Ko‘chada avtobus yetarlimi?

Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan Samarqand shahri ko‘chalari yanada gavjumlashib qoldi. Tabiiyki jamoat transportiga talab oshdi. 

Viloyat transport boshqarmasi ushbu jihatlarni hisobga olib avtobuslarning texnik sozligini o‘rganib chiqdi. Navbatchi dispetcherlik xizmatlari tashkil etildi. Bekatlarda avtobuslar yo‘nalishlari jadvali o‘rnatildi. Shuningdek, asosiy ko‘cha va chorrahalarda, oliy o‘quv yurtlari va umumta’lim maktablari yonidan avtobuslarning xavfsiz o‘tishini ta’minlash maqsadida navbatchilik tashkil qilindi.    

- 4 sentyabr kuni tongdan shahardagi 26 ta yo‘nalish bo‘ylab 300 ta avtobus, 36 ta mikroavtobus yo‘lga chiqdi, - deydi viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i Akobir Ashurov. – Ularning harakatlarini muvofiqlashtirish maqsadida boshqarmamiz va viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bilan hamkorlikda ishlayapmiz. Shaharga kirib keladigan 130 dan ziyod avtobus, yuzlab taksilarning haydovchilari bilan suhbatlashib, yo‘lkira narxlarini oshirmaslik, avtobuslarda elektron to‘lovni amalga oshirishga kelishib oldik.   

Boshqarmamiz va IIB xodimlari 10 kun davomida har kuni soat 6:00 dan boshlab belgilangan hududlarda turib, avtobuslar harakat jadvalida bekatlar oralig‘ini 8-10 daqiqadan oshirmaslikni ta’minlashadi. 

Ayni vaqtda shaharning Bo‘stonsaroy, Mirzo Ulug‘bek, Amir Temur ko‘chalaridagi qoidabuzarliklarni kameralar qayd etishni boshladi. 

Dilmurod TO‘XTAYeV.