Ko‘p qavatli uyga pechka qurib bo‘lmasa, uyni qanday isitamiz?

Keyingi kunlarda havo harorati kabi tabiiy gaz bosimi ham pasayib ketdi, elektr energiyasi yetkazib berishda tez-tez uzilishlar kuzatilmoqda.

Samarqand viloyatida ham bunday masalalar bilan kommunal xo‘jalik idoralariga, hokimliklarga murojaat qiluvchilar ko‘paydi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham asosiy e’tibordagi, muhokamadagi mavzu shu: “bu gazga choy qaynamaydi”, “ikki oylik go‘dak sovqotib qoldi”, “yana o‘tin va ko‘mirga o‘tamizmi?”, “ko‘p qavatli uyga pechka qurib bo‘lmasa, uyni qanday isitamiz”, “deputatlar nega jim?”...

Darvoqe, deputatlar haqida. Kecha Samarqand shahar kengashi deputati bilan bir tadbirda qatnashdik. Qo‘l telefoniga tinimsiz qo‘ng‘iroq bo‘lavergani, u esa chetga o‘tib uzoq vaqt gaplashib qolaverganidan keyin kim buncha bezovta qilayotganini so‘radim.

Бир тонна кўмир 1 миллион 500 минг сўм, 1 тонна ўтин 2 миллион сўм

– Ikki kundan buyon ahvol shu – saylovchilar qo‘ng‘iroq qilib, uyimizda gaz bosimi pasayib ketdi, svet o‘chyapti, sizni deputatlikka saylaganmiz, nega buning chorasini ko‘rmaysiz, deb so‘rashyapti, – deb qoldi.

– Rostdan ham nima chora ko‘ryapsiz? – dedim men ham qiziqib.

– Nima qilardim, aholining talabini mutasaddilarga aytdim, ammo foydasi kam. Muammolar bir-biri bilan bog‘lanib ketgan. Shahardagi ko‘p qavatli uylarning aksariyatida isitish tizimi ishlamaydi, issiq suv berilmaydi. Oqibatda odamlar, xavfli bo‘lsa-da, uyining gaz plitasini yoqib qo‘yib yoki isitish pechlaridan foydalanishga harakat qiladi.

Tasavvur qiling, har bitta xonadonda gaz plitasining to‘rtta ko‘zi tunu kun yonib tursa, gazni yetkazib bo‘ladimi, bosim pasayib ketadi. Hamma xonadonga gaz yetib bormaydi. Keyin odamlar elektr isitish moslamalaridan foydalanadi. Bu ham ortiqcha zo‘riqishni keltirib chiqaradi, tarmoqda avariyalar ko‘payadi. Oxir-oqibat, gaz ham, elektr ham yo‘qoladi. Bunaqa paytda odamlarga buni tushuntirib bo‘lmaydi, eshitishni ham istamaydi. Qanday bo‘lmasin, uyni isitish kerak. Hovlida yashaydiganlar o‘tin, ko‘mir yoqib, vaziyatdan chiqishga harakat qiladi. Ammo ko‘p qavatli uylarda yashovchilarga qiyin. O‘zim ham ko‘p qavatli uyda turaman, bilasizku...

photo5260696929254354023.jpg

Shu gap bahona bo‘lib, tanish-bilishlardan uyni qanday isitayotganliklarini so‘radim. Shaharda yashovchilarning ko‘pchiligi gaz plitasi yoki elektr pechidan foydalanayotganini aytdi. Samarqand shahrining eski shahar qismida va Samarqand tumani bilan chegaradosh hududlaridagi hovlilarda yashovchilar o‘tin va ko‘mirdan foydalanishlarini, ovqat pishirish uchun esa suyultirilgan gaz berilishini aytishdi.

– Qish avvalida gaz yetkazib berilmasligini aytishadi va bunga o‘rganib ham qolganmiz, o‘tin, ko‘mir g‘amlab qo‘yamiz, – deydi Samarqand shahar Mo‘liyon mahallasida yashovchi T.Soliyev. – Mahalla tomonidan ajratiladigan ko‘mir olsangiz narxi arzon, lekin sifati unchalik yaxshi emas. Shu kecha-kunduzda ko‘chada sotilayotgan ko‘mirning bir tonnasi 1 million 500 ming so‘m. O‘tinning ham narxi hozir osmonda, biz yoz, kuz oylarida olib qo‘yganmiz.

– Hozir katta yuk mashinadagi o‘tinni 2-3 million so‘mga olasiz-da, – deydi Samarqand tumanida yashovchi A.Jalolov. – Kecha bir “Gaz-24 mashinasida ortib qo‘yilgan o‘tinning narxini so‘radim. 500 ming so‘m dedi. Chiqsa 200-300 kilo chiqadi-da. Bizku o‘tin sotib olmaymiz, o‘zimizning daraxtlarni butaymiz, quriganlarini kesamiz, ko‘mir olamiz. Lekin majbur bo‘lgandan keyin sotib oladiganlar ham ko‘p.

photo5260696929254354029.jpg

Ha, o‘tin sotib oladiganlar ko‘p. Lekin bu o‘tinni kim, qayerdagi daraxtlarni kesib olib keldi? Bu bilan hech bir xaridor qiziqmaydi. Garchi, 2019 yil 1 noyabrdan daraxtlarni kesishga qarshi moratoriy e’lon qilingan bo‘lsa-da noqonuniy ravishda dov-daraxtlarni kesish holatlari uchramoqda.

– O‘tgan yil 1 noyabrdan yil yakuniga qadar 32 ta qoidabuzarlik, jumladan, moratoriy kiritilgan daraxtlarni kesish bilan bog‘liq holatlar aniqlanib, qoidabuzarlarga jami 35 million so‘m jarima solindi, – deydi Samarqand viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi nazorat inspeksiyasi davlat nazoratchisi Sh.Innazarov. – Bu yil esa hozirgacha 6 qoidabuzarlik bo‘yicha tabiatga 54 million so‘m zarar yetkazilgani aniqlanib, javobgarlarga qariyb 7 million so‘m jarima tayinlandi. Gap bu o‘rinda faqat jarimada emas, avvalo xalqimizning ekologik madaniyatini oshirishimiz, tabiatga munosabatini o‘zgartirishimiz kerak. Har daraxtning atrof-muhit musaffoligi, inson salomatligini saqlashda qanchalik ahamiyatli ekanligini anglasak, yuqoridagi kabi holatlar ancha kamayadi.

Samarqand “Hududgaz” mas’uliyati cheklangan jamiyati “Samarqandtumangaz” filiali tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda tumandagi 72 mahallaning 41 tasiga tabiiy gaz yetkazib berilmoqda. Lekin bu mahallalarda ham barcha xonadonlarda tabiiy gaz bosimi yaxshi deb bo‘lmaydi. Shu sababli tumandagi 62 mahalladagi tabiiy gaz yetib bormagan hamda gaz bosimi yetarli bo‘lmagan 29 mingdan ortiq xonadon egalari maishiy gaz ballonlaridan foydalanadi.

G‘olib HASANOV.