Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan: Past Darg‘omdagi "300 million so‘mga ta’mirlangan” ko‘p qavatli uy bo‘yicha munosabat bildirildi
Kecha, 18 noyabr kuni Past Darg‘om tumanidan bir guruh aholi tahririyatga murojaat qilib, o‘zlari yashaydigan ko‘p qavatli uy xarob holda ekani, holbuki shirkat ta’mirlash ishlari uchun 300 million so‘m kredit ishlatib yuborganini ma’lum qilgandi.
Viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi axborot xizmati holat bo‘yicha ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, ayni vaqtda “Pastdarg‘om mukammal qurilish” MChJ direktoriga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
“2020 yil 18 noyabr kuni telegram kanaliga "Past Darg‘om tumani Hovzak mahallasidan murojaat qilyapmiz. Juma shahridagi Beruniy ko‘chasi 20-ko‘p qavatli uyda yashovchilar "uyimiz ahvoli juda og‘ir, shirkat tomonidan bankdan olingan 300 million so‘m kredit bilan uy obod bo‘lishi kerak edi. Ammo ko‘p o‘zgarish bo‘lmadi. Uch yildirki, va’da qilishadi, qog‘ozbozlik bo‘ladi, ammo natija yo‘q. Holatni xolis o‘rganadigan tashkilot bormi?" deb qilingan murojaati o‘rganib chiqildi.
O‘rganish jarayonida, ko‘p qavatli uy-joyni joriy ta’mirlash ob’yekti bo‘yicha buyurtmachi “Begmat Adizarmoni Ilyos” XUJMSh tomonidan joriy ta’mirlash ishlarini bajarish uchun nuqson dalolatnoma tuzilgan. Nuqson dalolatnoma asosida 2018 yilda “Me’morqurilishloyiha” MChJ tomonidan loyiha-smeta hujjatlari tuzilgan bo‘lib, quvvati qo‘shimcha qiymat solig‘isiz 208 563 965 so‘mni tashkil etgan.
“Pastdarg‘om mukammal qurilish” MChJ direktori tomonidan 2018 yilda tuzilgan (sanasi ko‘rsatilmagan) 1-sonli Beruniy ko‘chasida joylashgan 20-sonli ko‘p qavatli turar uy-joyni joriy ta’mirlash” ob’yekti bo‘yicha bajarilgan ishlarni tasdiqlovchi 208 563 965 so‘mlik ma’lumotnoma hisob-faktura to‘lovga taqdim etilgan. Ammo ushbu ishlar nazorat o‘lchovidan o‘tkazilganda, haqiqatda 120 415 478 so‘mlik ishlar bajarilganligi, hisob-faktura ma’lumotnomasiga 88 148 487 so‘mlik bajarilmagan ish hajmlari to‘lov uchun ortiqcha rasmiylashtirilganligi aniqlangan.
Yuqorida aniqlangan kamchiliklarni qonuniy ko‘rib chiqish uchun huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotga yuborilgan.
Bugungi kunda, “Pastdarg‘om mukammal qurilish” MChJ direktoriga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotganligini ma’lum qilamiz”, deyiladi boshqarma ma’lumotida.