Ishtixondagi 15 yillik yer mojarosi qachon barham topadi?

Xalqimizda “Hovli olma, qo‘shni ol”, “Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shni yaxshi”, degan naqllar bor. Ahil qo‘shnichilik umrni uzaytiradi. Ammo aksi bo‘lsa, bundan yomoni yo‘q. Ayniqsa, yer talashsang.

Ishtixon tumani O‘zbekiston mahallasida yashovchi Muazzam Saidova ko‘p yillardan beri shu muammo girdobida yuribdi. Unga yechim izlab, bormagan joyi qolmadi. Ammo natija yo‘q. Nihoyat shu yilning 28 fevralida davlat rahbari va viloyat hokimiga murojaat qilishga majbur bo‘ldi.

Bir masalada 360 marta murojaat

M.Saidova 2004 yilda tumanning Bo‘ronxo‘ja qishlog‘idagi 470-konturdan 10 ta yer uchastkasi bo‘yicha o‘tkazilgan kimoshdi savdosida qatnashib, g‘olib bo‘lgan va bu haqda davlat orderlarini olgan. Ammo dastlabki ajratilgan yo‘l 12 metr kenglikda ularning tomorqa maydoniga ko‘chirilgach, auksionda berilgan 6 sotixli yer uchastkalari kamayib ketgan. Bundan tashqari, shu konturda joylashgan ularga tegishli yer maydoni tuman hokimligi tomonidan fuqarolarga uy-joy qurish uchun bo‘lib berilgan. Bu masalada 15 yildan buyon qilingan 360 dan ortiq murojaatlarning aksariyati yuqori organlar tomonidan kelib o‘rganish o‘rniga aynan shikoyat qilingan tashkilotlarga yuborilavergan, muammo esa yechimsiz qolavergan.

Shikoyat xatini o‘rganish uchun 7 mart kuni viloyat teleradiokompaniyasi xodimlari bilan birgalikda Ishtixon tumaniga yo‘l oldik. Ko‘rsatilgan manzilga yetib borganimizda Muazzam Saidovaning sog‘lig‘i yomonlashgani bois tez tibbiy yordam xodimlari muolaja o‘tkazayotgan ekan: M.Saidova insultga chalinib, 20 fevraldan 4 martgacha kasalxonada davolangan, keyingi muolajalar esa uy sharoitida ko‘rsatilmoqda. Shu kuni qon bosimining tushib ketishi oqibatida shifokorlar chaqirilgan. M.Saidova kasalxonada bo‘lganligi bois uning nomidan qaynisi Isomiddin Saidov murojaat yo‘llagan.

- Tuman hokimining 2003 yil 27 martdagi 253-Q-sonli qarori bilan Ravot mahallasi Bo‘ronxo‘ja-1 qishlog‘idagi 448-konturdan 12 ta va 470-konturdan 10 ta 6 sotixli 22 ta yer uchastkasini fuqarolarga uy-joy qurish uchun kimoshdi savdosi orqali sotish e’lon qilindi, - deydi Isomiddin Saidov. - 2004 yil 20 yanvarda o‘tkazilgan savdolarda Sayfiddin Saidov, Mohira Bahodirova, Dilsora Bozorova, Gulruh Saidova va men 470-konturdagi 2, 4, 6, 8, 10-sonli yer maydonlari bo‘yicha 92 ming so‘mdan 105 ming so‘mgacha pul to‘lab, auksionda g‘olib bo‘ldik. Bizga tuman hokimligi tomonidan davlat orderlari berildi. Kimoshdi savdosida 448-konturdagi uchastkalar bo‘yicha g‘olib bo‘lgan fuqarolar belgilangan summani to‘lay olmadi, shunday bo‘lsa-da, yerni egallab oldi. Qo‘shimchasiga biz yutib olgan yerlarning ham katta qismini o‘zlashtirishdi. Bunga barham berilishini so‘rab sudga murojaat qildik va bizning foydamizga qaror chiqarildi. Ammo 2010 yilga kelibgina sud qarori qisman ijro etilib, yerga noqonuniy uy qurganlar o‘z hisobidan uyini buzib, yer uchastkalaridan chiqarildi. Shundan so‘ng ular kimoshdi savdosiga qo‘yilgan yer uchastkalari yonida joylashgan, otam Toji Saidovga tegishli qurilishi tugallanmagan bino atrofidagi yer maydonlarini egallab olib, rasmiylashtirib berishni talab qilishdi. Tuman hokimligi esa otamga qarashli bino atrofida joylashgan yerlarni besh nafar fuqaroga uy-joy qurish uchun berib yubordi.

