Koronavirus: 2 mart holati bo‘yicha dunyodagi vaziyat

Xitoy Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi bergan ma’lumotga ko‘ra, mamlakat ichida bugungi kunga qadar 80026 nafar (28 fevral holatiga – 78824 kishi) kasalga chalinganlar qayd etilgan. SCMP (South China Moring Post) nashrining hisobotiga ko‘ra, koronavirus bilan kasallanganlar soni dunyo bo‘ylab 89 mingdan oshib ketgan (28 fevral holatiga – 83272 kishi).

Jami 3044 nafar inson halok bo‘lgan (SCMP tomonidan taqdim etilayotgan onlayn-ma’lumot).

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bergan so‘nggi ma’lumotga ko‘ra, Xitoy hududidan tashqarida 7 mingdan ortiq kasallanganlar aniqlangan. Jumladan, yirik kasallanganlar soni Janubiy Koreyada (4212 kishi), Italiyada (1694 kishi) va Eronda (978 kishi) ko‘zatilmoqda.

Rossiya poytaxti Moskva va Germaniya poytaxti Berlinda dastlabki kasallanganlar qayd etildi.

Fransiyada koronavirus bilan kasallanganlar soni 130 nafar yetdi. Mamlakatning 12 hududida kasallanganlar aniqlangan. Virus avj olganligi oqibatida Fransiyaning Luvr muzeyi vaqtincha faoliyatini to‘xtatdi. AQShda koronavirus oqibatida ikki nafar bemor vafot etdi.

Chexiyada uch nafar shaxsda dastlabki koronavirus holati aniqlandi.  Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, kasallanganlarning barchasi yaqinda Italiya safaridan qaytgan fuqarolar.

Italiyada koronavirus tufayli 34 kishi vafot etdi. Shu bilan birga internet tarmoqlarida Rim papasi Fransisk ham kasallanganligi to‘g‘risida ma’lumotlar tarqaldi. Biroq rasmiy Vatikan bu xabarlar yolg‘on ekanligini ta’kidladi.