Kengash qarorlari bajarilishi qat’iy nazorat qilinadi
28 may kuni xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘ttiz ikkinchi sessiyasi o‘tkazildi.
Sessiyani Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi.
Deputatlar sessiya kun va ish tartibini, kotibni tasdiqladilar.
Dastlab, viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i Ya.Mirzarahimovning viloyat eksport salohiyatini oshirish, tovarlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va importni optimallashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisoboti eshitildi.
Qayd etilishicha, viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan joriy yilning to‘rt oyida 554,9 milliard so‘m bojxona to‘lovlari (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 260,6 milliard so‘mga ko‘p) undirilgan. Viloyatda faoliyat yuritayotgan 483 ta tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga chetdan olib kelinadigan tovarlariga qonunchilik talablari asosida 325,6 milliard so‘m miqdorida bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar berilgan.
Bojxona organlarida joriy etilgan “Xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan” tizimi tomonidan “yashil” yo‘lakka 5364 ta, “sariq” yo‘lakka 7430 ta, “qizil” yo‘lakka 3332 ta bojxona yuk deklaratsiyalari taqsimlanib, tadbirkorlik sub’yektlari qariyb 80 foiz holatda o‘ziga tegishli bo‘lgan tovarlarning soddalashitirilgan tartibda bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirgan.
2021 yil 4 oyida “yashirin iqtisodiyot”ga qarshi kurashish yo‘nalishida 231 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, 9 milliard 327 million so‘mlik tovarlar ushlab qolingan. Shuningdek, aniqlangan huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha 21,5 milliard so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblangan.
Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida 11 holatda 14 kilogramm 458 gramm giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanuviga chek qo‘yildi.
Shuningdek, 14 holatda 288,1 million so‘mlik sifati kafolatlanmagan, kontrafakt dori vositalari va buyumlari, biologik faol qo‘shimchalarning ichki bozorga iste’molga kiritilishi oldi olindi.
Tovarlar tashqi savdosi 520,2 million (o‘tgan yil 414,7 million) AQSh dollarini, jumladan, eksport 133,8 million, import esa 386,4 million dollarni tashkil etdi.
Deputatlar tadbirkorlik sub’yektlariga yengillik va imkoniyatlar yaratish yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bojxona boshqarmasi boshlig‘idan javob olib, tegishli takliflarini bildirdi.
Shundan so‘ng viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari – huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i A.Halimov yilning birinchi choragi mobaynida viloyatda jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlash yuzasidan hisobot berdi.
Ta’kidlanishicha, hisobot davrida viloyat hududida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha hamkor tashkilotlar bilan birgalikda bir qator profilaktik tadbirlar olib borilgan. Buning natijasida 1105 mahallaning 828 tasida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi, 26 tasida jinoyatlar soni kamaydi, 61 tasida esa jinoyatlar soni barqaror holatda saqlandi. 185 mahallada jinoyatlar oshishi kuzatildi.
– O‘tgan yilning shu davri bilan qiyoslaganda qotillik jinoyati 3 taga, og‘ir tan jarohati yetkazish 4 taga, nomusga tegish 1 taga, talonchilik 3 taga, bosqinchilik 8 taga, bezorilik 14 taga, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari 5 taga kamaygan bo‘lsa-da, umumiy jinoyatchilik 193 taga oshdi, – dedi A.Halimov. – Yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 24 taga kamaydi, ammo voyaga yetmaganlar jinoyati 5 taga, muqaddam sudlanganlarning yana jinoyat yo‘liga kirib qolishi 61 taga ko‘paydi.
Deputatlar huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishining oldini olish, bu boradagi profilaktika ishlarini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Joylardagi vaziyatni tahlil qilish, notinch oilalar, jinoyatchilikka moyil shaxslarni aniqlash va ular bilan ishlashda mahalla faollari, profilaktika inspektorlari mas’uliyatini oshirish lozimligi qayd etildi. Ayniqsa, kriminogen vaziyat og‘ir hududlarda profilaktika inspektorlari ishini kuchaytirish, bu borada jamoatchilik bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaror qilindi.
Sessiyada yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i X.To‘xtayevning yoshlar faoliyati bilan bog‘liq sohalarda uchrayotgan dolzarb muammo va kamchiliklar hamda ularning yechimi yuzasidan, xalq deputatlari viloyat Kengashining nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi S.Rafiqovning viloyatda “Ayollar daftari” bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha axborotlari ham eshitilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Deputatlar davlatimiz rahbarining joriy yil 15-16 aprel kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida viloyatimiz tuman va shaharlarida 88 ta yangi kichik sanoat zonalari tashkil etish va yer maydonlarini belgilash yuzasidan qaror qabul qildilar.
Bundan tashqari, Samarqand viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan normativ tusdagi ayrim qarorlarini bekor qilish, Samarqand shahar hokimligi balansidagi qozonxonalarni viloyat “Issiqlik manbai” davlat unitar korxonasi balansiga o‘tkazish to‘g‘risida va boshqa masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.
Sessiya yakunida deputatlar Kengash qarorlari ijrosini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratish, bu borada ijro hokimiyati organlari mas’uliyatini oshirish zarurligini ta’kidladilar.