Jamiyat hayotida mahalliy Kengashning o‘z o‘rni bor
Xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘ttiz to‘qqizinchi sessiyasi o‘tkazildi.
Sessiya ishini Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi.
Deputatlar sessiya kun va ish tartibini, kotibni tasdiqladilar.
Sudlar faoliyati – deputatlar e’tiborida
Dastlab viloyat sudining 2021 yil birinchi yarim yilligida viloyatda odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyati yuzasidan sud raisi Olim Hayitovning axboroti eshitildi.
Qayd etilishicha, hisobot davrida viloyat, tuman va shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan 2328 nafar shaxsga nisbatan 1840 ta jinoyat ishlari ko‘rib tamomlangan.
1700 nafar sudlanganlarning 414 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 622 nafariga ozodlikni cheklash, 477 nafariga axloq tuzatish ishlari, 165 nafariga jarima jazosi tayinlangan. Barcha instansiya sudlarida ko‘rib tamomlangan jinoyat ishlari bo‘yicha 200 nafar shaxs sud zalidan qamoqdan ozod qilingan bo‘lsa, 127 nafar shaxs sud zalida qamoqqa olindi. 13 ta jinoyat ishi bo‘yicha 30 nafar shaxs oqlandi.
Viloyat, tuman, shahar sudlari tomonidan olti oyda ko‘rilgan ma’muriy ishlari bo‘yicha jami 18 milliard 43 million so‘m jarima jazosi tayinlandi.
2021 yilning birinchi yarmida fuqarolik ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati va tumanlararo, tuman, shahar sudlari birinchi instansiyasida 17291 ta fuqarolik ishlari ko‘rildi. Shundan 13304 ta da’vo qanoatlantirildi, 2213 tasi rad qilindi, 1131 ta ariza qonuniy asoslarga ko‘ra ko‘rmasdan qoldirildi.
Nikohdan ajratish bilan bog‘liq 3414 ta fuqarolik ishining 1759 tasi qanoatlantirilib, 1313 tasi rad etildi.
Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati hamda shahar, tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan 6266 ta iqtisodiy ishlar mazmunan ko‘rilib hal etildi. Da’vosi qanoatlantirilgan ishlar bo‘yicha da’vogar (arizachi)lar foydasiga 291 milliard 761 million so‘m undirish haqida sud hujjatlari qabul qilindi.
Axborot yuzasidan deputatlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga viloyat sudi raisidan javob olib, taklif va tavsiyalarini bildirdilar.
Soliqchilarga deputatlar, jamoatchilik yordami zarur
Viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Inog‘omovning mahalliy byudjet daromadlari bajarilishi holati, qo‘shimcha rezervlarni aniqlash bo‘yicha bajarilgan ishlar, shuningdek soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning byudjetga hisoblangan va amalda to‘langanligi, ular bo‘yicha soliq qarzdorligi to‘g‘risidagi hisobotida ham viloyat iqtisodiyoti bilan bog‘liq muhim raqamlar keltirildi.
Davlat byudjeti daromadlari 2021 yil ikkinchi choragida 676,1 milliard so‘mni tashkil etib, belgilangan 744,2 milliard so‘m prognoz 110,1 foizga oshirib bajarilgan. Mahalliy byudjetlarning daromadlar bo‘yicha belgilangan prognoz ham oshirib (688,7 milliard so‘m) uddalangan.
Qo‘shimcha rezervlarni aniqlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida 17071 ta tadbirkorlik sub’yekti onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimi bilan qamrab olindi. Tamaki va alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va sotuvchi 777 ta korxonada markirovkalash tizimi tatbiq etildi. Soliq to‘lashdan qochish sxemalarini qo‘llayotgan sub’yektlarni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvlari hisobiga 4521 ta sub’yektda 145,2 milliard so‘m soliqlarni to‘lamaslik holatlari aniqlandi.
Misol uchun, "PAYARIQ-KLASTER" mas’uliyati cheklangan jamiyatida 2020 yil hisobot davri uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanishi bo‘yicha o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvi natijasida byudjetga 1 652,6 million so‘m qo‘shimcha soliq hisoblanib undirilgan.
Shuningdek, tovar moddiy boyliklarining inventarizatsiyasi bo‘yicha o‘tkazilgan sayyor soliq tekshiruvlarida soliqdan qochish holatlari bo‘yicha 7742,6 million so‘m moliyaviy jarimalar qo‘llanildi.
