yektlarining emin-erkin faoliyat yuritishi, sog‘lom raqobat muhitini yaratishga xizmat qilmoqda. Bu sa’y-harakatlardan ko‘zlangan asosiy maqsad iqtisodiyotimizni yanada yuksaltirish, bunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushini ko‘paytirishdan iborat.

Biroq yaratilayotgan qulay sharoit va imkoniyatlarga qaramay, davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni, belgilangan soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashni, olinayotgan daromad va foyda ko‘rsatkichlarini yashirishni kasb etganlar hamon uchramoqda.

Samarqand viloyati davlat soliq xizmati organlari tomonidan bunday holatlarning oldini olish, “xufiyona iqtisodiyot”ga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha kompleks ishlar olib borilmoqda. Jumladan, yil boshidan buyon 255 ta xronometraj tadbiri o‘tkazildi. Buning natijasida tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan norasmiy ravishda 143 nafar ishchi yollangani aniqlandi.

Yanvar oyi davomida viloyat bo‘yicha xufiyona iqtisodiyotning oldini olishga qaratilgan 147 ta nazorat tadbiri tashkil etildi. Ularda hujjatsiz oziq-ovqat va nooziq-ovqat, alkogol, tamaki mahsulotlari, zargarlik buyumlari, disk bilan savdo qilish, yashirin sex faoliyatini yo‘lga qo‘yish holatlari aniqlandi.

Xususan, fuqaro I.H. Samarqand shahar Alisher Navoiy ko‘chasi 54-uyda joylashgan savdo do‘konida bolalar o‘yinchoqlari sotish bilan shug‘ullanishni boshlagan-u, faoliyatini qonuniylashtirishni “unutib” qo‘ygan. Tadbir davomida do‘kondagi umumiy qiymati 60 million 612 ming so‘mlik bolalar o‘yinchoqlari daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.

Samarqand shahrining Sartepa maskanida DVD va CD disklar savdosi bilan noqonuniy shug‘ullanib, daromad olishni ko‘zlagan “tadbirkor” J.X. ham savdo faoliyati uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishni go‘yo esidan chiqarib qo‘yibdi. O‘tkazilgan nazorat tadbirida uning bu “qilig‘i” fosh bo‘ldi va do‘kondagi 18 million 732 ming so‘mlik 3122 dona DVD va CD disk daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.

Tayloq tumanida tug‘ilgan fuqaro G.T. “Urgut savdo kompleksi”da 26 million 362 ming 400 so‘mlik, Samarqand shahar Rudakiy ko‘chasida yashovchi M.A. esa 21 million 754 ming 100 so‘mlik turli zargarlik buyumlari savdosi bilan qonunga xilof ravishda shug‘ullanayotgani aniqlanib, ularning faoliyatiga chek qo‘yildi.

Samarqand shahar U.Jo‘raqulov ko‘chasi 166-uyda fuqarolar – F.F., Z.Yu., I.X. davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan zamonaviy eshik-rom ishlab chiqarish sexlari tashkil etgani va noqonuniy faoliyat ko‘rsatib kelgan. Nazorat tadbirlari davomida bu “ishbilarmon” kishilar faoliyatiga ham nuqta qo‘yilib, ulardan 55 million so‘mlik mahsulot daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.

Xizmat ko‘rsatish tarmog‘ida ham belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tib faoliyat ko‘rsatishdan ko‘ra, yashirincha ishlashni xush ko‘radigan soxta tadbirkorlar uchramoqda. Jumladan, Samarqand shahrida ikki nafar ana shunday fuqaro “hech kim bilmaydi-ku”, qabilida ish tutib, bilyard o‘yinxonalari tashkil etgani aniqlandi. Ulardan umumiy qiymati 241 million so‘mlik buyumlari daliliy ashyo sifatida olindi.

Aniqlangan holatlar yuzasidan noqonuniy faoliyat olib borgan shaxslarga nisbatan tegishli choralar qo‘llanildi. Shu bilan birga, aholi o‘rtasida davlat ro‘yxatidan o‘tib, qonunda belgilangan tartibda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish tartiblari yuzasidan tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Ushbu tadbirlar natijasida joriy yilning yanvar oyida viloyatda 758 nafar yakka tartibdagi tadbirkor ish boshladi. 1283 nafar tadbirkor faoliyatini qayta tikladi. Ishbilarmonlar tomonidan 159 nafar yordamchi xodim ro‘yxatdan o‘tkazilib, ularga ish haqi konvert usulida emas, rasmiy tarzda to‘lanadigan bo‘ldi.

Dilshod Nurmuhamedov,

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi

boshlig‘ining o‘rinbosari.​​