Kattaqo‘rg‘on chekkasidagi eski maktab qanday qilib yaxshi natijalarga erishyapti?

Kattaqo‘rg‘on shahri Ingichka shaharchasi aholisining turmush sharoiti ancha og‘ir. Shunday bo‘lsa-da, shahar markazidan 30 kilometr olisda joylashgan bu hududda uzoq yillardan beri yashab, mehnat qilib kelayotgan fidoyi insonlar ko‘p. Ulardan biri Natalya Petrova. U shaharchadagi 12-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori.

Maktab binosi juda eski, ammo...

Mazkur ta’lim muassasasi uch binodan iborat bo‘lib, ulardan biri 1954 yilda qurilgan.

- Bino eski bo‘lgani bilan dars jarayonlari uchun qulay, yetarlicha imkoniyatlar bor, - deydi N.Petrova. - Sport zal ikkinchi qavatda joylashgani biroz noqulaylik tug‘diradi. Ammo hojatxona, yuvinish va kiyinish xonalari talab darajasida ekanligi yaxshi. Sinfxonalar keng va yorug‘. Muassasamizning ikki binosi zamonaviy.

Bugungi kunda 720 o‘rinli maktabda 795 nafar bola ta’lim olyapti. Shu yil qo‘shimcha bino qurilishi rejalashtirilgan. Binoda ustaxonalar, oshxona, 4 ta sinfxona bo‘ladi. O‘quvchilar bir navbatda o‘qiydi. To‘garaklar uchun imkoniyatlar kengayadi.

O‘tgan o‘quv yilida maktabni 14 nafar yigit-qiz tamomlab, ularning 6 nafari oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirgan.

- To‘g‘ri, maktab bitiruvchilarining barchasi ham oliy ma’lumotli bo‘lolmasligi mumkin, - deydi Natalya Nikolayevna. - Ammo har biri maktabdan kasb-hunarni o‘rganib ketishi kerak. Yangi bino bizga shunday imkoniyatni yaratib beradi. Prezident “Har bir bola maktabga kelib, ikki til va bir kasbni o‘rganib chiqishi kerak”,  degan. Biroq biz buni hali eplolmayapmiz.

To‘garaklar kimlar uchun?

Maktabda har bir fandan qo‘shimcha to‘garaklar tashkil qilingan. Masalan, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari darslarni yaxshi o‘zlashtirolmayotgan o‘quvchilar uchun alohida mashg‘ulotlar o‘tadi.

- To‘garaklarda noodatiy usullardan foydalanamiz, - deydi Xursand Karimova. – Jumladan, 1-sinf o‘quvchilariga maxsus qo‘llanmalar asosida, o‘yin tarzida mantiqiy masalalarni, qiziqarli misollarni osonlik bilan yechishni o‘rgatamiz va bu yaxshi natija beryapti.

Ota-onalar minnatdor

Shaharchada yashovchi ota-onalar farzandlarining ushbu maskanda ta’lim olayotganidan xursand.

- O‘zim ham shu maktabda o‘qiganman, - deydi Nafisa Hakimova. – Bugungi kunda farzandlarim ham menga ta’lim bergan ustozlar qo‘lida tarbiyalanyapti. Natalya Nikolayevna rahbarlik qilayotgan ushbu ta’lim muassasasida har bir o‘qituvchi o‘z ustida ishlaydi, ularning ota-onalar va mahalla bilan hamkorligi juda yaxshi.

Ingichkadan chiqqan chempion

Maktabning sport zalida ham yetarlicha sharoitlar yaratilgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak o‘quvchilar orasidan respublika va xalqaro musobaqalar g‘oliblari yetishib chiqyapti.

- Ikki yildan beri sportning o‘zbek jang san’ati turi bilan shug‘ullanib kelaman, - deydi 8-sinf o‘quvchisi Marjona Isaboyeva. – Qisqa vaqt ichida ko‘pgina musobaqalarga qatnashib, bir qancha medallarni qo‘lga kiritdim.  Ikki marta O‘zbekiston chempioni bo‘ldim. O‘tgan yilning dekabr oyida Qozog‘istonda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida ikkinchi o‘rinni egalladim. Maqsadim - jahon chempioni bo‘lish.

O‘qituvchi darsni sifatli o‘tsa, o‘tmasa oylik oladi. Nega?

1991 yildan beri maktabda rahbarlik qilib kelayotgan Natalya Petrova ko‘p yillik tajribasidan kelib chiqqan holda, ta’lim tizimida ko‘zlangan natijaga erishish oson bo‘lmasligini, sifat va samaradorlik uchun nimalar qilish lozimligi bo‘yicha o‘z takliflari borligini aytdi.

- Davlatimiz rahbari aytganidek, repetitor bir yil o‘qitadi, maktab o‘qituvchilari esa 11 yil, - deydi u. – Bugungi kundagi natija hammaga ma’lum. Yaxshi dars o‘tolmaydigan repetitorga o‘quvchi bormaydi. Demak, uning puliyam bo‘lmaydi. Maktab o‘qituvchisi-chi? Keladi, ketadi, soat o‘tadi, chorak o‘tadi, yil o‘tadi. Dars o‘tsa-o‘tmasa uning ishonchli oyligi bor. Ishga mehrimizni o‘zgartirishimiz kerak. Katta maqsad qo‘yish kerak va yil oxirida bunga albatta erishish kerak. O‘qituvchining ishini baholab borish, monitoring qilish lozim. Tez-tez, vaqti-vaqti bilan ularni sinovdan o‘tkazib turish kerak. Yozma ish, test topshirib turishi kerak. Buni albatta, maktab rahbarlari o‘z nazoratiga olishi zarur. Avvallari, o‘qituvchilar “konspekt” yozardi. Hozir yo‘q. Bu yaxshi, ammo u maktabga quruq qo‘l bilan kelishi ham noto‘g‘ri. Rejasiz, ko‘rgazmali qurolsiz kelgan o‘qituvchining darsi ham g‘aribona bo‘ladi. Har bir dars uchun hech bo‘lmasa, tezis, alohida qisqa reja bo‘lishi kerak.

Maktab faqat o‘zbek sinflaridan iborat. Ammo dars va darsdan keyingi mashg‘ulotlarda o‘quvchilar chet tillarni ham puxta o‘rganishga harakat qilyapti.  Natalya Petrova bildirgan takliflarini o‘zi rahbarlik qilayotgan mazkur ta’lim muassasasida qo‘llab ko‘ryapti va bu o‘z samarasini bermoqda.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov (surat).