Ishtixonning mashhur qurutlari
Ishtixon tumanidagi Chinortepa mahallasi mazali qurutlari bilan tilga tushgan. Bu yerga Surxondaryo, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlaridan chakki keltiriladi. Tayyorlangan qurutlar esa vodiy viloyatlariga yetib boradi.
Ushbu mahallada yashovchi tadbirkor, “Otabek Jamshidbek mahsulotlari” oilaviy korxonasi rahbari Habibulla Sulaymonov bu ishning hadisini olgan.
- Bundan yigirma yillar avval, atrof tumanlarga, ba’zida esa boshqa viloyatlarga chakki olib kelish uchun ertalabdan yo‘lga otlanardim, - deydi Habibulla aka ishni yo‘lga qo‘yguncha o‘tgan qiyinchiliklarni eslab. - Bu ishni boshlaganimda o‘zimizning shaxsiy chorvamizdan olingan chakkini, birozdan so‘ng qo‘ni-qo‘shnining chakkisini yig‘ib, qurut qilib, atrof bozorlarga sotardik. Sekin asta shu ish bilan avvaldan shug‘ullanayotgan kishilar bilan maslahatlashib, faoliyatimizni kengaytirishga erishdik.
Qurutchilikni tirikchilikdan tadbirkorlikka aylantirgan Habibulla akaning ishiga baraka kirib, avval oilasi, so‘ng qo‘ni-qo‘shnini shu ishga jalb qildi.
- Farzandlarimni ham tadbirkorlikka o‘rgatdim, - deydi tadbirkor. – Avvaliga atrof tumanlardan chakki keltirib, shu yaqin hududlarda sotuvni yo‘lga qo‘ydik. Ko‘p o‘tmay vodiylik tadbirkorlar bilan ish boshladik. Ular bilan buyurtma asosida ishlayapmiz. Hozirda tayyorlanayotgan mahsulotning asosiy qismini xarid qiladi. Buyurtmalar oshib borishi bilan faqat oilaviy ishlashimiz yetarli bo‘lmay qoldi. So‘ng ishlash istagidagida bo‘lgan qo‘ni-qo‘shni, mahalladoshlarni ishga jalb qildik. Kooperatsiya asosida mahallalardagi o‘ndan ziyod oilaga qorilgan yarimtayyor mahsulot yetkazib beramiz. Ular uy sharoitida qurut tayyorlaydi, mehnatiga yarasha haq oladi. Bir kishi o‘rtacha 60-70 ming so‘m daromad qilish imkoni bor. Bir oilada to‘rt kishi shu ish bilan shug‘ullansa, ham uy-ro‘zg‘or ishini qilib, ham kunlik 200-250 ming so‘m atrofida daromad topadi.
Har bir mahsulotning iste’mol mavsumi bo‘ladi. Qurutning mavsumi ham yaqin. Qizig‘i uning eng katta iste’molchisi bolalar ekan. Maktablarda o‘qish boshlanishi bilan qurut savdosi jonlanib qolishi ham shundan.
- Bizdan olib ketayotgan qurutni asosan vodiy bozorlarida sotishadi, qadoqlab, qo‘shni mamlakatlarga eksport qiluvchilar ham bor, - deydi tadbirkor kelajak rejalari bilan o‘rtoqlashib. - Biz ham mahsulotni qadoqlashni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilyapmiz. Xitoydan qadoqlash texnologiyasini olib kelib, shu ishni yo‘lga qo‘ysak, faoliyatimiz kengayadi, daromadimiz oshadi, qolaversa, qo‘shimcha ish o‘rinlari paydo bo‘ladi.
Sut mahsulotlari inson sog‘ligi uchun eng foydali ne’matlardan. Uni doimiy iste’mol qilib yurgan kishi sog‘lom bo‘ladi. Ammo yaroqlilik muddati, saqlash sharoiti kabi talablar ham bor.
- Albatta, bunday mahsulotlarni o‘z holida uzoq saqlab bo‘lmaydi, - deydi Habibulla aka. - Uni qurut holiga keltirib saqlash birmuncha oson. Buyurtma asosida kelishilgan vaqtga tayyorlagan mahsulotlarimiz ba’zan xaridorlar kechikishi sabab bir-ikki kun saqlab turishga majbur bo‘lamiz. Oqibatta uning sifati buziladi. Shuni hisobga olib maxsus muzlatkich o‘rnatdik. Bir necha tonnagacha mahsulotning sifati buzilmasdan saqlash imkoni yaratiladi.
Kiyim-kechak tikib sotayotgan tadbirkor uning sifatigagina javobgar. Ammo oziq-ovqat bu boshqa masala. Sanitariya talablaridan tashqari, halollik ham muhim, xususan, qurutning tayyorlanish jarayonida. Ushbu korxonada bunga jiddiy e’tibor qaratilgan.
- Bu eng birinchi va muhim masala, - deydi tadbirkor mahsulot tayyorlanish jarayoni va sharoiti bilan tanishtirib, - Shu sababdan bunga o‘zim alohida e’tibor qarataman. Hatto kooperatsiya asosida ishlayotgan oilalarga tarqatganimizda ham ularning ishlash sharoiti, tayyorlash jarayoniga jiddiy talab qo‘yaman. Mahsulotning sanitariya talablariga javob berishi qanchalik muhim bo‘lsa, uning halol tayyorlanishi bundan-da muhim.
Iste’molchiga oziq-ovqat mahsuloti yetkazib berar ekan uning halolligiga javobgar doimo tadbirkor bo‘ladi. Bu faqat so‘zda emas, amalda ham bo‘lishi lozim. Bu o‘rinda bizga chakki olib kelayotgan tadbirkorlarga ham shu talabni qo‘yamiz. Sifatiga va boshqa yuqorida sanab o‘tilgan talablarga javob beradigan tadbirkorlar bilangina ishlaymiz. Qurut tayyorlashda chakkiga qo‘shiladigan mahsulotlar haqida ayrimlar bilib-bilmay turli asossiz gaplarni gapiradi. Qurut tayyorlashda buyurtmachining talabiga qarab rayhon va turli xushbo‘y oshko‘klar qo‘shiladi. To‘g‘ri, nima qilsamda pul topsam bo‘ldi, deydiganlar ham bor. Ammo ular o‘zlariga ziyon qiladi.
Tadbirkorlikda eng muhimi halollik. Bunga e’tiborsiz, arzimas jihat deb o‘ylagan tadbirkorning ishi yurishi, mablag‘i ko‘p bo‘lishi mumkin, ammo barakasi bo‘lmaydi. Shu ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yganimizdan ham daromadimiz oshdi, to‘ylar qildik, farzandlarimni uyli qildik, oilam bilan haj ziyoratiga bordik.
Bugun tadbirkor ko‘p: mahsulot sotgan ham, xizmat ko‘rsatgan ham ishbilarmon bo‘laman, deydi. Yoshlar tez va ko‘p pul topish istagida chet ellik biznes trenerlarni tinglaydi, ulardan o‘rnak oladi. Aslida tadbirkorlikda ota-bobolarimizdan qolgan an’analarni o‘rgansa ko‘proq naf beradi. Sababi, har bir tiyin daromadingizning savol-so‘rog‘i bor. Halollik va ishonch tadbirkorning tegirmoniga muntazam suv quyib turadi.
Sulaymon MARDIYeV.