Klaster: mahsulot yetishtiruvchi va uni qayta ishlovchilar manfaatlarining mushtarakligi ta’minlanadi
Klaster tizimi haqida ko‘pchilik muayyan ma’lumotga ega. Ammo uning afzalliklari haqida hali to‘la tushunchaga ega bo‘lmagan kishilar, hatto fermerlar ko‘p. Xo‘sh, klaster tizimining afzalliklari nimada?
Klaster, avvalo, qishloq xo‘jaligi ekinini yetishtirishdan boshlab tayyor xomashyo bo‘lganiga qadar bosqichlarni o‘zida jamlaydi. Tizim mahsulot sifatini oshiribgina qolmay, yetishtiriladigan hajmi bo‘yicha samaradorlikni ko‘taradi. Butun bir mahsulot asnosida yagona industrlashgan tizimni tashkil qiladi. Masalan, ilgari paxta «O‘zpaxtasanoat» orqali to‘qimachilik korxonalariga yetkazib berilgan bo‘lsa, bugungi kunda mahsulot to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qimachilik korxonalariga kelib tushmoqda. Ya’ni, paxta dalalari va to‘qimachilik korxonalari o‘rtasida uzviylik yuzaga keldi.
Klasterlashgan tarmoq o‘ziga ko‘plab majburiyatlarni olgan holda iqtisodiyotimizni barqarorlashtiradi, yuqori sifatda o‘stiradi. Chunki klaster usulida mahsulot yetishtiruvchi va uni qayta ishlovchilar manfaatlarining mushtarakligi ta’minlanadi. Klaster ishtirokchilari qishloq joylarga sanoatni olib kirishi evaziga sohada yig‘ilib qolgan muammolar o‘z yechimini topadi. Qishloq aholisi bandligini ta’minlash, yerdan foydalanish samaradorligini oshirib, olinadigan daromad salmog‘i karrasiga ko‘payadi.
Shuning uchun ham keyingi yillarda yurtimizda meva-sabzavot va uzumchilik sohasida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, eksport hajmini oshirish, foydalanishdan chiqqan va lalmi yerlarni o‘zlashtirish, paxta, g‘alladan qisqartirilayotgan maydonlarga eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlari ekishni ko‘paytirish, shuningdek, bog‘, tokzor va issiqxonalar imkoniyatlaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida, qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlarida ishlab chiqarishning yangi - klasterlar va kooperativlar usullari yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bugungi kunda Samarqand viloyatida 44 ta klasterlar mavjud bo‘lib, ularga 151,9 ming gektar yer maydoni biriktirib berildi.
Jumladan, 10 ta paxta-to‘qimachilik, 15 ta g‘allachilik, 13 ta meva-sabzavotchilik, 5 ta kartoshkachilik, 1 ta dorivor o‘simlik yetishtiruvchi klasterlar tashkil etilgan. Mazkur klasterlar ixtiyorida 566 taga yaqin zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarini mavjudligi hamda 2,5 ming gektar bog‘ va 4,7 ming gektarga yaqin tokzorlarning ular tomonidan tashkil etilganligi ham sohada yuritilayotgan to‘g‘ri islohotlardan dalolatdir.
Bu borada Davlatimiz rahbarining 2019 yil 23 oktyabrdagi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi qabul qilinib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida meva-sabzavot klasterlari tashkil etilmoqda.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar uchun klaster va kooperativlarga birikkan holda, yetishtirilgan xomashyoni qayta ishlash natijasida tayyor mahsulot ko‘rinishida dunyo bozorlari iste’molchilariga yetkazib berish imkonini bermoqda.
Buni keyingi yillarda paxtachilik tarmog‘ida tashkil etilgan klasterlar faoliyatida yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Masalan, 2020 yilda viloyatda 75,6 ming gektar maydonda 215,5 ming tonna paxta yetishtirish belgilangan bo‘lib, amalda 223,3 ming tonna yoki rejaga nisbatan 7,8 ming tonna ko‘p paxta xom ashyosi yetishtirildi. Bu - har gektar yer maydonidan olingan o‘rtacha hosildorlik 29,5 sentnerni tashkil etganidan dalolat.
