Istambul – sirlar shahri
Islom markazi, Mavlaviya tariqati va darveshlar poytaxti, fan va madaniyat o‘chog‘i Ko‘niyadan sirlar shahri Istambulga keldik. Istambulda ham tabarruk zotlar qabrini, tarixiy makonlarni ziyorat qildik.
Bugungi suhbatimiz qadim shahar Istambul haqida bo‘ladi.
O‘zbekiston turklarning Ota yurti
* Nega Turkiston bizning diyor, ammo boshqa bir davlat Turkiya deb ataladi?
* Nega turklar O‘zbekistonni Ota yurt deydi?
* Nega turklar o‘zlarini Usmonli turklar deyishadi?
Turkiyaga safar qilar ekanman, menda shu va shunga o‘xshash minglab savollar bor edi. Safar davomida ana shu savollarga javob izladim.
Sobiq sho‘ro zamonida kapitalistik davlatlarga borishni o‘ylashning o‘zi dahshat edi. Bu haqda gapirib ham bo‘lmasdi. Chet elga bordim deb keriladigan mansabdor odamlarning sotsialistik lagerdagi Bolgariya, Ruminiya, Chexoslovakiya, Polsha, GDR kabi davlatlarga borib-kelishi ham katta gap edi. Kapitalistik lagerdagi Turkiyaga borish u yoqda tursin, u haqda yurak yutib gapirish ham xatarli edi…
Istiqlol tufayli qancha yurtdoshlarimiz AQSh va Yaponiyadan tortib, Janubiy Koreyagacha, Angliya, Fransiyadan tortib Osiyo hamda arab davlatlarigacha emin-erkin borib kelmoqdalar. Turkiyaga esa har hafta borib keladiganlar, dam olib kelayotganlarning hisobi yo‘q.
Yurt egalarining Mustaqillikdan keyin Turkiyaga tez-tez safar qilishi, Turkiya davlat va hukumat rahbarlarining yurtimizga qilgan tashriflari ikki mamlakat o‘rtasidagi qadimiy rishtalarni tikladi, ikki turkiy elni yanada jipslashtirdi. Ayniqsa, Erdo‘g‘an va Mirziyoyev janoblarining aka-ukadek samimiy munosabatlari ikki xalqning bir-biriga mehrini ziyoda qildi.
Endi savollarga javob axtarsak
Janub tomon XI asrda siljiy boshlagan O‘rta Osiyoda yashayotgan turklarning bir shoxobchasi Saljuq boshchiligida Forsda joylashib qolib, 1055 yilda Bag‘dodni bosib oldi. Ikkinchi shoxobchasi – g‘uriylar Qobulni egallab, u yerda o‘z hokimiyatini tashkil etdilar. Boshqa bir kichik shoxobcha Fors va Iroq orqali o‘tib, mo‘g‘ullar istilosi davrida Furot daryosining yuqori qismi sohillarida ma’lum vaqtgacha qaror topdilar.
Movarounnahr va Xurosonda yashovchi o‘g‘uz turklarining Qay (qayig‘) urug‘iga mansub qavm Erto‘g‘rul boshchiligida Xlll asrning yigirmanchi yillari - mo‘g‘ullar istilosi davrida Kichik Osiyoga borib, saljuqiylarning Ko‘niya sultonligi hududida mustaqil beklik tashkil qilishgan. Erto‘g‘rul beklik boshqaruvini 1281 yilda o‘g‘li Usmon G‘oziyga topshirgan. Bu beklik 1299 yilda o‘zini mustaqil davlat deb e’lon qilgan. Keyinchalik bu davlat Usmonli turk sultonligi nomi bilan dunyoga tanilib, o‘rta asrlarda jahondagi eng qudratli davlatga aylangan. Usmonli turklar bu davrda bu yog‘i Makkayu Madinadan naryog‘i Avstriyagacha hukmronlik qilgan. Bugungi kunda Eron, Iroq deb atalgan yerlar, Qrim-u Moldaviyalar, Polsha-yu Chexiyalarning hammasi, Azov dengizi, Qora dengiz, Marmar dengizi, Qizil dengiz, hatto Volga sohillarigacha ularning mulki bo‘lgan.
Sulola vakillari o‘zlarini avval bek (bey), so‘ngra Murod I dan boshlab sulton deb ataganlar, keyinchalik (Salimdan boshlab) eng yuqori diniy unvon - xalifa unvonini ham o‘zlariga qo‘shib olganlar.
