Joriy yil 8 ta OTMda jurnalistika yo‘nalishida qabul bo‘ladi. Ularning 2 tasi Samarqandda

Beruniy Alimovning feysbukda ma’lum qilishicha, joriy yildan boshlab O‘zbekistondagi 7 ta OTMda jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha qabul bo‘ladi.

1) O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti;

2) O‘zbekiston milliy universiteti;

3) O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti;

4) Qoraqalpoq davlat universiteti;

5) Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti;

6) Samarqand davlat chet tillar instituti;

7) Vebster (AQSh) universitetining Toshkentdagi filiali.

To‘ldirish: shuningdek, olingan ma’lumotlarga ko‘ra, “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universitetida ham “Travel journalism“ yo‘nalishiga qabul bo‘ladi.

Bu juda yaxshi va to‘g‘ri qaror. Barcha sohada bo‘lgani kabi, ta’limda ham sog‘lom raqobat orqali sifatni oshirish mumkin. Ta’lim ham monopoliyani yoqtirmaydi.

Ammo bizda negadir shunaqa amaliyot paydo bo‘lgandiki, qaysidir yo‘nalishdagi OTMni kuchaytirish uchun boshqa joylardagi fakultetlarni yopishar edi. Bunday amaliyotga mutlaqo qo‘shilmayman. Boshqa jihatlarini qo‘ya turaylik, oddiygina misol, hamma bir joyga intilsa, bu korrupsiya elementlarini ham kuchaytiradi. Abituriyentlarda tanlov imkoniyati qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi.

Quvonarli tomoni, joriy yil monopol yo‘nalishlardan bo‘lgan yuridik yo‘nalishda ham o‘zgarish bo‘lyapti va Samarqand, Namangan va Termizda yuridik fakultetlar ochilyapti. Shunday qilib jami 6 ta OTMda (harbiy oliygohlardan tashqari) yurisprudensiya yo‘nalishida o‘qitiladigan bo‘ldi.

Umid qilamizki, bu kabi yaxshi an’ana yana davom etadi.