“Kamol et kasbkim, olam uyidin, Sango farz o‘lmag‘ay g‘amnok chiqmoq» yoxud til milliy g‘ururimiz ekani haqida muxtasar so‘z

Har bir xalqning milliy-ma’naviy qadriyatlari, madaniyati, avvalo, uning tilida aks etadi. Til bu – o‘tmish, unda ajdodlarimiz tarixi, ma’naviy merosimiz o‘z ifodasini topgan. Til bu – bugunimiz, unda o‘zbekning bugungi kundagi baxti, mustaqillikka erishgan yurtimizning dunyoning eng rivojlangan  davlatlari qatorida o‘ziga xos o‘rni  namoyondir. Til bu – kelajagimiz, unda yurtimiz kelajagi, farzandlarimiz iqboli porlab turibdi.

Yurtimiz istiqloli dastlab tilimizda aks etdi. Ko‘ksiga mustaqillik shabadasi tekkan yurtimizning har bir go‘shasida o‘zbek tili emin-erkin qo‘llana boshladi. Bugun tilimiz rivoji uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni, yosh avlodning til o‘rganishi, kitobxonlik madaniyatini oshirish uchun amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘rib, beixtiyor yaqin tariximizga ko‘z tashlaymiz. O‘tgan asrda ona tilimizning mamlakatimiz ichki va tashqi munosabatlarida, ta’lim-tarbiyada, ish yuritishda qo‘llanish imkoniyatlari ma’lum darajada cheklab qo‘yilganligi, bu esa tilimiz taraqqiyotiga ham ta’sir ko‘rsatganligi, unga bo‘lgan munosabatning o‘zgarganligi qay darajada salbiy oqibatlarga olib kelganligiga barchamiz guvohmiz. Bularning barchasi o‘tmishga aylanganligidan, tarix qatlarida qolganligidan  ko‘nglimizda shukrona aytamiz. Bugungi kunda yurtimiz «Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari» degan bosh tamoyil asosida  rivojlanishning yangi pog‘onasiga qadam qo‘ydi. Bundan ikki yil oldin   Prezidentimizning «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mav­qeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni e’lon qilinishi va unda  o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun — 21 oktyabr sanasini «O‘zbek tili bayrami kuni» deb e’lon qilish to‘g‘risidagi Qonun qabul qilinganligi ona tilimizga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtirom natijasidir. Ayniqsa, yurtimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida ma’ruza qilishi ko‘ksimizga bir olam quvonch olib kirdi.

Bugungi kunda  mamlakatimizda davlat tili to‘g‘risidagi qonunni to‘liq joriy qilish bo‘yicha jadal ishlar amalga oshirilmoqda. Muassasalarda ish yuritishda qo‘llanilgan hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish, ko‘cha-ko‘ydagi do‘konlaru umumiy ovqatlanish shoxobchalari peshtoqidagi yozuvlarning to‘g‘ri yozilishi va nomlanishida milliy xususiyatlarni saqlashga e’tibor kuchaytirildi. Ta’lim sohasida milliy-ma’naviy qadriyatlarimizni, ona tilimizning sofligini asrash har birimizning sharafli burchimiz ekanligini yoshlarimiz ongiga singdirish   asosiy masala sifatida siyosiy ahamiyat kasb etdi. Shu bois mamlakatimiz ta’lim tizimining turli bosqichlarida o‘zbek tilini o‘rganish va o‘rgatishga, ta’lim–tarbiyaga, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga e’tibor kuchaytirilib, turli tadbirlar o‘tkazilmoqdaki, bu yoshlarimiz tarbiyasida, ularga ajdodlarimiz ma’naviy merosini o‘rgatishimizda qo‘l kelmoqda. Respublikamiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yil xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ta’lim tizimi oldida turgan vazifalar, ta’lim va tarbiyaning ahamiyati haqida so‘z yuritilib, unda mamlakatimiz rahbari maktabni o‘zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmasligiga alohida e’tibor qaratib, bunda maktab va o‘qituvchilarning roli kuchli ekanligini ta’kidlagan edi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda ajdodlar merosini o‘rganish, kitobxonlik madaniyati oshirish bo‘yicha  amalga oshirilayotgan ishlar yuqorida qayd etilgan vazifalarning amaldagi ifodasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.  Tilimiz istiqbolini belgilashda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 martdagi «O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori  muhim siljish bo‘ldi. Bu qarorda  tilimizni kelajakda keng ko‘lamda rivojlantirish, me’yor va qoidalarni ishlab chiqish, ijtimoiy hayotnin barcha sohasi uchun ahamiyatli bo‘lgan lug‘atlarni tuzish  va nashr qilish kabi masalalar belgilab olinganki, ular tilimizning mamlakatimiz ichki va tashqi hayotida qo‘llanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi shubhasiz. Bu borada  ta’lim sohasida talabalarga  ona tilimizning o‘ziga xos xususiyatlari, ma’no nozikliklarini o‘rgatishning asosiy manbasi Alisher Navoiy  asarlari hisoblanadi.  Navoiyning «Xazoyin ul-maoniy»,  “Xamsa”, “Muhokamat ul-lug‘atayn”, «Mahbub ul-qulub» kabi shoh asarlarida  ona tilimizning qudrati,  inson ma’naviyatini oshiruvchi muhim vosita ekanligi  o‘z aksini topgan. Zero, Navoiyning “Kamol et kasbkim, olam uyidin Sango farz o‘lmag‘ay g‘amnok chiqmoq. Jahondin notamom o‘tmak biayni, Erur hammomdin nopok chiqmoq” degan so‘zlarida buyuk hikmat yashiringanki, u ta’lim tizimining  asosiy shiori sifatida yosh avlod tarbiyasida  muhim ahamiyat kasb etadi.

                                             Tolib Jo‘rayev,

Alisher G‘afforov,

SamDU dotsentlari.