Kattaqo‘rg‘on tumanidagi bog‘chalar talabga javob beradimi?
Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi tashabbusi bilan Kattaqo‘rg‘on tumanidagi bolalar bog‘chalarining ahvoli deputat, jurnalist va blogerlar ishtirokida tanqidiy tahlil etildi. Unda tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari va tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi xodimlari qatnashdi.
Tumanda bugun 215 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud bo‘lib, ulardan 63 tasi davlat, 3 tasi xususiy, 13 tasi davlat-xususiy sheriklik va 136 tasi oilaviy bog‘chalardir. Bog‘cha yoshidagi 23 583 nafar bolaning 13 613 nafari maktabgacha ta’limga qamrab olingan.
Bugungi kunda 3-7 yoshli bolalar qamrovi ko‘rsatkichi viloyat bo‘yicha 69 foizni tashkil etayotgan bir paytda Kattaqo‘rg‘on tumani 57,7 foiz bilan eng oxirgi o‘rinda turibdi. Shuningdek, kadrlar qo‘nimsizligi ham bog‘chalardagi muammolarning ko‘payishiga sabab bo‘lgan. Ushbu holatlar yuzasidan joriy yilning 17-18 va 29 mart kunlari Kattaqo‘rg‘on tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi va uning tasarrufidagi tashkilotlar faoliyati kompleks o‘rganildi.
- Tumanda uch marta tekshirish o‘tkazdik, ammo haligacha o‘z vazifasini tushunmayotgan, avvalgi safar aniqlangan kamchiliklarni to‘g‘rilashga urinmagan maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktori borligi bizni tashvishga solyapti, - dedi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Zayniddin Jo‘rayev. – Shaharda ham, qishloqda ham bog‘chalarda bir xil taomnoma asosida bolalarga ovqat beriladi. Ammo ba’zi bog‘chalarda kamomad borligi aniqlandi. Har safar rahbarlarga imkon beryapmiz, biroq yaxshi tomonga o‘zgarishni sezmayapmiz. O‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaraydigan xodimlar mas’ul vazifada ishlashga noloyiq.
Bog‘chalarda kunlik taomnomalar tuzilib, davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori tomonidan har kuni tasdiqlanib borilgan. Lekin oyning oxirida taomnomaga o‘zgartirish kiritilib, oziq-ovqat mahsulotlari qo‘shib yozilgan. Masalan, tumandagi 1-DMTTda 2021 yil dekabr oyining besh kunligi tanlov asosida o‘rganilganda 2 774 200 so‘mlik, 2022 yilning yanvar oyida 3 627 440 so‘mlik, 4-DMTTning yanvar oyi uch kuni tahlil qilinganda 965 000 so‘mlik, 31-DMTTda 1 294 475 so‘mlik, 36-DMTTda 713 310 so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari taomnomaga qo‘shib yozilgani aniqlangan.
Shuningdek, 2-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida taomnomadagi oziq-ovqat mahsulotlarining qozonga to‘liq solinishi o‘rganilganda, taomnomada mol go‘shti 14 kilogramm yozilgan, aslida esa 8,7 kilogramm go‘sht qozonga solingan.
Bundan tashqari, bolalar uchun mumkin bo‘lmagan paxta yog‘i va o‘simlik yog‘i asosida tayyorlangan sariyog‘ “Payshanba universal market” MChJ tomonidan yetkazilib, tarbiyalanuvchilarga iste’molga berib kelingan. Boshqa bog‘chalarga ham xuddi shu sariyog‘ muntazam tarqatilgan.
O‘rganishlarda shu narsa ma’lum bo‘ldiki, tumanda bolalar qamrovini va xususiy sektor ulushini oshirish, tashabbuskor tadbirkorlar bilan ishlash mexanizmi yo‘lga qo‘yilmagan. Ta’lim-tarbiya sifati talab darajasida emas, ayrim bog‘chalarda tarbiyachilar o‘z vazifasini tushunmaydi. Bolalarni sog‘lom ovqatlantirish borasida ham bir qator kamchiliklar aniqlandi.
- Tumanimizda bunday salbiy holatlarni eshitib, rosti, uyaldim, - dedi xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Aziza Boymurodova. – Axir bog‘cha bolalari o‘zimizning farzandimizku! Bolalarga yaxshi tarbiya bersak, ertaga bundan avvalo, o‘zimiz manfaatdor bo‘lamiz. Ularning haqiga xiyonat qilish kechirilmas gunoh.
Tanqidiy-tahlil tarzida o‘tgan tadbirda tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi bosh hisobchisi bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Bo‘limning markazlashgan hisobxonasining 2 nafar xodimi, 2 ta sho‘’ba mudiri, 2 nafar mutaxassis, 12 ta davlat MTT direktorlariga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari zamon talablariga javob bermasa, tabiiyki, ota-onalar ham farzandini bog‘chaga bermaydi. Keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkazilgan tadbirdan maqsad boshqa tuman va shaharlardagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlarini ham ogohlikka chaqirishdir. Yaqinda viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasining ishchi guruhi qolgan tumanlarda ham bo‘lim va MTTlar faoliyatini chuqur o‘rganadi, o‘z vazifasiga sovuqqonlik qilganlarga tegishli chora ko‘radi.
Xurshida Ernazarova.