Aniqlanishicha, I.Saidov aytgan qurilishi tugallanmagan bino - “Ishonch” hissadorlik jamiyatiga qarashli sobiq gilam sexini T.Saidov 1997 yil 24 sentyabrda kimoshdi savdosi orqali 113 ming so‘mga sotib olgan. Unga ko‘chmas mulk birjasi viloyat filiali tomonidan 73-sonli guvohnoma berilgan.

2000 yil 5 fevralda Ishtixon tuman inshootlar va yer kadastri xizmati bo‘limidan berilgan 0008725-raqamli guvohnomada Toji Saidovga qarashli ma’muriy bino 0,72 gektar ekanligi belgilangan. 2000 yil 19 mayda esa T.Saidov o‘g‘li I.Saidovga ushbu binoni hadya qiladi. Qurilishi tugallanmagan ma’muriy bino yer uchastkalari kimoshdi savdosiga qo‘yilgan 470-kontur bilan tutashib ketgan.

Uy-joylar muammosini o‘rganish uchun mahalla faollari, tumandagi masalaga daxldor tashkilot rahbarlari va shu yerda yashovchi aholi bir joyga jam bo‘ldi.

- Biz yashayotgan yer uchastkasiga da’vo qilib I.Saidov sudga murojaat qildi, - deydi Muborak Xudoyorova. – To‘rt yillik sudlashuvlardan so‘ng biz uy qurgan yer uchastkasi D.Bozorovaga tegishli, deb topilgach, uyimizni buzib, tuman hokimi Sh.Negmatov ajratib bergan yer maydonida kichikrok uy qurdik. Bizga berilgan yer uchastkasi uchun hokim qarori bor, kadastr hujjatlari tayyorlangan. Ammo I.Saidov auksionda yutib olgan yer uchastkalarini kimlargadir sotib yuborib, bizning yerlarimizga da’vo qilib, tinch yashashga imkon bermayapti.

Mahalla raisi nizolashuvchilar bilan faqat suhbatlashsa basmi?

Mahalla raisi Baxtiyor Botirovga bu masalani mahallada bahamjihat, o‘zaro kelishgan holda hal etish va qonuniy chorani hokimlikdan so‘rash mumkin edi-ku, deya yuzlandik. U qo‘shnilarni murosaga keltirish uchun bir necha marta suhbatlashgani, ammo nizoni bartaraf etishning imkoni bo‘lmaganini bildirdi. Mahalla raisining vakolati faqat suhbat o‘tkazish emasku. Bo‘ronxo‘jada 15 yildan buyon bu mojaro davom etmoqda. Agar xalq saylagan rais o‘z hududidagi ahillik uchun ham bu muammoga jiddiy yondashganida, masala yechimi yuzasidan tegishli tashkilotlar, mahalliy hokimlikka murojaat etganida, qo‘shnilar murosaga kelgan bo‘larmidi?

Yangisini qurmasdan eskisini buzmang

Keling, endi muammo bilan yaqinroq tanishaylik.