Usmon G‘oziy (1290-1326 yillar) usmoniylar davlatining asoschisi hisoblanib, uning nomini turklar hozir ham hurmat bilan tilga oladilar.
Nega Istambul?
Bu shahar juda qadimiy bo‘lib, ming yillar davomida Rim va Vizantiya imperiyasining poytaxti hisoblangan. Hukmdor Konstantin sharafiga asrlar davomida Konstantinopol nomi bilan yuritilgan shahar nasroniylik dinining ham markazi hisoblangan. Bu shaharda eng yirik Avliyo Sofiya (Ayo Sofiya) sobori faoliyat yuritgan. Fotih Muhammad 1453 yilda shaharni zabt etgach, nasorolar markazi islom markazi bo‘lishini niyat qilib, unga Islombo‘l degan nom bergan va bu nom asrlar osha Istambulga aylanib ketgan.
Istambulni Qora dengiz va Marmar dengizlari o‘rab turadi. Ulkan shahar o‘rtasida Bosfor bo‘g‘ozi o‘zgacha manzara kasb etadi. Tevarak-atrofi suv bilan qoplangan shahar dunyoning hech bir hududida uchramaydigan betakror iqlimga ega. Ba’zan bir kunda to‘rt faslni ko‘rish mumkin bu ajib maskanda.
Bo‘g‘ozning ikki sohili uzra bunyod etilgan binolar tepaga zinama-zina shaklida bo‘lib ketgan. Istambul dunyoda imoratlari eng zich joylashgan shaharlardan biri.
Me’moriy obidalar va zamonaviy inshootlar, ko‘rkam binolar bilan uyg‘unlashib ketgan. Bosfor bo‘g‘ozi shaharni ikkiga – Osiyo va Yevropa qismiga ajratgan. Yevropa qismi Oltin Shox qo‘ltig‘i sohillarida joylashgan.
1970-72 yillarda Bosfor bo‘g‘ozi ustida qurilgan ko‘prik ikkiga bo‘linib qolgan shaharni bog‘lasa, Istambulning o‘zi Osiyo va Yevropani bog‘lovchi oltin ko‘prik hisoblanadi. Unda 15 milliondan ziyod aholi yashaydi. Bunga qo‘shimcha ravishda har yili ikki million atrofida sayyohlar tashrif buyurishadi. Istambulning Taqsim mavzesi “Sayyohlar shaharchasi” hisoblanadi.
Turkiyada turizm juda rivojlangan. Ushbu sohadan olingan daromad 32,4 milliard dollardan ortiq. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilga borib bu mamlakatga keladigan xorijlik sayyohlar soni 50 million kishiga yetkazilar ekan.
Fusunkor shahar Istambulga ikki qit’a jo bo‘lganiga yarasha unda Osiyo jilolarini ham, Yevropa jozibasini ham yaqqol his etasiz. Masjidlardan yangragan azondan qalbingizga nur yopirilib kirsa, uning ortidan zamonaviy ohanglar quloqlarni qomatga keltiradi…
Farishta va shayton go‘yo qo‘lni qo‘lga bergandek tor ko‘chalarda chimmatga o‘ralgan ayollar bilan yonma-yon yarim yalang‘och ojizalar sigaret tutatgancha beparvo ketaverishidan yoqa ushlaysiz…
Istambul durdonalari
Istambul o‘tmishda Rim, Vizantiya va Usmoniylar kabi uch buyuk saltanat poytaxti bo‘lganidan bu shahardagi Vizantiya osori-atiqalari, Usmoniylarning ajib obidalari kishini hayratga soladi. Mo‘’jizakor tarixiy obidalarni kuzatar ekansiz, Antik davrda yuz ming odamni bag‘riga sig‘dirgan ippodrom maydoni e’tiboringizni tortadi. Maydon o‘rtasiga Misrdan keltirilgan uch yarim ming yillik tosh ustun o‘rnatilgan. Ehromlarga tengdosh obida yonida Usmoniylar me’morchiligi durdonasi Sulton Ahmad (Moviy jome) masjidi qad rostlagan.
