Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlar inson huquqlari himoyasida qanday kafolatlar beradi?
Umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasida Bosh qomusning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartirish kiritish hamda 6 ta yangi modda (prim-modda) qo‘shish taklif etilmoqda. Asosiy qonunimizning oliy yuridik kuchga ega hujjat bo‘lishini ta’minlaydigan konstitutsion o‘zgartishlarning inson huquqlari himoyasiga ta’siri bormi? Umuman, bugun bu sohadagi o‘zgarish va yangiliklar nimalardan iborat?
Shu va boshqalar haqida “Aman” advokatlar hay’ati advokati Mahmatqul Shukurov bilan suhbatlashdik.
- Asosiy qonunga “Har bir shaxs advokat yordamidan o‘z tanloviga ko‘ra hamda jinoyat protsessining har qanday bosqichida foydalanish, shaxs ushlab turilganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan e’tiboran foydalanish huquqiga ega”, degan 26-1-modda qo‘shish taklif etilyapti, - deydi M.Shukurov. - Ya’ni, bu bilan shaxs har qanday vaziyatda ham faqat ichki ishlar idoralari ixtiyorida bo‘lib qolmasligi kafolatlanyapti.
Aslida, huquq-tartibot organlarining qaysi birida bo‘lmasin, tomonlarni, albatta, birinchi navbatda, murojaatchini erinmasdan tinglash, real holatni so‘rab-surishtirish kerak. Shunda siz ish bo‘yicha to‘liq tasavvur hosil qilasiz, tinglovchi esa dardini eshitganingiz uchun sizdan rozi bo‘ladi. Advokaturada shu jarayondan keyin murojaatchining huquqiy muammosini qonun normalari bilan asoslantirib, tegishli idoralarga ariza, iltimosnoma yoki shikoyat yozib berasiz.
Aytmoqchi bo‘lganim, qaysi sohada bo‘lmasin, protsessual qonunchilik va uni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha yetarli tajriba va ko‘nikma talab etiladi.
- Advokaturaning obro‘sini ko‘tarish, jamiyatda o‘rnini oshirish borasidagi harakatlar haqida aytyapsiz. Umuman, so‘nggi 5-6 yilda faoliyatlaringiz bilan bog‘liq qanday arzigulik o‘zgarishlarni aytib o‘ta olasiz?
- Eng avvalo, siz aytayotgan muddatda muhit ijobiy tarafga o‘zgarganini alohida ta’kidlash lozim. Aynan davlatimiz rahbari sohaga oid bir qator hujjatlarni imzoladi. Pirovardida kasb taqlzosiga ko‘ra, yo‘llarimiz “kesishadigan” barcha idoralarda advokatlarga munosabat oldingidan ancha yaxshilandi.
Aslida, qaysi sohada bo‘lmasin, avvalo, munosabat soha samaradorligi, uning ijobiy imidji shakllanishida muhim rol o‘ynashi shubhasiz. Bevosita sohaga oid eng muhim o‘zgarishlarga kelsak, advokatlik sirining maxfiyligi ta’minlanadigan bo‘ldi. Bu kabi misollarni yana ko‘plab sanab o‘tish mumkin.
- Lekin shunga qaramay, “cho‘ntak advokatlari”, afsuski, hamon sohadagi muammo?
- Menga qolsa, bunga davr, mavjud vaziyat “imkon” yaratgan, deb aytgan bo‘lardim. Ammo bu muammo yaqin orada butunlay barham topadi, deb ishonch bilan ayta olaman. Bunga davlatimiz rahbarining 2022 yil 30 maydagi qarori to‘la asos bo‘la oladi.
Chunki qarorga ko‘ra, kelgusi yildan “Yuridik yordam” axborot tizimi ishga tushiriladi. Bunda tizim davlat tomonidan advokat tayinlash jarayonini avtomatlashtiradi. Inson omili aralashuvining oldi olinib, advokatlar ishda qat’iy ro‘yxat bo‘yicha ishtirok etadigan bo‘ladi.
Yana bir gap. Konstitutsiyamizning 116-moddasiga ham faoliyatimizga oid yangi tahrir kiritilmoqda. O‘zgartishga ko‘ra, qayd qilingan moddada “Advokat shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi”, deb belgilab qo‘yilyapti.
- Shu o‘rinda bevosita Konstitutsion islohotlarga munosabatingizni aytib o‘tsangiz. Chunki hamon ayrimlarda bu jarayonni to‘la tushunmaganlar, unga ishonchsizlik bilan qarayotganlar uchrab turibdi.
- Har birimiz Asosiy qonunimiz o‘zgarmas mutlaq hujjat emasligini anglab yetishimiz kerak. Agar shunday bo‘lmaganida unda o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish tartibi belgilanmagan bo‘lardi. Qolaversa, amalga oshirilayotgan har bir ish bevosita ana shu tartibga asosan bo‘lyapti. Ya’ni, hech bir e’tirozga, shikoyatga o‘rin qolayotgani yo‘q.
Shu o‘rinda yana bir narsani aytib o‘tishni istardim - kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, uning haq-huquqlarini oliy darajaga ko‘tarish uchun qilinyapti. Birgina misol, advokatura bilan bog‘liq bitta prim modda kiritilayotgan bo‘lsa, yana bitta modda yangi tahrirda belgilanmoqda.
Shularning o‘zini uzoq sharhlash, xalqimiz manfaati uchun nechog‘liq muhimligi to‘g‘risida gapirish mumkin.
Yo.Marqayev suhbatlashdi.