Kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlardan OTMda o‘qish uchun tavsiyanomaga arizalar qabuli 8 iyungacha davom etadi
Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlari doirasida ajratiladigan o‘rinlar uchun tavsiyanoma olish maqsadida talabgorlardan arizalar 30 maydan 8 iyunga qadar https://xotin-qizlar.uz/ platformasi orqali elektron shaklda qabul qilinishi belgilandi.
Respublika oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida oliy ma’lumot olish istagida bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning tanlovda ishtirok etishi uchun tavsiyanoma quyidagi mezonlar asosida beriladi:
- kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar. Bunda kam ta’minlangan oila deganda, oilaning har bir a’zosiga jami daromad aniqlanadigan davrda belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 0,5 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadga ega bo‘lgan oila tushuniladi;
- to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
- turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
- nogironligi bo‘lgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
- ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari;
- ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.
Tavsiyanoma yuqoridagi mezonlarga mos kelgan shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatga ega bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi barcha talabgor xotin-qizlarga beriladi.
Yuqoridagilarga ko‘ra arizalar https://xotin-qizlar.uz/ platformasi orqali elektron shaklda talabgorning o‘zi tomonidan to‘ldiriladi.
Talabgor ariza to‘ldirayotganda pasport seriyasi va tug‘ilgan kuni, oy va yili ma’lumotlarini kiritib, ma’lumotlari platformada saqlanishiga bo‘yicha rozilik berganidan so‘ng, keyingi sahifaga o‘tiladi. Unda yashash manzili (hududi, tumani, mahallasi, ko‘chasi va uy raqami) to‘liq kiritiladi.
Shundan so‘ng talabgor belgilangan 6 ta mezondan qaysi biriga to‘g‘ri kelsa shu tanlaydi va saqlash tugmasini bossa unga sms kod keladi. Ariza sms orqali yuboriladigan kod bilan tasdiqlanadi.