Jahon tabiiy resurslar instituti: 2040 yilga borib 33 ta mamlakat og‘ir suv tanqisligiga duch keladi

Butunjahon Meteorologiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2050 yilga borib dunyo miqyosida 5 milliarddan ortiq kishi suv tanqisligini boshidan kechirishi mumkin.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari hududlarda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini baholadi.

Hozirgi kunda sayyoramizda 2 milliarddan oshiq kishi toza ichimlik suv ta’minotiga ega emas. Shuningdek, 3,6 milliard kishi yil davomida kamida bir oyda bir marotaba suvdan yetarli darajada foydalana olmaslik muammosiga duch kelmoqda.

Jahon tabiiy resurslar instituti (WRI) va Britaniyaning "Economist Intelligence Unit" tashkiloti tadqiqotlariga ko‘ra, 2040 yilga borib suv tanqisligiga eng ko‘p duch kelishi taxmin qilinayotgan 33 ta mamlakat orasida Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan O‘zbekiston ham bor.

Iqtisodiyot tarmoqlarida foydalaniladigan suv resurslarining 21,5 foizini respublika hududidagi, 78,5 foizini qo‘shni mamlakatlar hududidagi suv resurslari tashkil etadi. Ular asosan Amudaryo va Sirdaryo (61 foiz), ichki kichik daryo va soylar (35 foiz), yerosti suv zaxiralari (1 foiz) hamda kollektor va drenaj tizimlaridan (3 foiz) olinadigan suv resurslari hisobiga shakllangan. 

Tadqiqot doirasida 1 gektar yerni sug‘orish uchun sarflanadigan suv miqdori, o‘rtacha 1 kub metr suv hisobiga yetishtiriladigan mahsulot, hududlarda suvni tejovchi texnogiyalar qo‘llaniladigan maydonlarning kengayishi kabi samaradorlikni aks ettiruvchi ko‘rsatkichlar asosida hududlarda suvdan foydalanish samaradorligi indeksi hisoblab chiqildi.

Natijalarga ko‘ra, Andijon va Samarqand viloyatlari suvdan foydalanishda yuqori samaradorlikka erishgan bo‘lsa, Toshkent, Jizzax, Navoiy, Namangan hamda Farg‘ona viloyatlarida nisbatan o‘rtacha ko‘rsatkich qayd etilgan.

So‘nggi yillarda tejamkorlik borasida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida suvni tejaydigan texnologiyalar qo‘llaniladigan maydonlar Navoiy (28 foiz), Andijon (23,6 foiz), Jizzax (21,9 foiz) viloyatlarida kengayib bormoqda. 

Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda YaIMning har 1000 AQSh dollariga teng qiymatdagi ulushi uchun sarflanadigan suv miqdori AQShdagi shu ko‘rsatkichdan 9,1 marotaba, Yaponiyadagidan 8,6 marotaba, Germaniya va Ispaniyadagidan 8,9 marotaba, Rossiya va Xitoydagidan 8,4 marotaba yuqori. YaIMning suv sig‘imkorligi – bu ma’lum birlikdagi yalpi ichki mahsulotni yaratish uchun sarflangan suv resurslari miqdori. Bu esa o‘z navbatida, respublikamizda suv resurslaridan foydalanish samaradorligi ahcha past ekanligi hamda hududlarda yaratilgan mahsulot va tovarlar hajmiga qaraganda ko‘proq suv sarflanishini anglatadi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, suvdan foydalanish samaradorligi bevosita tejamkor texnologiyalarni qo‘llash, suv sarfini kamaytirgan holda ko‘proq va sifatli mahsulot olish chora-tadbirlarini qo‘llash bilan bog‘liq. Shuningdek, hududlarda aholining suvdan foydalanish madaniyatini yanada oshirish, suv tejamkor texnologiyalarni hududning xususiyatidan kelib chiqqan holda to‘g‘ri qo‘llash zarur, deyiladi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ma’lumotida.