Ko‘p qavatli uylarni tartibli saqlash kimning yo qaysi idoraning zimmasida?
Samarqand tumanida joylashgan 75 ta ko‘p qavatli uyda qariyb 6 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. 1991 yilgacha qurilgan 50 tadan ziyod ko‘p qavatli uy asosan tuman markazi Gulobod shaharchasida, shuningdek, Parrandachilik, Xo‘ja Ahrori Vali, Qaynama, Mirzo Ulug‘bek mahallalarida joylashgan.
Ularning aksariyatida oshxona, yuvinish xonalari va hojatxonalar allaqachon yo‘q bo‘lib ketgan. Aksariyat aholi uy ichidagi sharoitni o‘zlariga moslashtirib, hojatxona, omborxona, ichimlik suvi kabi qulayliklarni hovlida qurib olishgan. Isitish tizimlari yo‘qligidan sovuq kunlari "burjuyka" pechlari qurib, jon saqlaganlar ham bor.
Ikki yil ilgari Yangijoy mahallasidagi Gazchilar guzarida 4 ta ko‘p qavatli uy qurilib, foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, ayni paytda yana 2 ta ko‘p kvartirali uy-joylarning so‘nggi pardozlash ishlari amalga oshirilmoqda. Biroq bu uylar xususiy uy-joy mulkdorlar, shirkatlariga a’zo bo‘lishmagan. Eng qizig‘i, yangi uylarga raqam berilmagan, hatto uy egalari ham qaysi kvartirada yashab kelayotganini bilmaydi. Uylarni doimiy nazoratda saqlab turadigan «domkom»lar ham tayinlanmagan.
- Hududimizda mustaqillik yillarigacha qurilgan bir nechta eski uylar bor, - deydi Yangijoy mahallasi raisi Baxtiyor Yo‘ldoshev. - Yana yangi uylar qurilmoqda. Joriy yilda ham o‘nga yaqin 5, 7, 9 qavatli uylar quriladi. Lekin hali boshqaruv servis kompaniyalari tashkil etilmaganligi sababli ularni boshqarish quruvchilar zimmasida turibdi. Joriy yilda ayrim uylarning tomlaridan chakka o‘tib, oqova tizimlaridagi kamchiliklar tufayli yerto‘lalarga suv kirib ketdi.
Yana bir gapni aytmasam bo‘lmas. Uylarning ko‘pchiligining egalari yashamaydi. Qishda bu yerga kelib, yozda yana hovlilarga chiqib istiqomat qilishadi. Ayrimlar ijaraga topshirib ketadi. Tabiiyki, ijarachilar o‘zlari bilgandek yashab, chiqindilarni derazadan uloqtiradi yoki kanalizatsiya quvurlariga tashlaydi.
Massivdagi yangi uylarda elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi hamda kanalizatsiya bilan bog‘liq qator muammolar bor ekan. Bunga asosiy sabab ularni o‘z vaqtida bartaraf etadigan birorta boshqaruv servis kompaniyalari tashkil etilmaganligidir.
- Yangi uyga ko‘chib chiqqanimizga ko‘p bo‘lmadi, lekin kamchiliklar ko‘p ekan, - deydi shu uyda yashovchi D.Asadov. – Elektr va tabiiy gazdagi muammolarni aytmayin, ularga o‘rganib qolganmiz. Biroq oqova suv tizimidagi kamchiliklarni aytmasam bo‘lmas. Yaqinda yerto‘lalarga suv toshib, zaxi uylarimizgacha ko‘tarildi. Ma’lum bo‘lishicha, pudratchi korxona santexniklari kanalizatsiya quvurlarini noto‘g‘ri o‘rnatgan ekan. Bir necha bor tuman hokimligiga, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limiga murojaat qildik, foydasi bo‘lmadi. Nihoyat mardikor yollab, kamchiliklarni bartaraf etdik. Birorta shirkatmi yo boshqaruv servis xizmati kompaniyasimi tashkil etilsa, bajonidil a’zo bo‘lardik.
