Kambag‘allik bir kishi yoki bir davlatning muammosi emas
Biz ko‘pincha shukronalik haqida, ne’matlar qadriga yetish to‘g‘risida gapirganimizda dunyoning falon mamlakatida buncha odam qashshoqlikda umr kechiradi, falon million kishi suvsizlikdan aziyat chekadi, degan ma’lumotlarni keltiramiz, fikrimizni ta’sirchan ifodalashga harakat qilamiz. Yoki bir qator mamlakatlarda odamlar to‘yib ovqat yemasligi, salomatlikka e’tibor qaratmasligi oqibatida turli yuqumli kasalliklar, epidemiyalar kelib chiqayotganidan bong uramiz.
Bu holatlar boshqa sayyorada emas, barchamiz yashab yurgan yerda sodir bo‘lmoqda. Vaholanki, bu xatar faqatgina o‘sha davlat, o‘sha mintaqaning emas, butun insoniyatning muammosi, tashvishi. Uning ta’siri sekin-asta dunyoning boshqa davlat va qit’alarida ham sezilishini ko‘pincha xayolimizga keltirmaymiz. Ammo koronavirus pandemiyasi, yaqin Sharq va Afrika mamlakatlaridagi notinchliklar bu o‘y-xayollarimiz noto‘g‘ri ekanligini barchamizga anglatdi. Zero, bugun yer sayyorasining bir burchagida sodir bo‘lgan voqea-hodisa tez fursatda ikkinchi burchagida aks-sado bermoqda.
Noqonuniy migratsiya, odam savdosi, giyohvandlik kabi illatlarning ildizi ham bugun aynan qashshoqlik va kambag‘allikka borib taqalyapti. Bunda masofa, qit’alar, okeanlar unchalik katta ahamiyat kasb etmayapti. Globallashuv jarayonlari hayotimizda ham shiddatkor o‘zgarishlarni namoyon etdi.
Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida qashshoqlikni tugatish va kambag‘allikka qarshi kurashishni BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bag‘ishlangan global sammitni o‘tkazishni taklif etishi bejiz emas. Shuning uchun ham bu tashabbusni sessiya qatnashchilari, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar qo‘llab-quvvatlamoqda.
Kambag‘allik haqida gap ketganda, mayli uzoqqa bormaylik, dunyoning qaysidir bir mintaqasini tahlil etmay o‘zimizning yon-atrofimizdagi holatlarga bir nazar solaylik.
Nima, bizda kambag‘allar yo‘qmidi, boshpanasiz kishilar, yeyishga non topa olmayotganlar kammidi? Afsuski, juda ko‘p edi ular - faqat buni aytishga cho‘chirdik, statistikalarda qayd etilmasdi bunday holatlar. Joriy yil avvalida Prezident katta minbardan turib kambag‘allikni kamaytirish haqida gapirgach, bu borada amaliy ishlar boshlanganidan so‘ng hammasi ayon bo‘ldi-ku?!
Ba’zida o‘ylab qolaman, agar davlat rahbari kambag‘allik haqida gapirib, bunday toifa kishilar bizda ham borligini tan olmaganida, bu yilgi pandemiya sharoitida ularning holi nima kechardi? Yaxshiyam yil boshida kambag‘al oilalar ro‘yxatlari shakllantirilib, ularga manzilli yordam ko‘rsatish choralari belgilandi. Yo‘qsa, bizda ham bir muammo ortidan boshqalari qatorlashib yuzaga chiqaverardi.
Mana yilning to‘qqiz oyi yakuniga yetmoqda. Bugun respublikamizning istalgan hududiga borib, biror bir qishloq, ovul misolida kambag‘al, ehtiyojmand oilalar hayoti bilan tanishing, ularning turmush-tarzidan voqif bo‘ling, fikrlarini tinglang, albatta o‘zgarishni ko‘rasiz. Davlat ko‘magi bilan ular ishlashga, tadbirkorlik qilishga, hech bo‘lmaganda, o‘z aravasini o‘zi tortishga harakat qilmoqda va buning uddasidan chiqayotganlar ham juda ko‘p. To‘g‘ri, hali hammasi risoladagidek bo‘lmasa-da, muammo va kamchiliklar uchrasa-da, o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqa. Gap murakkab vaziyatni chindan ham og‘ir holat, deb qo‘l qovushtirib o‘tirishda yoki buni yashirishda emasligini bugun rahbarlar-u oddiy odamlar anglab yetmoqda.
Endi bu masala dunyoning eng katta xalqaro tashkiloti sessiyasining asosiy mavzusi bo‘lib, kun tartibiga qo‘yilsa, qanday natija berishini tasavvur qilavering. Haqiqatan ham global muammoga bugun butun dunyoda e’tibor qaratiladi, hamkorlikda amalga oshiriladigan loyiha va tashabbuslar ilgari suriladi.
Sherali YO‘LDOShEV,
xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi kotibiyati rahbari.