Kecha Turkiyadagi Avliyo Sofiya masjididan 86 yildan keyin ilk bor azon eshitildi

Turkiya Prezidenti Rejep Tayipp Erdo‘g‘an Istanbuldagi Avliyo Sofiya ibodatxonasiga masjid maqomi berilishi to‘g‘risidagi buyruqqa imzo chekdi. Bu haqda RIA Novosti nashri xabar qildi.

Biroz ilgari Turkiya davlat kengashi 1934 yilda imzolangan ibodatxonaga muzey maqomi berilishi to‘g‘risidagi qarorni bekor qilgan edi.

“Qaror qilindi: Ayya-Sofiya boshqaruvi Diyanatga (Turkiyaning din ishlari boshqarmasi) o‘tkazilsin va u namoz uchun ochilsin”, deyilgan Turkiya yetakchisi buyrug‘ida.

10 iyul, juma kuni Avliyo Sofiya masjididan 1934 yildan beri ilk marotaba azon ovozi eshitildi. Musulmonlarni namozga chaqirib yangragan azon ovozi yozib olingan videolavhalar Turkiya blogerlari tomonidan YouTubega joylashtirildi.

Turkiya Prezidenti va hukumati tomonidan qabul qilingan ushbu qaror katta bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Nasroniylar ibodatxonasi maqomida bo‘lib turgan Avliyo Sofiyaga masjid maqomi berilishi yuzasidan bir qator davlat va tashkilotlar o‘z noroziliklarini bildirishdi.