Tuman hokimining 2016 yil 21 maydagi qarori bilan 470-konturdagi kimoshdi savdosida g‘olib bo‘lgan fuqarolar uchun ajratilgan yo‘l 470 va 469-konturlar o‘rtasiga ko‘chirilgan. Uyning bir tomonidagi yo‘lni boshqa tomoniga o‘tkazish bilan hokimning 687-Q-sonli qarori asosida yer uchastkalari ajratilgan fuqarolarning ham yo‘l masalasi hal etilgan. Ammo xaritada binoyidek joylashtirilgan uylarning amalda har bir qatorida yo‘l mavjud. Kimoshdi savdosida g‘olib bo‘lgan I.Saidov esa 0,06 gektar bo‘lgan yer uchastkalari belgilangan yo‘l ko‘chirilgani bois uch sotixgacha kamayib ketganidan norozi.

- Kimoshdi savdosi orqali olingan uchastkalar uchun birinchi chizmada o‘rtadan yo‘l qo‘yilgan edi, - deydi tuman bosh arxitektori Ilhom Azimov. – Keyinchalik narigi tomonda ham yo‘l borligi uchun ko‘pchilikning roziligi va aholiga qulayligi hisobga olinib, boshqa tomonga ko‘chirildi. Bunda hech kimning yeriga ziyon yetkazilmaydi. Yo‘l uchun qancha yer maydoni olingan bo‘lsa, eski yo‘lning o‘rni ular tasarrufiga o‘tadi va yer maydonlari belgilanganidan kam bo‘lsa, ajratilgan yo‘l qismidan qo‘shib 6 sotix qilib o‘lchab beriladi.

Yo‘l mahalla fuqarolar yig‘inining xati va umumiy yig‘ilish bayoniga ko‘ra tuman hokimining qaroriga asosan ko‘chirilgan bo‘lsa, o‘sha paytning o‘zida kimoshdi savdosida 0,06 gektardan yer uchastkasi yutib olgan fuqarolarning kamayib qolgan yer maydoni eski yo‘l hisobidan va yangi ko‘chirilgan yo‘lning ortiqcha qismidan to‘g‘rilab berilmaydimi? Yoki bunga ham tuman hokimi qaror chiqarishi shartmi?

I.Saidov eski yo‘lni o‘z tasarrufiga o‘tkazishga qo‘shnilari qarshilik qilayotganini, har kim kimoshdi savdosida yutib olgan yer uchastkasida yashashi kerakligini bildirmoqda.

Shu o‘rinda bir faktga e’tibor qaratsak. I.Saidov bizga kimoshdi savdosiga qo‘yilgan yer uchastkalarining juft raqamlardagi beshta maydonni yutib olganligi to‘g‘risidagi orderni ko‘rsatdi. Ammo qurilgan uylarda birorta ham g‘olib bo‘lgan fuqaro yashamayapti. Umuman, toq sonlardagi uchastkalarda yashayotganlar orasidan yer uchastkasini kimoshdi savdosida yutib, order olganlarni topish mushkul kechdi.

- Biz kimoshdi savdosiga qo‘yilgan yer uchun pul to‘ladik, lekin qaysi konturdagi yerligini aniq bilmasdik, - deydi shu yerda 10 yildan buyon yashayotgan Suyar Bobonazarov. – Auksionda qaysi uchastkani yutganimizni ham bilmagandik, keyinroq order berildi.

Tuman hokimining 2008 yil 20 sentyabrdagi 687-Q-sonli qaroriga asosan 0,72 gektar yerning 50 sotixi hokimlik hisobiga qaytarib olingan. Sud qarori bilan noqonuniy egalik qilayotgan fuqarolar uy-joylaridan chiqarilgach, kimoshdi savdosida yer olgan fuqarolarning yer maydoni nizoli holatga kelib qolganligi va nizoni hal etish maqsadida tuman hokimining 2009 yil 24 martdagi 601-Q-sonli qaroriga asosan kimoshdi savdosida yer olgan B.Abralov, O.Ikromov, O‘.To‘ychiyev, M.Suyunov va Z.Abrolovga 0,06 gektardan yer maydoni ajratilgan.

