Ishlab chiqaruvchi va tadbirkor manfaati kooperatsiya ko‘rgazmasida birlashdi

Jomboy tumanida joylashgan “Uz Auto TRAILER” mas’uliyati cheklangan jamiyati ko‘rgazma zalida “Hududlar va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish”ga bag‘ishlnagan ko‘rgazma bo‘lib o‘tmoqda.

22-23 sentyabr kunlari o‘tkaziladigan mazkur ko‘rgazmada Vazirlar Mahkamasi, “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati va Savdo-sanoat palatasi mas’ullari, viloyat hokimlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha maslahatchilari, viloyatimizdagi avtomobil korxonalari rahbarlari, viloyatlardagi butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar ishtirok etishmoqda.

Mazkur ko‘rgazma yurtimizdagi kichik biznes va tadbirkorlik sub’yektlari hamda avtomobilsozlik korxonalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi aloqalarini o‘rnatish va kengaytirish maqsadida tashkil etilmoqda.

- Prezidentimiz 2020 yilning 21 avgust kuni Toshkent shahrining Bektemir tumanida bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmada yurtimizga import qilinayotgan mahsulotlarni mahalliylashtirishni kengaytirish va tadbirkorlar bilan koooperatsiya aloqalarini rivojlantirish borasida topshiriqlar bergandi, - deydi viloyat hokimining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Nozir Ibragimov. – Ushbu topshiriq asosida joriy yilning 28 avgust kuni viloyatimizda ham shunday ko‘rgazma tashkil etildi. O‘tgan vaqtda viloyatimizning barcha tuman va shaharlaridan 300 dan ortiq tadbirkor kelib 37 yo‘nalishda memorandum imzoladi. Bu galgi ko‘rgazmaning birinchi kunida respublikamizning 10 dan ortiq viloyatlaridan 150 dan ziyod ishlab chiqaruvchilari kelib, mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan mahsulotlar bilan tanishmoqda. Viloyatimizdagi 3 ta korxona misolida oladigan bo‘lsak, o‘tgan 8 oyda korxonalarimiz tomonidan 93,5 million dollarlik ehtiyot qismlar import qilingan. Bu oddiy butlovchi buyumlar uchun ham valyutaning chetga chiqarilayotganini ko‘rsatmoqda. Mazkur ko‘rgazmada mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan mahsulotlar 3 xil rangga ajratilib, ehtiyoj, import so‘mmasi, talab miqdorlari belgilangan. Ya’ni, ko‘k rangdagilar mahalliylashtirilgan, sariq ranglilari bo‘yicha jarayon davom etmoqda va qizil rangdagi butlovchi qismlar xorijdan import qilinayotgan mahsulotlar hisoblanadi. Bu mahsulotlarni yuqori texnologiyali butlovchi qismlar bo‘lmaganligi uchun kichik tadbirkorlik sub’yektlari ham ishlab chiqarishi mumkin.

- Biz yengil va yuk avtomobillari uchun 100 dan ortiq yoritish chiroqlari, yon ko‘zgular ishlab chiqaramiz, - deydi Namangan viloyatidagi “KADEER PARTS INDUSTRY” xorijiy korxonasi direktori Mehruzbek Jo‘rayev. – Mahsulotimizning bir qismini ichki bozorga hamda MDH davlatlari, Koreya, Xitoy va Yevropa mamlakatlariga eksport qilamiz. 28 avgustda tashkil etilgan ko‘rgazmada Samarqand viloyatidagi 3 ta korxonaga 3 ming juft yoritish chiroqlari yetkazib berish borasida memorandum imzolagandik. Bugungi ko‘rgazmada mahalliylashtirish murakkab bo‘lmagan mahsulotlarni aniqlab, korxonamizda ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganyapmiz.

Ko‘rgazmada ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash va V2V formatida uchrashuvlar o‘tkazish ham rejalashtirilgan.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV,

Alisher ISROILOV olgan suratlar.