Mezanalari ko‘kka bo‘y cho‘zgan ulkan masjid qarshisida savlat to‘kib turgan Ayo Sofiya ziyoratgohi sayyohlarni maftun etadi. Bir yarim ming yil avval cherkov bo‘lgan, keyin masjid bo‘lgan bu muhtasham binoni Mustafo Kamol Poshsho muzeyga aylantirgan edi, butun dunyo g‘ayridinlarining ayyuhannoslariga qaramay, Erdo‘g‘an janoblari uni yana masjidga aylantirdi. Bugun bu yerda besh vaqt namoz o‘qilmoqda.
Muqaddas qadamjolardan biri – Ayyub al-Ansoriy maqbarasidir. Bu al-Ansoriy 678 yili shahar ostonasida shahid bo‘lgan. 1453 yili shahar Fotih Mahmud tomonidan egallangach, sahoba xoki yotgan maskanda maqbara va masjid bino qilingan.
Sulaymoniya masjidi yana bir muhtasham obida. 1550-1557 yillarda Sulton Sulaymon buyrug‘i bilan qurilgan. Masjidning 53 metrli niliy gumbazi bir necha chaqirimdan ko‘rinadi. Xonaqohning 136 ta derazasidan tushayotgan quyosh nurlarida kamalak jilva etadi.
Ana shu yerda “Muhtasham yuz yil” filmi orqali tomoshabinlar sevib qolgan Sulton Sulaymon va Xurram Sultonlarning qabrlarini ham ziyorat qilish mumkin.
"Grand bazar"
Istambulda sayyohlarni o‘ziga eng ko‘p jalb etadigan joy Qapali Charshi ("Grand bazar") bo‘lsa kerak. Bu yerda yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Ammo eng ko‘p narsa tilla. Bu yerda tilla buyumlarni “paqirlab” sotishadi. Turk zargarlarining ishlari juda go‘zal va betakror. Eng muhimi, tilla buyumlarning narxi “kambag‘albop”. Shuningdek, bu yerda kumush taqinchoqlar ham ko‘p sotiladi. Aytgancha, tilla tangalar ko‘rinishida ham, quymalar ko‘rinishida ham sotiladi.
Turkiyada qiziq qoidalar bor. Bu korxonalar juda ko‘pligi va raqobat kattaligi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak, yozgi kiyim-kechaklar kuz va qish oylarida asl narxidan o‘n baravargacha arzonlab boraveradi. Qishlik narsalar esa yozda arzon garovga sotiladi. Qishda 300 dollar turgan paltoni yozda 100 yoki 70 liraga (10 dollarga) olish mumkin. Do‘konlarda 25 foizdan 75 foizgacha “indirim” (arzonlashtiramiz) degan yozuvlarga ko‘zingiz tushadi.
Do‘konlar va katta firmalarning savdo markazlarida undan ham qiziq qoidalar bor: “Ikkita narsa olsangiz, uchinchisi bepul!” Undan ham qizig‘i: “Nima olsangiz 20 lira”. Yana bir qiziq hol: uy-ro‘zg‘or buyumlarini bittadan ortiq olsangiz, albatta, biror buyumni qo‘shib berishadi. Masalan, bitta qozon olsangiz, albatta, bitta dazmol qo‘shib berishadi.
Istambul do‘konlarida kirgan biror xaridor e’tiborsiz qoldirilmaydi. “Buyuring” deb sizni qarshi olgan xizmatchilar “Sizga yordam berishdan xursandmiz”, deyishadi va narsa tanlashingizda qarashib yuborishadi.
Sizga manzur bo‘lgan biror kiyim salgina kichik yo katta kelsa yoki biror bezagi siz istagan joyda turmagan bo‘lsa, sizga bir finjon qahva yoki turk choyini taklif qilishadi. Ichib bo‘lguningizcha, haligi kiyimning siz istagan o‘lchamdagisi yoki bezaklisini yetkazib kelishadi.
Bayroqni muqaddas bilganlar
Istambulga dengiz orqali borsangiz ham, osmon orqali borsangiz ham ikkita narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bular shahardagi yuzlab muhtasham masjidlarning osmono‘par minoralari va juda ham ulkan bayroqlar. Turklar juda vatanparvar va o‘ta bayroqparast xalq. Har bir xonadonda turli marosimlarga atalgan katta-kichik o‘lchamdagi bir qancha bayroqlar bor. Millat bayrami kunlarida hukumat ko‘chalarni bayroqlarga to‘ldirsa, oddiy turk fuqarolari uylarining chor atrofini, ayvonlari va tomlarini Turkiya bayroqlari bilan yashnatishadi.