Birinchidan, qarorda hokimlik hisobiga qaytarilgan aynan qaysi konturdan yer uchastkasi ajratilishi ko‘rsatilmagan.

Ikkinchidan, Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 30 dekabrdagi 272-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan yer uchastkalari faqat auksion orqali sotilishi belgilangan.

Uchinchidan, 0,72 gektar yer maydoni qurilishi tugallanmagan binoni Toji Saidov qonuniy asosda sotib olgan bo‘lsa va bino unga tegishli ekanligini tasdiqlovchi kadastr idorasining guvohnomasi bo‘lsa, tuman hokimligi nimaga asosan binoga qarashli yer maydonining bir qismini zaxirasiga oldi?

- Haqiqatan ham I.Saidovga qarashli binoning atrofida yer maydoni bo‘lgan, lekin huquqiy tomondan bu yer unga tegishli emas, ya’ni tuman hokimining qarori bo‘lmagan, - deydi tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i Husniddin Ostonov. – Shuning uchun bu yer maydoni tuman hokimligining zaxiradagi yeri hisoblangan va nizoga barham berish uchun uyi buzilgan oilalar shu yerga ko‘chirilgan. Hozir ham ma’muriy binoning atrofida 22 sotix yer qolyapti. Lekin haliyam bu yerga egalik qilishga I.Saidovning huquqi yo‘q. Chunki yerga bo‘lgan huquq tuman hokimi tomonidan belgilanadi. Kimoshdi savdosi, notarial, hadya, oldi-sotdi shartnomalar orqali faqat mulkka nisbatan bitim tuzilib huquq belgilanadi, xolos. Lekin I.Saidov yer va mulkni yutib olganidan so‘ng tuman hokimligiga bu hujjatlarni taqdim etmagan va hokimning qarorini chiqartirmagan. T.Saidov va uning o‘g‘li I.Saidov o‘rtasidagi hadya shartnomasiga ko‘ra umumiy maydoni 315,7 kvadrat metr, foydalanish maydoni 263,7 kvadrat metr bo‘lgan bino hadya qilingan. Bu shartnomada uning atrofidagi yerga huquq berilmagan.

Shaxmat o‘yinida raqibga kutilmagan kombinatsiyalar qilinadi va uning oddiy piyodasini olsangiz u sizning kattaroq donangizni olish bilan birga boshqa joyingizni “qamal” qiladi. Bu yerda ham shunga o‘xshash holat kuzatilgan. I.Saidov auksion orqali qonuniy yutib olgan yer uchastkalarini sud orqali qaytarib olgach, tuman hokimligi uysiz qolgan fuqarolarni I.Saidovga tegishli bo‘lgan ma’muriy bino atrofidagi maydonga joylashtirgan. Lekin bunday holat uchun qonunlarda nima deyilgan?

O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 22-moddasida “Korxonaga, binoga, inshootga yoki boshqa ko‘chmas mol-mulkka bo‘lgan mulk huquqi, xo‘jalik yuritish huquqi yoki operativ boshqarish huquqi boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda, ushbu ob’yektlar bilan birgalikda mazkur ob’yektlar joylashgan hamda ulardan foydalanish uchun zarur bo‘lgan yer uchastkasiga egalik qilish va undan doimiy foydalanish huquqi ham o‘tadi...

Korxona, bino, inshoot yoki boshqa ko‘chmas mol-mulk joylashgan yer uchastkasiga egalik qilish va undan doimiy foydalanish huquqining boshqa shaxsga o‘tishi mulkdorlarning yoki ular vakolat bergan organlar hamda shaxslarning tegishli shartnomalari, qarorlari asosida tuman, shahar yer-kadastr daftariga yerning yangi egasi yoki yerdan yangi foydalanuvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish va ularga yer uchastkasiga doimiy egalik qilish, undan doimiy foydalanish yoki yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risidagi guvohnomani topshirish yo‘li bilan rasmiylashtiriladi”, deyilgan.

