Kattaqo‘rg‘on shahridagi qadim obidalarning holati achinarli

Kattaqo‘rg‘onning yoshi 2 ming yildan ortiq. Bu yerda o‘nlab tarixiy joylar, masjid-u madrasalar, qal’alar bor. Masalan, shahardagi Saripul qal’asining tariximizda o‘z o‘rni bo‘lgan. 1501 yilda bu yerda Shayboniyxon bilan Mirzo Bobur o‘rtasida janglar bo‘lgan. Buyuk shoh va shoir bu hududda ancha muddat turgan.

 Kattaqo‘rg‘onning tarixiga aloqador yana bir yodgorlik Robinjon shahridir. Ma’lumki, I-V asrlarda Sug‘diyona somoniylar davlati tarkibiga kirgan. Robinjon butun Sharqda o‘zining “rabinjoni” degan nafis gazlamasi bilan mashhur bo‘lgan. Kattaqo‘rg‘on shahri bu o‘lkada 2500 yillar ilgari yaratilgan shaharsozlik madaniyatining (Kushoniya, Robinjon, Korzon va Pay) mahsuli sifatida paydo bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Makedoniyalik Iskandar Samarqandni vayron qilganidan keyin Kattaqo‘rg‘on bir muncha muddat Sug‘dning siyosiy markazi bo‘lib turgan. XVII asrning ikkinchi yarmida Kattaqo‘rg‘on shahriga asos solindi. Shahar asta-sekin kengayib, obodlashib bordi. Shahar atrofi baland mudofaa devori bilan o‘ralgan va uning to‘rt tomonida to‘rt: Bozor-darvoza, Haydarchaman, Samarqand, Buxoro darvozalari bo‘lgan. Bu darvozalar kechalari berkilgan. Shahar gullab-yashnagan. Bu yerga ko‘plab sayyohlar kelgan va kundaliklarida shahar haqida o‘z fikrlarini yozib qoldirgan. XVIII asr oxirlarida Kattaqo‘rg‘on kengaya bordi. O‘sha paytda shahar mahallaga bo‘linib, har qaysi guzar o‘z nomiga ega bo‘lgan: Arabxona, Sarbonguzar, Qalandarxona, Oqmachit, So‘figuzar, Haydarchaman, Begijon, Madrasa, Mavriqo‘rg‘on, Lo‘laxo‘r, G‘arib masjid, Sho‘rguzar, Ko‘chaxo‘r, Mahalla, Hoji Qurbon, Chordarakdarun, Qorirabot, Ko‘rmaguzar, Sarbazor, Kimohgar, Haqiguzar, Arabqishloq, Ko‘hnadam.

Har qaysi guzarning o‘z masjidi va hovuzi bo‘lgan. Bugungi kunda XVII asr oxirlarida qad ko‘targan Qalandarxona, Begijon guzar, Eshon mozor, Sarmozor va Past Chordara masjidlari moziydan xabar berib turgan. Bugun esa bu tarixiy inshootlar o‘ta xarob ahvolda, qulab tushish arafasiga kelib qolgan. Sobiq ittifoq davrida madaniy meros ob’yektlari omborxonalarga aylantirilgan, shuningdek, boshqa maqsadlar uchun bepisandlik bilan foydalanilgan.

Davlatimiz mustaqillikka erishgan yillardan hozirgacha bu “ochiq osmon ostidagi muzeylar” e’tibordan chetda qoldi. Madaniy-me’moriy yodgorliklarning birortasi loaqal restavratsiya qilinmadi, markazdan mablag‘ ajratilmadi. Ba’zilari yo‘qolib ketdi, qolganlari yo‘qolish arafasida.

 Axir Prezidentimiz tomonidan 2018 yil 19 dekabrda qabul qilingan  “Moddiy-madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Qarorda O‘zbekiston xalqining umummilliy boyligi hisoblangan madaniy merosimizni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va undan foydalanish qat’iy belgilangan.

Turkiy adabiyotning zabardast siymolaridan biri, mutasavvif shoir va yirik faqiq So‘fi Olloyor o‘zbek va fors tillarida bir qancha nodir asarlar yaratgan. U Kattaqo‘rg‘on bekligiga qarashli Minglar qishlog‘ida Olloquli (Temiryor) xonadonida tug‘ilgan. So‘fi Olloyor Markaziy Osiyoda yetishib chiqqan mutafakkirlar - Xo‘ja Ahmad Yassaviy, Xo‘ja Ismoil Buxoriy, Hazrat Bahovuddin Naqshband, Alisher Navoiydek xudodot iste’dod egasi bo‘lganligi haqida uzoq yillardan buyon yozilib kelinmoqda.

 Shu bilan birga Kattaqo‘rg‘on o‘zining boy adabiy-badiiy merosi bilan respublikamizda o‘z o‘rni va mavqeiga ega shahar. Aynan So‘fi Olloyor dahosidan nur emgan, kattaqo‘rg‘onlik shoir va faqiqlar -  Muhammad Sharif Shavqiy, Ochildimurod Miriy, Noqis, Dabiriy, Ahmad Ahqar, Mansur Dilafkor, Vidoiy, Vola, Hakima, Abdulhamid Majidiy, Toshpo‘lat Sa’diy, Mamarasul Boboyev, Mutriba, Xolislar o‘zbek mumtoz adabiyotida o‘zlarining nafis g‘azal va she’rlari bilan yorqin iz qoldirgan. Afsuski, bu buyuk ajdodlarimizning muborak qadami tekkan ko‘pgina qadamjolar sobiq tuzum davrida buzib tashlangan. Mavjudlari ham ta’mirtalab holatda.

Albatta, hozirda shahrimizda So‘fi Olloyor madaniy-ma’rifiy markazi tashkil etilayotganligi tahsinga sazovor. Boshqa ajdodlarimizning ayotiga oid ashyolar ham yo‘q emas. Ana shu ashyolar asosida yangi uy-muzeylari tashkil etilsa, yosh avlodni buyuk ajdodlarimiz ibratli hayoti va ijodidan bahramand qilgan bo‘lar edik.

To‘g‘ri, 93 ming aholiga ega Kattaqo‘rg‘on shahri obod bo‘lib bormoqda. Bu yerda sayyohlarni qabul qilish imkoniyati bor. Muhimi, ularga namoyish etiladigan boy qadriyat va ma’naviy-madaniy merosimiz yetarli. Shu bois respublikamiz turistik marshrutlariga Kattaqo‘rg‘on shahrini kiritish zarur. Faqat milliy qadriyatlarimiz, betakror ma’naviyatimiz, moddiy va nomoddiy madaniy merosimizni ta’mirlasak, asl holatiga keltirish uchun harakat qilsak, bu merosga befarq bo‘lmasak bo‘lgani.

Tohir Hamidov.