Agar bu boradagi muxtasar tahlilga nazar tashlaydigan bo‘lsak, yuzlab fermer xo‘jaliklari klaster usuliga o‘tilmasidan oldin paxtachilikda gektaridan 22-24 sentnerdan hosil olgan bo‘lsa, ekin maydonlari klaster ixtiyoriga berilgach, birinchi mavsum - 2019 yilda gektaridan 32-35 sentnerdan paxta yetishtirildi. 2020 yil esa bu xo‘jaliklarda hosildorlik 40 sentnergacha yetdi.
Eng muhimi, bu xomashyoning aksariyat qismi paxta-to‘qimachilik klasterlarida qayta ishlanyapti. Chunki bu klasterlarda 82,7 ming tonna tola, 56,0 ming tonna toladan ip kalava, 37,0 ming tonna ip kalavadan mato, 37,2 ming tonna matoni bo‘yash va 31,0 ming tonna tayyor tikuv-tritotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlari mavjud.
Shu imkoniyatlardan kelib chiqib, 2021 yilda paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 75,4 ming tonna paxta xomashyosini qayta ishlash, 46,7 ming tonna ip-yigiruv, 34,5 ming tonna mato, 20,4 ming tonna bo‘yash, 3,0 ming bosh chorva mollarini parvarishlash, 71,5 ming tonna chigitni qayta ishlash loyihalari (jami 26 ta loyiha) ni amalga oshirish uchun 866,1 milliard so‘m mablag‘ jalb qilinadi va 4,2 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi qariyb 3 barobarga o‘sishi ta’minlanadi.
G‘allachilik, meva-sabzavotchilik, sabzavot, polizchilik, kartoshkachilik va boshqa klaster korxonalarida ham ana shunday loyihalar amalga oshiriladi, minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Shuningdek, 2020 yilda viloyatimizdan jami 27,0 ming tonna yoki qiymati 28,2 million AQSh dollariga teng bo‘lgan 35 turdan ortiq meva-sabzavot mahsulotlari dunyoning 15 mamlakatiga eksport qilindi. Bunda ham meva-sabzavotchilik hamda tomorqa xizmati klasterlarining o‘rni beqiyos.
Buning uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish zarurati tug‘ilmoqda. Jumladan, «Mahsulot yetishtirish – xarid qilish – saqlash - qayta ishlash va eksport» zanjirini tashkil etadigan klaster va kooperatsiyalari tizimini keng joriy qilish (bu orqali mamlakatimizda mahsulotlarni yig‘ishtirish va saqlashdagi yo‘qotishlarni bartaraf etiladi); seleksiya borasida ilmiy tadqiqotlar yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagani bois urug‘ va ko‘chatlarni sezilarli qismini import qilishga majbur bo‘linmoqda. Bu borada eskirgan tizimdan butunlay voz kechib, mutlaqo yangi uzluksiz zanjir, ya’ni mazkur yo‘nalishda ham klaster va kooperatsiya tizimini tashkil etish; yirik eksportyor klaster va kooperativlar sonini oshirish, qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish va daromadni ko‘paytirish, mahsulot ishlab chiqaruvchilarni aniq bozori, aniq moliyaviy manbasi bilan ishlaydigan tadbirkor (klaster)ga biriktirish; tashkil etilayotgan yo‘nalishlardagi klaster va kooperatsiya rahbarlarini xorijlik hamkasblari bilan tajriba almashishlarini yo‘lga qo‘yish va asosiysi, xalqaro bozorni o‘rganish va talab yuqori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga alohida e’tibor qaratishlari lozim bo‘ladi.
Sirasini aytganda, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Samarqand viloyati kengashi viloyatimizda klaster tizimini keng joriy etilishi, tadbirkorlar, fermerlar va dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalariga ko‘makchi bo‘lish orqali agrar sohani yanada rivojlantirish va diversifikatsiya qilishga, eksportbop mahsulotlar yetishtirish, ekinlar hosildorligini oshirish va haqiqiy mulkdorlar sinfini shakllantirishda ularga ko‘makchi bo‘ladi.
Shomirza Safarov,
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Samarqand viloyati kengashi raisi o‘rinbosari.