Jamoat transporti: Ahvol qachon o‘nglanadi?

Bugungi kunda viloyatimizda 3,5 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. Shu bois, viloyatimizda aholiga jamoat transporti xizmati ko‘rsatishni yaxshilash dolzarb vazifa hisoblanadi. Ammo mazkur xizmatni talab darajasida deb bo‘lmaydi. Xo‘sh, bugungi kunda sohada uchrayotgan muammolar nimalardan iborat? Ular qanday hal etilmoqda? Transport xizmatida qo‘llanilayotgan xorij tajribalari samara beryaptimi? Noqonuniy taksilar faoliyati qachon legallashadi? Keling, shu kabi savollarga javob izlaylik.

Ayni paytda viloyatimizda 401 ta yuk va yo‘lovchi tashishga ixtisoslashgan tashkilotda 8694 ta litsenziyalashgan avtotransport vositalari mavjud. Ularning 624 tasini avtobus, 93 tasini mikroavtobus tashkil etsa, 1428 ta «Damas», 4205 ta yo‘nalishsiz yengil avtomobil aholiga xizmat qilmoqda.

Viloyatda jami 209 ta avtobus yo‘nalishlarida 847 ta avtobus, 181 ta yo‘nalishli taksi yo‘nalishlarida 148 ta mikroavtobus va 2562 ta «Damas» rusumli avtomashinalar qatnamokda. Karantin vaqtida esa barcha mikroavtobus va «Damas»larning harakati cheklangan. Mavjud 400 ga yaqin yo‘nalishning 110 tasi, ya’ni 38 foizi butunlay o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Transport yo‘nalishlarida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatining pastligi sabab noqonuniy faoliyat yuritayotgan kirakashlar soni ortib bormoqda. Bunday holatga ko‘proq Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida, Jomboy, Past Darg‘om, Oqdaryo tumanlarida duch kelish mumkin.

Noqonuniy kirakashlarga jarimalar

- Sohadagi eng katta muammo noqonuniy kirakashlarning faoliyatini litsenziyalash bo‘lib turibdi, - deydi viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ergash Murodov. - Prezidentimizning “Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish sohasidagi tadbirkorlik faoliyatining alohida turlarini amalga oshirishni tartibga solish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘tgan yili o‘tkazilgan 466 ta reyd tadbirlari natijasida 2009 holatda avtomobilda yo‘lovchi va yuk tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish aniqlandi. 2 mingdan ziyod huquqbuzarga nisbatan sudlar tomonidan qariyb 1 milliard 644 million so‘m jarima qo‘llanildi. Boshqarmamiz inspektorlari tomonidan aniqlangan 683 qoidabuzarlik bo‘yicha dalolatnomalar rasmiylashtirilib, tegishli choralar ko‘rildi.

Samarqand shahrida ham yo‘lovchi tashish tizimini yanada yaxshilash va tubdan takomillashtirish borasida muammolar juda ko‘p. Jumladan, viloyat bo‘yicha noqonuniy tashkil etilgan bekatlarni nazoratga olish, Samarqand shahridagi avtotransport vositalari tirbandligiga barham berish va jamoat transportining harakatini samarali tashkil etish maqsadida ko‘chalarni ta’mirlash, kun sayin jadallik bilan o‘sib borayotgan yo‘nalishsiz taksilar sonini cheklash lozim.

Shuningdek, yangi yo‘nalishlar ochish va ularga yangi avtobuslar sotib olish, zamonaviy yangi boshbekat, avtostansiya hamda oraliq bekatlarni qurish va ta’mirlash, davlat-xususiy sheriklik asosida korxona tashkil etib, zamonaviy avtobuslarni xarid qilish muhim hisoblanadi.