- To‘g‘ri, shu moddaga asosan yer bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tadi, - deydi H.Ostonov. - Faqat avvalgi egasiga huquq belgilangan bo‘lsa, bino oldi-sotdi qilinganda bino bilan birgalikda yer ham yangi egasiga o‘tadi. Lekin bu yer avvalgi egasiga ham huquqiy asosda tegishli bo‘lmay, faqat bino tegishli bo‘lgan. Bu ham bo‘lsa, 2014 yilgacha I.Saidov tomonidan binoga bo‘lgan huquq ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan kelgan, sud jarayonida kamchilik aniqlanib, mutaxassis tomonidan tushuntirib berilgandan so‘ng binoga bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazishga ariza bergan. Ammo bino atrofidagi yer maydoniga bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hozirgacha tuman hokimiga ariza bilan murojaat qilmagan.

Unda tuman kadastr xizmati idorasi tomonidan Toji Saidovga tegishli ma’muriy binoning 0,72 gektar ekanligini tasdiqlovchi 2000 yil 5 fevraldagi yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatiga olinganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nimaga asosan berilgan?

Kadastr xizmati o‘z hujjatini tan olmaydimi?

- Bu guvohnomada oldi-sotdi shartnomasiga asosan, deyilgan, shuning uchun tuman kadastr idorasining o‘sha paytdagi mutaxassislari xatolikka yo‘l qo‘ygan, - deydi H.Ostonov. – 0,72 gektar yerga birjaning oldi-sotdi shartnomasi asos qilib guvohnoma berilgan, bu guvohnoma sud tomonidan inobatga olinmagan. Chunki shartnomada yer uchastkasi kiritilmagan holda faqat binoga nisbatan tuzilgan bitim tasdiqlangan.

Agar maydonning o‘rtasida joylashgan ma’muriy bino atrofidagi yer unga tegishli bo‘lmasa mulk egasi o‘z binosiga qayerdan kiradi? Bu savol ham javobsiz qoldi?

Yana bir hujjatga ko‘ra, 2000 yilda tuman hokimligi va T.Saidov o‘rtasida binodan foydalanish bo‘yicha ijara shartnomasi tuzilgan, lekin biror joyda oshkor etilmagan bu hujjatda foydalanuvchilarning imzosi ham, xabari ham yo‘q.

Xullas, savollar ko‘p, aniq javob yo‘q.  Xo‘sh, bu masalaning yechimi bormi, qo‘shnilar nizosi qachon yakun topadi? 

Tuman hokimligiga aytar so‘zimiz

Aslida bu mahalliy hokimlik va tumandagi tegishli tashkilotlar tomonidan o‘zaro hal etiladigan masala. Lekin shikoyat xatini o‘rganishga borganimizda tuman hokimligidan biror mas’ul kelmadi, hatto ular bilan telefon orqali bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Tuman hokimligi shu hududning egasi. Lekin fuqarolar tuman hokimligi, tashkilotlar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar o‘rtasida yillar davomida sarson. Ko‘tarilayotgan masalaning yechimi esa tuman hokimligiga borib taqalmoqda. Lekin hokimlik bu mavzuga bee’tibor bo‘lmoqda. Agar fuqaro vaqtida ariza berish kerak ekanligini bilmasa yoki unutgan bo‘lsa, unga tumandagi tegishli tashkilotlar, hokimlik mas’ullari bu haqda ogohlantirishi, tartib qoidalarini eslatishi, shunda ham ariza berilmasa keyin yerni zaxiraga olishi kerakmasmidi?

Tuman hokimligi va kadastr xizmati rahbariga “Baraka topkurlar, shu “savobli” tushuntirishni oldinroq qilsangiz bo‘lmasmidi?” degandan ko‘ra, «Uni qachon amalga oshirasiz?», deb savol bermoqchimiz.

O‘ktam XUDOYBERDIYEV,

«Zarafshon»ning maxsus muxbiri.