Men turk o‘g‘lonlari harbiy xizmatga keltirilishining guvohi bo‘ldim. Askar bolalarning onalari qo‘llarida bayroqlar bilan o‘g‘lini xizmat joyigacha kuzatib qo‘yar ekan. Do‘stlari dovul va nog‘oralar, surnaylar chalib, qurollardan o‘q uzib, buni katta bayram qilishar ekan. Turklar uchun harbiy xizmatga borish shon-sharaf ishi ekan.
Istambulning gavhari
To‘pqapi saroyi – Istambulning duru gavhari!
Qapi – eshik degani. Saroyning eshiklaridan biri oldida sulton kirgan-chiqqanida dengizga qarab otilgan to‘plar turganidan shu eshikni To‘pqapi deyishgan. Zamonlar o‘tib, butun boshli sulton saroyi ham To‘pqapi nomini olgan. To‘pqapi saroyi Sulton Ahmad va Ayo Sofiya masjidlari bilan deyarli yonma-yon joylashgan.
XIX asrga qadar To‘pqapi Usmoniy hukmdorlarining asosiy qarorgohi bo‘lgan. Sulton devonxonasi, kutubxonasi, xobxonasi va haramidan iborat majmua 700 ming metr kvadrat hududni band etgan. Asrlar davomida sayqallangan me’moriy obida baland devor bilan ihotalangan. Mazkur saroyda to‘rt asr davomida yigirma besh nafar sulton umrguzaronlik qilgan.
Tarixiy obidalarni vayron qilishni or bilgan, qolaversa, boshqa din vakillarini ham kamsitmagan turklarning bag‘rikenglik siyosati sharofati bilan Istambulda nasorolarning cherkovlari ham, yahudiylarning kolesolari ham ishlab turibdi. Xususan, To‘pqapida ham bir cherkov saqlab qolingan.
To‘pqapi saroy-muzeyida asrlar davomida to‘plangan moddiy va ma’naviy boyliklar, xususan, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga tegishli ashyolar ham namoyishga qo‘yilgan. Saroyning “muqaddas omonatlar” bo‘limi nomini olgan bu joyda saqlanayotgan buyumlarni Yer yuzidagi hech bir boylik bilan baholashning imkoni yo‘q. Ular orasida bir qator payg‘ambarlarga va sahobalarga tegishli buyumlar, qurol-aslahalar, “Qur’oni karim”ning ilk nusxalari, payg‘ambarimiz (s.a.v)ning turli mamlakatlarga yuborgan maktublari, Ka’bai muazzamaning kalitlari, “Hajarul-asvad”ning oltin qoplamasi, Payg‘ambar alayhissalom va sahobalarning qilichlari singari bir qator mo‘’tabar ashyolar saqlanadi.
Ulardan biri payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga oid deb qaraladigan oyoq izlaridir. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun bir qator davlatlarda payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga tegishli deb ishonilgan “qadami sharif” – oyoq izlari saqlanadi. Qizig‘i, ularning aksariyati tosh yoki g‘isht ustiga tushirilgan.
Ma’lumki, umaviylar va abbosiylardan keyin islom olamidagi yagona hukmdorlik usmoniylarga o‘tgan. Shu bois payg‘ambarlarga oid bo‘lgan ashyolar, qurollar, hujjatlar va boshqa muqaddas omonatlarning katta qismi Makka, Madina, Qohira, Damashq va boshqa shaharlardan Istambulga keltirilgan.
Sulton Mahmud tomonidan 1479 yilda qurilishi boshlangan To‘pqapi saroyi salkam 400 yil mobaynida turk sultonlarining qarorgohi sifatida xizmat qilgan. Shu yillar mobaynida saroyda 25 hukmdor mamlakatni boshqargan. Saroyda yashab, 4-5 mingga yaqin kishi xizmat qilgani ma’lumotlarda qayd etilgan. Sulton oshxonasida bir vaqtning o‘zida mingga yaqin oshpaz ishlagan. Biroq saroyda sultonning taxtga o‘tirishi yoki hayib bayramlari kabi tadbirlar o‘tkaziladigan bo‘lsa, u o‘zida 10 mingga yaqin kishini sig‘dira olgan. Bir yilda saroyga 30 mingta jo‘ja, 23 mingta qo‘y, 14 mingta buzoq olib kelingan. Ayni damda oshxona xitoy, yapon va turk chinnilari hamda Venetsiya shishalari muzeyiga aylantirilgan.
