Jamoat transporti vositalari karantin qoidalariga amal qilyapti(mi)?

Yurtimizda karantin cheklovlari yumshatildi. Jamoat transport vositalari, yo‘nalishli taksilar karantin qoidalariga rioya qilgan holda faoliyatini boshlashi belgilandi. Ammo bugungi vaziyatda avtobus haydovchilari va yo‘lovchilar karantin qoidalariga rioya qilyaptimi?

Manzilimga borish uchun avtobusga chiqdim. Dastlabki bekat bo‘lganligi uchun avtobusda odam kam edi. 2-3 bekatdan so‘ng yo‘lovchilar ko‘payib, oyoq qo‘ygani joy qolmadi hisob. Xuddi oldingi muammo. Konduktor: “Sal chetroq turing, o‘rtaga o‘ting, oraga kiring”, deb yo‘lovchi olar, bekatdagi odamlarni "Keling" deya, tiqilinch joyga joylashtirardi.

Yo‘lovchilar ham kimdir niqobda, kimdir uni iyagiga taqqan, yana qaysidadir niqobning o‘zi yo‘q.

Oxiri o‘rta yoshli kishilar haydovchiga e’tiroz bildirdi:

- Hozirgi vaziyatda ko‘p odam olishingiz yaxshimi, axir yo‘lovchi olishda ham qoida, cheklov bor. Ilgarigi vaqt bo‘lsa mayli edi, ammo bugun holat umuman boshqacha-ku.

Haydovchi esa "Ularni tushirib keta olmaymiz-ku", deya jo‘ngina javob berdi.

Bugun aksariyat odamlar jamoat transportida harakatlanadi. Agar ular karantin me’yorlariga amal qilmasa, bu kasallanish holatlarining ko‘payishiga sabab bo‘lmaydimi? Nahotki, haydovchilar yo‘lovchilarning, shu bilan birga o‘zining salomatligiga befarq bo‘lsa?

Munisa ShAMSIYeVA.

P/s: Bugun Samarqand viloyati hokimligida videoselektor tarzidagi o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida aholiga transport xizmati ko‘rsatilishini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Unda yuqoridagi kabi holatlar tez-tez uchrayotgani ham ta’kidlandi va bunga barham berish, hatto bunga yo‘l qo‘yayotgan haydovchi yoki boshqa mas’ullarga chora ko‘rish belgilandi.

O‘ylaymizki, Samarqand shahar va shaharlararo yo‘nalishlarda qatnovchi avtobuslardagi bu holatga mutasaddi idoralar xodimlari yechim topadi.