Bolalar maydonchasida yaqin orada bolalar o‘ynaganga o‘xshamaydi. Chunki ayrim o‘yin jihozlari va o‘rindiqlar singan.
- Shirkat va uyboshi yo‘qligi sababli maydoncha qarovsiz qolgan, - deydi raqamsiz uylardan birida yashovchi Tohir Murodov. – Nabiralarimiz bog‘cha va maktabdan qaytib kelgach, qayerda vaqt o‘tkazishini bilmaydi. Sport maydonchasi va jihozlari yo‘q. O‘yin qurilmalari yo‘qligi sabab bolalar boshqa hududlarga ketib qolishadi. Bir necha bor singan qurilmalarni o‘zimiz payvandlab, tikladik, lekin ko‘p o‘tmay yana ishdan chiqadi.
Yangi uylar atrofida savdo do‘koni, oshxona, sartaroshxona, telefon sozlovchi ustaxona, novvoyxona kabi kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan qulayliklar yo‘q. Biror nima zarur bo‘lsa, qo‘shni guzarga yoki tuman markaziga borib, ishni bitirishga majbur bo‘lishar ekan.
Eng qizig‘i, yangi uylarning tepasidan tushgan novlari noto‘g‘ri o‘rnatilganligi tufayli yomg‘ir suvlari beton ariqchalarga tushmaydi.
- Yomg‘irlar mavsumida yo‘laklar oldi ko‘llab, o‘tib bo‘lmay qoladi, - deydi shu yerda yashovchilardan biri. – Suv toshib ichkariga kirib ketgan paytlari ham bo‘ldi. Kanalizatsiya qudug‘i ham noto‘g‘ri o‘rnatilgan.
- Ikki yil davomida uylarda qanaqa muammo paydo bo‘lgan bo‘lsa, barchasini bartaraf etib kelyapmiz, - deydi «Bunyodkor» MChJ ish boshqaruvchisi Alisher Islomov. - Hozir shu hududda yana ikkita ko‘p qavatli uy quryapmiz. Ayni paytda suvoq ishlarini bajaryapmiz. Yangi uylardagi kamchiliklardan xabarim yo‘q edi. Tez kunlarda barcha muammolarni ijobiy hal qilib, obodonlashtirish ishlarini ham amalga oshiramiz.
Tumandagi Parrandachilik mahallasida joylashgan 21 ta ko‘p qavatli uyning 7 tasi so‘nggi uch yilda qurib, foydalanishga topshirilgan. O‘tgan yili qurilgan 3 ta 5 qavatli uyda 60 oila istiqomat qilmoqda. Biroq mazkur uylarda yashovchilar ham birorta mulkdorlar shirkatiga a’zo bo‘lgan emas. Shu sababli paydo bo‘lgan muammolarni uylarda yashovchilarning o‘zlar hal qilishmoqda.
- Yaqinda viloyat hokimi kelib, aholining yashash sharoitlarini o‘rganib, obodonlashtirish borasida katta yordam berdi, - deydi Parandachilik mahallasi raisi Manzura Mahmudova. – 100 kishilik to‘y-marosimlar o‘tkazish uchun usti yopiq maydon qurish bo‘yicha bergan topshirig‘i bajarilmoqda. Haftaning payshanba kuni «Maroqand Obod» MChJ mashinalari kelib, chiqindilarni tashib ketishi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, barcha uylar markaziy kanalizatsiya tarmog‘iga ulangach, bu boradagi muammolar barham topdi.
O‘tgan yili yangi qurilgan uylarning yerto‘la qismidan bir nechta kam ta’minlangan oilalarga, nogiron va beva ayollarga moslashtirib ham yashash xonalari ajratilib berilgach, bu boradagi muammolar ham ijobiy yechim topdi.
Bugun hududlarda qurilayotgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholining yashash tarzini yaxshilash, har bir uyni tartibli, obod maskanga aylantirish ularning o‘z qo‘llarida. Buning uchun tuman hokimliklari va mas’ul tashkilotlarning birozgina e’tibori bo‘lsa bas.
Dilmurod To‘xtayev.