Tahlilchilar To‘pqapi saroyini xuddi Istambul kabi juda ham sirli ekanini ta’kidlashadi.
Siz «Muhtasham yuz yil», «Ko‘sem» singari seriallarda ko‘rgan voqealarning katta qismi ana shu saroyning turli burchaklarida bo‘lib o‘tgan. Masalan, “Oltin qafas” deb atalmish bino haqida eshitganmisiz? Bu yerda asosan taxt vorislari istiqomat qilgan. Merosxo‘r shahzodalar bir-birlari bilan aslo uchrashmagan. Ular 18 yoshga qadar saroyda tarbiyalanib, keyinchalik mamlakatning turli viloyatlariga yuborilgan. Shahzodalarning ko‘pchiligi saroy fitnasining qurboniga aylangan. Ularning o‘limi bilan bog‘liq tafsilotlar saroydan tashqariga chiqmagan, sirliligicha qolgan.
Sirlarning ichidagi sir
To‘pqapi ichma-ich joylashgan uch qismdan iborat bo‘lib, uning har biriga Bobi Humoyun, Bobus-salom va Bobus-saodat deb nomlangan alohida darvozalar orqali kirilgan. Saroyning bosh darvozasi Bobi Humoyun bo‘lib, ushbu darvozadan xorijiy elchilar, fuqarolar kiritilgan. Bobus-salom orqali kiriladigan ikkinchi hovlida davlat ishlari yuritilgan, turli hujjatlar, farmonlar hozirlangan, devon majlislari o‘tkazilgan.
Saroyning uchinchi qanoti bo‘lgan «Haram» majmuaning eng sirli qismi. Aynan shu yerda sultonning onasi – Volida sulton o‘tirib, haramni boshqargan. Vaqti-vaqti bilan sultonning ko‘nglini xushlash uchun joriyalar sultonning nazaridan o‘tkazilgan. Zinapoya ustidan turgan sulton «Oltin yo‘lak»dan o‘tayotgan qizlarning qay birini yoqtirib qolsa, uning ustidan tilla tanga sochgan.
Bugungi kunda To‘pqapi muzeyi kolleksiyasida saqlanayotgan sharq chinni idishlari bo‘yicha Pekin va Drezden saroylaridan so‘ng uchinchi o‘rinda turadi. Bu yerda 10 ming 700 ta buyum saqlanadi. Jahonning eng mashhur muzeylaridan biri hisoblanmish To‘pqapi saroy-muzeyida madaniyat yodgorliklari – qadimiy qo‘lyozmalar, xitoy va yapon chinnilari, qurol-yarog‘lar, sultonlarning kiyim-boshlari saqlanmoqda. Muzey YuNESKOning Butunjahon madaniy meroslar ro‘yxatiga kiritilgan.
Istambulning tarixiy markazidagi To‘pqapi saroyi XVII asrga kelib o‘z ahamiyatini yo‘qota borgan. Bunga 1854 yilda Bosfor sohillarida yevropalik me’morlar ishtirokida 285 ta xona, 46 ta zal va galereya, 6 ta hammomi bo‘lgan «Do‘lmabaxche» nomini olgan saroy qurilishi sabab bo‘lgan. «Do‘lmabaxche» haqida esa alohida suhbatlashamiz.
So‘ngso‘z o‘rnida
Tarixi bir necha ming yillarga sig‘magan Istambul shahrining ta’rifu-tavsifi bitta maqolaga sig‘maydi. Hali shaharning iqlimini belgilab beruvchi azim dengizlari, Istambuldagi go‘zal koshonalar, hashamatli olish-berish markazlari, oromijon bog‘lar, dunyodagi eng yirik okeanariumlardan biri bo‘lgan suv osti tomoshaxonasi, eng muhimi, unda yashayotgan odamlar haqida yozmadik. Yozgan bilan baribirir yozib tugata olmaymiz.
Ming marta eshitgandan ko‘ra, bir marta ko‘rgan afzal, deydilar. Shunday ekan, o‘zingiz Istambulga keling va hammasini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring. Men esa bitta narsani ayta olaman: Siz, albatta, Istambulni sevib qolasiz!
Karimberdi To‘ramurod,
Istambul, zarnews.uz sayti uchun maxsus.