Kechki va sirtqi ta’lim shaklida o‘qish uchun ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar qachon imtihon topshiradi?

– Men sirtqi ta’lim shaklida o‘qish uchun ro‘yxatdan o‘tganman, imtihon qayerda va qachon bo‘lib o‘tadi? Jarayon shaffoflik bilan o‘tishiga ishonsak bo‘ladimi, buning uchun qanday ishlar amalga oshirildi?

M.O‘RAZALIYeV,

Jomboy tumani.

– Oliy ta’lim muassasalariga kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllariga kirish uchun test sinovlari joriy yilning 29 iyulidan 13 avgustiga qadar navbati bilan bo‘lib o‘tadi.  Imtihonlar Samarqand viloyatidagi 5 ta katta sig‘imdagi binolarda bo‘lib o‘tadi. Bu binolar – Samarqand davlat universiteti akademik litseyining sport zali, sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabining 3 ta sport zali hamda Samarqand pedagogika va xizmat ko‘rsatish kollejining sport zallari.

Oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan binolarga kirishda abituriyentlar feykontrol va barmoq izlarini skanerlash qurilmalari orqali nazoratdan o‘tkaziladi. Shu bilan birga test sinovlari o‘tkaziladigan binolarda abituriyentlar tomonidan aloqa vositalaridan foydalanishning oldini olish uchun maxsus qurilmalar o‘rnatiladi.

Shuningdek, binolardagi test jarayonlarini ota-onalar mazkur hudud yaqinida joylashgan SamMI klinikasi va Siyob tibbiyot kolleji hovlisida o‘rnatilgan monitorlar orqali kuzatib boradi. Monitorlarda ayrim nosozliklar kuzatilganda esa ota-onalar vakillari test sinovlari davom etayotgan binoga kirib, jarayonni bevosita kuzatib chiqish imkoniga ega bo‘ladi.

Darvoqe, abituriyent ariza topshirgan yo‘nalishga qarab ijodiy imtihondan ham o‘tkaziladi. Bu haqda oliy ta’lim muassasalari abituriyentlarga xabar berib boradi.

Nosir EShONQULOV,

Davlat test markazining

Samarqand viloyat bo‘limi boshlig‘i.