Viloyatda noruda foydali qazilmalardan foydalanish bo‘yicha faoliyat belgilangan tartibda o‘rganilib, tahlil etilishi natijasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2021 yil 2 avgust kuni “Noruda foydali qazilmalardan samarali foydalanish va ularni hisobga olish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Mazkur tizimning amaliyotga joriy etilishi hamda soliq nazorati kuchaytirilishi hisobiga byudjetga 12 milliard so‘m qo‘shimcha soliqlar undirilishi kutilmoqda.
Boshqarma boshlig‘i sohada kuzatilayotgan muammolar yuzasidan ham axborot berib, bu borada deputatlar va jamoatchilikning ko‘magi zarurligini ta’kidladi. Xususan, jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatish sohasida bugungi kunda 1097 ta mahalladagi 832 mingdan ortiq soliq to‘lovchilar bilan ishlashga atigi 141 nafar mas’ul xodim shtat birligi mavjudligi qayd etildi. Ish yuklamasining kattaligi sababli xodimlar o‘z vazifasini to‘laqonli bajarolmayapti.
Shuningdek, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida xarid cheki berilmasligi yoki mijozning o‘zi uni talab qilmasligi ham yashirin iqtisodiyot rivojlanishiga, tadbirkorlik sub’yektlari orasida nosog‘lom raqobat muhiti shakllanishiga olib kelayotgani ta’kidlandi.
Shu va boshqa masalalarda deputatlardan ko‘mak so‘radi.
Viloyat byudjetining ahvoli qanday?
Sessiyada viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining mahalliy byudjet daromadlarining qo‘shimcha manbalarini shakllantirish, mahalliy byudjet daromadlarini oshirish bo‘yicha hisoboti ham eshitildi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning birinchi yarim yilligida umumiy daromadlar 1431,1 milliard so‘mga (109 foiz) bajarildi. Viloyat mahalliy byudjetining xarajatlari esa 100,4 foizga ijro etilib, 2679,3 milliard so‘mni tashkil etdi. Jumladan, ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy himoyalash xarajatlari uchun 1 trillion 519,1 milliard so‘m mablag‘ moliyalashtirildi.
Joriy yil 1 iyul holatida viloyatda 129 337 nafar ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam oluvchilar bo‘lib, o‘zini-o‘zi boshqarish organlari orqali 346,7 milliard so‘m mablag‘ to‘lab berildi.
Hisobot davrida viloyat byudjetida 189,8 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘lar shakllantirildi.
Mahallalarda yechimini kutayotgan muammolar anchagina
Viloyat hokimining o‘rinbosari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i A.Umarovning fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida uchrayotgan dolzarb muammo va kamchiliklar hamda ularning yechimi bo‘yicha axborotida ta’kidlanishicha, “Mahalla-sektor - Xalq qabulxonasi-mahalla” prinsipi asosida hamkorlik yetarli emas. Xonadonlar to‘liq qamrab olinmayapti yoki aniqlangan muammolar vaqtida o‘z yechimini topmayapti. Buning natijasida oilaviy ajrimlar soni 2041 tani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 739 taga oshgan. 1048 ta oila ajrim yoqasiga kelib qolgan.
Mahallalar va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish, notinch oilalar bilan ishlashda mutasaddi tashkilotlarning o‘rni sezilmayapti. Natijada, viloyat hududida umumiy jinoyatchilik 57,8 foizga, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar 39,45 foizga oshgan. Sodir etilgan qotillik jinoyatlarining 42,9 foizi oila-turmush munosabati doirasiga to‘g‘ri keladi.
“Temir daftar”, “Ayollar daftari”gi kiritilgan oilalar mahalliy kengashlar sessiyalari qarori bilan “daftar”dan chiqarilgan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda jarayon noto‘g‘ri tashkil etilgani yuzasidan murojaatlar ko‘paymoqda.
Shuningdek, joylardagi Nuroniylar maskanlaridan foydalanish masalasida ham muammolar yuzaga kelayotgani, “namunali” deb topilgan mahallalar moddiy rag‘batlantirilmayotgani qayd etilib, bu kabi muammolarni hal etish yuzasidan takliflar bildirildi.
Sessiyada yil dasturinining joriy yil iyul oyidagi ijrosi haqidagi, “Faxriy murabbiy” ordeniga nomzodlarni tanlab olish, ularning faoliyatini o‘rganish va baholash bo‘yicha viloyati tanlov komissiyasi tomonidan taqdim etilgan nomzodlarni ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7-Camarqand okrug saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlarni tavsiya etishga oid, shuningdek, viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi va boshqa masalalar ko‘rib chiqilib, Kengashning tegishli qarorlari qabul qilindi.