Viloyatda transport sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish davr talabiga aylanib bormoqda. Shu maqsadda bir qator takliflar belgilangan tartibda amaliyotga tatbiq etilsa, bu tizim rivojiga xizmat qilardi. Jumladan, shahar va tumanlardagi yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi avtokorxonalarda taksilarni sariq rangga bo‘yamasdan, faqatgina logotiplarni yopishtirgan holda faoliyat olib borilishiga ruxsat berilishi, bir martalik zamonaviy xizmat ko‘rsatish ruxsatnomasi, ya’ni «patent» to‘lov tizimini joriy etish, har bir haydovchini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish orqali tushgan daromaddan mahalliy byudjetga qo‘shimcha mablag‘ tushirish imkoniyatini yaratish lozim.

Xorijiy tajriba sohaga yengillik olib keladi

AQSh, Singapur, Yaponiya kabi xorijiy davlatlarda yo‘nalishsiz taksilar va ularning haydovchilari oyiga bir marta texnik va tibbiy ko‘rikdan o‘tar ekan. Bu esa ortiqcha vaqt sarflanishi hamda inson omili bilan bog‘liq qator muammolarning oldini oladi.

- Bizning tizimda ham xuddi shu usulni qo‘llash foydadan xoli bo‘lmaydi, - deydi viloyat transport boshqarmasi mutaxassisi Sherzod Xalilov. – Avtokorxonalarimizda yo‘lga chiqishdan oldidan mashinalarning texnik, haydovchilarning esa tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari ancha vaqtni o‘g‘irlaydi. Ayniqsa, ertalab haydovchilar shoshganidan shifokor va injenerlar bilan «kelishish»ga harakat qilishadi. Natijada belgilangan tartib-qoida buziladi. Shuningdek, ayrim avtokorxonalarimizning dispetcherlik xizmatlarida tajribasiz, mijozlar bilan tezda munosabatga kirisholmaydigan operatorlar ishlaydi. Ko‘p hollarda mijozlar ularning xizmatidan norozi bo‘lishadi. Tajribali, shahrimiz ko‘chalarini yaxshi biladigan, eng muhimi bir necha tilda bemalol gaplasha oladigan operatorlarni jalb qilish orqali bu muammoni ham bartaraf etish mumkin.

Shuningdek, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlab, taksometr, haydovchi va yo‘lovchilarga qulaylik yaratadigan mobil dasturlar hamda “Call-center” faoliyati daromadlar shaffofligi hamda soliq tushumi ortishini ta’minlaydi.

Urgutda qachon garaj quriladi?

Viloyat transport boshqarmasi oldida o‘z yechimini kutib turgan boshqa muammolar ham bor. Jumladan, Urgut tumani aholisini jamoat transporti bilan ta’minlash maqsadida tashkil etilgan “Avtotrans Urgut” DUKga xarid qilingan 60 ta “ISUZU” avtobuslari uchun avtogaraj qurilishi masalasi hanuzgacha hal bo‘lgani yo‘q. Korxona qoshida qurilishi rejalashtirilgan suyultirilgan yoqilg‘i quyish shoxobchasini tabiiy gaz tarmog‘iga ulash borasida ham ovoragarchiliklar bor. Shuningdek, ikki yildan buyon Samarqand shahridagi avtoboshbekatlarni shahar tashqarisiga chiqarish bo‘yicha harakat joyidan siljimayapti.

Avtoboshbekatlar-chi?

Bugungi kunda Samarqand shahriga tumanlardan kirib kelayotgan avtotransport vositalarini tartibga solish, shahar bilan shahar atrofi yo‘nalishlarini bog‘lash, tartibsizlik va tirbandliklarning oldini olish maqsadida Ishtixon, Payariq, Qo‘shrabot, Oqdaryo tumanlaridan qatnovchi yo‘lovchi tashuvchi transport vositalari uchun shahardan tashqarida, M-37 avtomobil yo‘lining chap tomonidan avtoshohbekat, Nurobod tumani va Qashqadaryo viloyati yo‘nalishlarida qatnovchi transport vositalari uchun «Samarqand - G‘uzor» avtomobil yo‘li yoqasida avtoshohbekat barpo etilishi kerak.

