Jo‘sh ota mahallasi xotin-qizlar faoli: Yolg‘on ishlatib bo‘lsa ham oilalarni saqlab qolganman

Mahallalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar faoliga xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini kamaytirish, ajrimlarning oldini olish va ularni qiynab kelayotgan muammolarga yechim topish vazifasi topshirilgan. Xo‘sh, ular shuni eplayaptimi?

Masalan, Qo‘shrabot tumani Jo‘sh ota mahallasidagi xotin-qizlar faoli qanday ishlarni bajaryapti?

– Mahallamizda 4300 nafar aholi yashaydi, shundan 2100 nafarini xotin-qizlar tashkil qiladi, -  deydi Gulnoza Asadova. - Ularning muammolariga yechim topish maqsadida mahalla faollari hamda oqila ayollar, otinoyi va nuroniylar hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, keyingi ikki yilda mahallada tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi xotin-qizlarga 1 milliard 300 million so‘m imtiyozli kredit berildi, 170 nafarining bandligi ta’minlandi, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar va ularning oilalariga turli yordamlar ko‘rsatildi va ajrim yoqasidagi o‘nlab oilalar yarashtirildi.

To‘g‘risi, faoliyatim davomida namunali, muammosi ko‘p yoki ajrim yoqasidagi oilalar bilan ishlashga to‘g‘ri keladi. Bunday vaziyatda xotin-qizlar faolidan ijodkorlik va mahorat ham talab etilar ekan. Aslida odamlarning yomoni yo‘q, faqat ularga hamma narsani to‘g‘ri tushuntirish kerak. Masalan, mahallada qaynona va kelin munosabati juda nozik masala. Yaqinda ana shunday o‘zaro kelishmay qolgan qaynona va kelinni deb bir oila ajrashishgacha bordi. Men qaynona va kelin bilan alohida suhbatlashib, ulardan bir-birining faqat yaxshi xislatlari haqida so‘radim va telefonga yozib oldim. Keyin kim yomonlasa, ularning yaxshi gaplarini o‘ziga qo‘yib berdim. Siz qaynonangiz yoki kelingiz haqida salbiy fikrda, u esa aksi, deya yolg‘on ishlatib bo‘lsa ham bu oilani saqlab qoldim.

Gulnoza Asadovaning ta’kidlashicha, joriy yilgi xatlov natijasida mahallada 92 nafar xotin-qiz ijtimoiy daftarlarga kiritilgan bo‘lib, ularning 41 nafari ishsiz, 7 nafari tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida, 28 nafari boquvchisini yo‘qotgan va 16 nafari nogiron xotin-qizlardir. Ayni paytda 5 nafar tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan xotin-qizga 45 million so‘m imtiyozli kredit ajratilgan bo‘lsa, 15 nafari monomarkazda qandolatchilik yo‘nalishida kasb-hunarga o‘qitilmoqda.