Jinnixonada o‘n kun, Yer sharini 72 kunda: qo‘rqmas jurnalist Nelli Blayning hayot yo‘li

Jurnalistik surishtiruvning o‘ziga xos bu usuliga amerikalik Nelli Blay asos solgan. U yashirincha psixiatriya shifoxonasiga kasal sifatida kirib borib, u yerdan dahshatli tafsilotlarga to‘la reportaj qilishga muvaffaq bo‘lgan.

Элизабет в 26 лет.

Shuningdek, u Yer sharini 72 kun ichida kezib, rekord o‘rnatgan.

Kichkina Elizabet

Elizabet Jeyn Kokreyn 1864 yilning 5 mayida Pensilvaniya shtatining Kokran Mills shahrida tug‘ilgan. 6 yoshligida uning otasi vafot etgan.

1879 yilda u Indiana maktabiga (hozirgi Pensilvaniya shtatidagi Indiana universiteti) o‘qishga kiradi, ammo mablag‘ yetishmasligi sababli bir semestrdan keyin o‘qishni tashlab ketishga majbur bo‘ladi.

"Qizlar nimaga qodir o‘zi..."

1885 yilda “Pittsburgh Dispatch” gazetasida “Qizlar nimaga qodir” deb nomlangan rukn nashr etilib, unda qizlar asosan farzand ko‘rish va ro‘zg‘orni eplash burchini ado qilish uchun kerak, deb yozilgandi. Ushbu maqolaga Elizabet “Yolg‘iz yetim qiz” taxallusi ostida javob xati yozadi.

Qizaloqning maktubidan taassurotda qolgan muharrir Jorj Medden muallifdan o‘zini tanishtirishni so‘rab e’lon joylashtiradi. Kokreyn o‘zini muharrirga tanishtirganda, unga “Yolg‘iz yetim qiz” taxallusi ostida maqola yozishni davom ettirish taklif qilinadi.

Jamiyat asta-sekin gender tengligini qabul qila boshlagan XIX asrda o‘zining “Qizlar siri” nomli birinchi maqolasida Elizabet ayollarning hammasi ham turmushga chiqmasligi va ular uchun ham yaxshi ish joylari tashkil etish zarurligi haqida yozgan. Nelli Blay taxallusi ostidagi “Ma’nosiz nikohlar” nomli ikkinchi maqolasi ajralish ayollarga qanday ta’sir qilishiga qaratilgan edi. Unda u ajralish to‘g‘risidagi qonunlarni isloh qilishni yoqlaydi. Elizabetning ijodidan qoyil qolgan Medden unga doimiy ish taklif qiladi.

Портрет 21-летней Элизабет Кокрейн (Нелли Блай) в Мексике.

Moda va bog‘dorchilik haqida yozsang bo‘ladi-ku...

Elizabet ayollar hayotiga alohida e’tibor qaratadi va zavodda ishlaydigan  xotin-qizlar haqida bir qator tahliliy maqolalarini yozadi. Tez orada fabrika egalaridan gazetaga shikoyatlar kela boshlaydi va u moda, jamiyat va bog‘dorchilikni yoritish uchun “ayollar” bo‘limiga o‘tkaziladi.

“Jinnixonada o‘n kun”

Tahririyatdagi bosim davom etavergach, 1887 yilda Elizabet “Pittsburgh Dispatch”ni tark etib, Nyu-Yorkka ketadi. To‘rt oy o‘tgach, cho‘ntagida hech vaqo qolmagan qiz Jozef Pulitserning “New York World” gazetasi ofisiga yashirincha kirib olib, maxfiy topshiriq olishga muvaffaq bo‘ladi:  endi u o‘zini aqldan ozgandek ko‘rsatib, Blekvell orolidagi (hozirgi Ruzvelt oroli) ayollar jinnixonasida sodir bo‘layotgan zo‘ravonliklar haqidagi xabarlarni tekshirib ko‘rishi lozim edi.

Нью-Йоркская психиатрическая больница на острове Блэкуэллс (около 1893 года).

Kasalxonaga tushish oson bo‘lmaydi: dastlab u “Ayollar uchun vaqtinchalik makon” deb nomlangan pansionatga joylashib oladi va telbalarga mos ko‘rinish berish uchun tunlari uxlamay chiqadi. Keyin u pansionatdagilarni jinnilikda ayblay boshlaydi. U uxlashdan bosh tortardi va oxir-oqibat boshqalarni shunchalik qo‘rqitadiki, politsiyani chaqirishga to‘g‘ri keladi. Politsiya xodimi, sudya va shifokor tomonidan tekshirilgach, qiz Blekvell oroliga olib ketiladi.

Boshpanaga kirib olgan Elizabet u yerdagi ayanchli hayot sharoitlariga amin bo‘ladi. O‘n kundan so‘ng, jurnal talabiga binoan, u ozod qilinadi. 1887 yil 9 oktyabrda nashr etilgan hisobot va keyinchalik “Jinnixonadagi o‘n kun” nomli kitobidagi shov-shuv boshpanadagi islohotlar sababchisi bo‘ladi.

Yer sharini 72 kunda...

1888 yilda dovyurak jurnalist yozuvchi Jyul Vernning “Yer sharini 80 kunda” kitobini birinchi marta jonlantirishga harakat qilib, dunyo bo‘ylab sayohatga chiqishga da’vogarlik qiladi. Bir yil o‘tgach, 1889 yilning 14 noyabr kuni ertalab soat 9:40 da u 40 070 kilometr masofani bosib o‘tish uchun “Augusta Victoria” kemasiga chiqadi.

Рекламная фотография, сделанная газетой New York World для рекламы кругосветного путешествия Блай.

Dunyo bo‘ylab sayohati davomida Elizabet Angliya, Fransiya, Brindizi (Ispaniya), Suvaysh kanali, Kolombo (Seylon), Penang va Singapur, Gonkong va Yaponiyada bo‘ldi.

Parijda bo‘lganida, Blay Jyul Vern bilan uchrashishga qaror qiladi. Yozuvchi bir jasur jurnalist uning asaridagi qahramoni rekordini yangilamoqchi ekanligi haqida eshitgan edi, lekin nozik bu qizni ko‘rib, u yanada hayratda qoladi va sayohat muvaffaqiyatli tugashiga shubha qiladi. Biroq, Nellini to‘xtatib bo‘lmaydi: u har safar gazetaga ekspeditsiyaning borishi to‘g‘risida xabarlar yuborib turib, mamlakatdan mamlakatga sayohatini davom ettirardi.

Elizabet deyarli har doim yolg‘iz sayohat qilib, dunyoni aylanib chiqadi va 72 kundan keyin Nyu-Yorkka qaytib keladi. Sayohat jahon rekordiga aylangandi, biroq bir necha oydan so‘ng Jorj Treyn 67 kun ichida yerni aylanib chiqib, ushbu rekordni yangilaydi.

Birinchi jahon urushi paytida Elizabet Yevropadagi Sharqiy front haqida hikoyalar yozgan. U Serbiya va Avstriya o‘rtasidagi urush zonasiga tashrif buyurgan birinchi ayol va birinchi xorijlik ayol edi. O‘shanda u hatto ingliz josusi sifatida hibsga olinib, keyinchalik ozod etiladi.

Elizabet 1922 yil 27 yanvarda 57 yoshida Nyu-Yorkdagi Avliyo Mark kasalxonasida pnevmoniyadan vafot etadi.

Nelli Blay rassom Amanda Metyusning Nyu-York shahridagi Mayoq Parkida joylashgan “jumboq qiz Nelli Blay” yodgorligida tasvirlangan.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.