Ishtixon tumanida Davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi

2019 yilda Nurobod, Paxtachi, Qo‘shrabot va Samarqand tumanlarida bir paytning o‘zida 20 dan ziyod mijozlarga tez va sifatli xizmat ko‘rsata oladigan, zamonaviy, har tomonlama qulay Davlat xizmatlari markazlari binolari foydalanishga topshirilgandi. Bugun Ishtixon tumanida xuddi shunday markazning yangi binosini ochish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Markaz binosi davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan bo‘lib, eng zamonaviy axborot texnologiya vositalari bilan jihozlangan.

- Markazimiz shu paytga qadar 3 xonali tor, ko‘rimsiz eski binoda faoliyat ko‘rsatib kelardi, - deydi  markaz rahbari Jamshid Umarov. -  Endi bizga murojaat qiluvchilarga keng va yorug‘, shinam xonalarda qulay sharoitlarda xizmat ko‘rsatiladigan bo‘ldi.

Zal bo‘ylab o‘rnatilgan belgilar davlat xizmati ko‘rsatilishi uchun qadamma-qadam yo‘naltiradi. Fuqarolar elektron navbat olishi uchun infokiosk ishlab turibdi. Talonni olgach, kutish zalidagi shinam o‘rindiqlarga joylashishi mumkin. Monitorlar orqali esa murojaatchi navbati kelgani haqida xabardor qilinib, qaysi qabul oynasiga o‘tish kerakligi ko‘rsatiladi.

Fuqarolarga yanada qulaylik yaratish maqsadida bu yerda bolalar o‘yin burchagi, davlat bojini to‘lash uchun maxsus kassa, bepul WiFi xizmati tashkil etilgan.

Yangi inshootda adliya va FHDYo bo‘limlari, notarius va Bosh vazirning tadbirkorlar qabulxonasi joylashganligi aholiga yana bir qo‘laylik yaratib, ularning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qiladi, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini oladi.

Shu bilan bir qatorda, binoda kafe, tibbiyot xonasi, investorlar xonasi mavjud. Markaz bir vaqtning o‘zida 25 (birinchi qavatda 15, ikkinchi qavatda esa 10)ta qabul oynasida murojaatchilarga xizmat ko‘rsatadi.

Zamon andazalariga mos ravishda jihozlangan binoda 6 ta monitorda 130 dan ortiq davlat xizmati turlari yuzasidan ma’lumotlar berib boriladi.

To‘lqin SIDDIQOV.