Isroil va Falastin o‘zaro o‘t ochmaslik haqida kelishdilar
Isroil va Falastinning "XAMAS" tashkiloti o‘zaro o‘t ochmaslik haqida kelishuvga erishdilar. Bu haqda The Times of Israel xabar bermoqda.
Kelishuv 6 oy amalda bo‘ladi.
Kelishuvga ko‘ra, Falastin tomoni Isroilga raketa uchirmaslik, chegaralardagi tartibsizliklarni nazoratga olish va chegaradagi 300 metrli bufer zona rejasini qo‘llab-quvvatlash majburiyatini oladi.
Buning evaziga Isroil tomoni G‘azo sektorida falastinliklar baliq ovlaydigan hududni 15 km.gacha uzaytiradi. Shuningdek, Isroil hududidan Falastinga turli oziq-ovqat va tibbiy dori-darmon va uskunalarni olib o‘tishga ruxsat beradi. Bundan tashqari, rasmiy Tel-Aviv G‘azo sektoriga elektr energiya uzatish, sog‘liqni saqlash va o‘tish punktlarini ochish masalalarida muzokalarga qaytish majburiyatini oldi.
Eslatib o‘tamiz, may oyining boshlarida har ikki mamlakat o‘rtasida tarang vaziyat yuzaga keldi. Unda Falastin hududidan Isroil tomon ko‘plab raketalar otildi. Isroil tomoni esa bunga javoban Falastin hududiga havodan bombalar yog‘dirdi. Nihoyat, kecha har ikki taraf 6 oy davom etadigan tinchlik bitimi imzoladilar.