Ishtixonda yana bir davlat-xususiy sherikchilik asosidagi bog‘cha ochildi
Xalqobod mahallasida “Dono Soliha” nomli davlat-xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi. Bog‘cha topshirilishida ishtirok etgan tuman hokimi Sh.Negmatov tumandagi bolalarning bog‘chalarga qamrovi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, qurilayotgan yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari, ularda yaratilgan sharoitlar hamda tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlar haqida so‘z yuritdi.
Xususiy tadbirkor Yavqochev Farhod tomonidan tashkil etilgan mazkur MTT hududdagi 150 nafar bolani qamrab oldi.
- Biz, tadbirkorlarga yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, 4 milliard 500 million so‘m mablag‘ evaziga mazkur zamonaviy, barcha sharoitlarga ega bog‘chani qurdik, - dedi F.Yavqochev. – Maqsadimiz farzandlarimizning har tomonlama komil bo‘lib voyaga yetishi uchun ilk ta’limdan ularga qulaylik yaratish. Muassasamizda yozgi sog‘lomlashtirish uchun ayvonchalar, o‘yin maydonlari, cho‘milish havzasi bunyod etilgan. Mashg‘ulotlar xonasi, yotoqxonalar zamonaviy qilib jihozlangan.
Ishtixon tumani hokimligi axborot xizmati.