Shuningdek, Kaptarxona mahallasida joylashgan «Siyob» avtoshohbekatini «Samarqand – Ayniy» avtomobil yo‘li yoqasidagi Chumchuqli qishlog‘iga, «Xazora» avtoboshbekatini esa Charxin shaharchasi yaqiniga, «Shohi Zinda» avtoboshbekatini Cho‘ponota tepaligiga ko‘chirish rejalashtirilgan. Ayni vaqtda Cho‘ponotadan joy tanlanib, tadbirkorlar bilan shartnomalar tuzilmoqda.

Tender tanlovlari qanday o‘tyapti?

O‘tgan yili viloyat transport boshqarmasi tenderlarni o‘tkazish sho‘’basi tomonidan 19 ta yangi yo‘nalish, jumladan 13 ta avtobus, 2 ta mikroavtobus va 4 ta «Damas» avtomashinalari uchun yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari ochilgan. Joriy yilda esa 13 ta yangi yo‘nalish ochilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgacha 11 ta avtobus yo‘nalishlari tashkil etildi.

Joriy yil shahar, shahar atrofi va shaharlararo viloyat ichki yo‘nalishlarida yo‘lovchilar tashishni tashkil etish komissiyasi tomonidan 5 marotaba tender o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda 1 marotaba tender o‘tkazilib, 7 ta avtobus va «Damas» avtomashinalari yo‘nalishlarga joylashtirildi.

Bundan tashqari, viloyatda shahar atrofi va viloyat ichki yo‘nalishlari bo‘yicha 62 ta yo‘nalish o‘rganib chiqilib, yo‘nalish hujjatlari tayyorlandi.

Muammo bor, uning yechimini ham topsa bo‘ladi

Hozirgi paytda Samarqand shahrida yo‘lovchilarga qulay va sifatli avtotransport xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida barcha avtobuslarga GPS qurilmalari o‘rnatilmoqda. Bu orqali yo‘lovchi tashish onlayn rejimda monitoring qilinadi. Bu yaxshi. Ammo, avtobuslarda tajribali haydovchilar yetishmaydi, ayrimlarida o‘rindiqlar to‘liq emas, borlari ham chizilgan va yirtilgan. Ba’zi yo‘nalishlarda harakatlanayotgan avtobuslarning old, orqa, yon tomonida yo‘nalish ko‘rsatilgan ko‘rsatkichlari yo‘q. Belgilangan jadval asosida harakatlanmaydi. Ayrim haydovchilar yo‘lovchilarga qaytimni to‘liq qaytarmaydi, «Tezcard» to‘lov tizimi va validatorlar ishlamaydi. Qancha aytmaylik, qancha yozmaylik, haydovchilarning kiyinishi, muomala madaniyati talab darajasida emas. Kim o‘zarga poyga uyushtirish, ayrim bekatlarda uzoq vaqt to‘xtab yo‘lovchi yig‘ish holatlari hamon davom etyapti.

Yo‘nalishsiz taksilar haqida ham achchiq gaplarni aytishga to‘g‘ri keladi. Ular umuman avtogarajda saqlanmaydi, mashinalar texnik va haydovchilar tibbiy ko‘rikdan nomigagina o‘tkaziladi. Avtoulovlarning tozaligi, texnik sozligi, jihozlanishi, sanitar-gigiyenik holati talabga javob bermaydi. Taksometr ko‘rsatkichi bo‘yicha ishlamaydi va mijozga chipta berilmaydi.

Xullas, bugungi viloyatimiz jamoat transporti faoliyatini jahon talablari darajasiga ko‘tarish uchun ko‘p mehnat qilishga to‘g‘ri keladi. Avvalo, transport sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish uchun iqtidorli va tajribali yosh mutaxassis-kadrlar zarur. Haydovchilarning muomala madaniyati, yo‘lovchilarning esa jamoat transportida yurish madaniyatini yuksaltirish lozim.

Dilmurod TO‘XTAYeV,

"Zarafshon" muxbiri.