Koronavirus: Bugungacha dunyodagi vaziyat

Xitoy Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi bergan ma’lumotga ko‘ra, mamlakat ichida bugungi kunga qadar 80778  nafar (10 mart holatiga – 80754   kishi) kasalga chalinganlar qayd etilgan. So‘nggi bir sutkada XXR hududida 24 nafar yangi kasallanganlar aniqlangan. SCMP (South China Moring Post) nashrining hisobotida ta’kidlanishicha, koronavirus bilan kasallanganlar soni dunyo bo‘ylab 117769 nafarga yetgan (10 mart holatiga – 113358).

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bergan so‘nggi ma’lumotga ko‘ra, Xitoy hududidan tashqarida bugungi kunga qadar 32778 (10 mart holatiga 28673) nafar kasallanganlar, keyingi sutkada esa 4105 nafar yangi kasallanish holatlari aniqlangan. Koronavirus bilan kasallanish holatlari 109 (10 mart holatiga 104) mamlakatda qayd etilgan. Xitoy hududidan tashqarida 872 nafar (10 mart holatiga 686) odam kasallik oqibatida vafot etgan.

Jami: 4293 nafar inson halok bo‘lgan (10 mart holatiga - 4009).

Koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni dunyo bo‘ylab 65.8 mingdan (10 mart holatiga 60 mingdan ziyod) oshgan (SCMP ma’lumoti).

Moskvada koronavirus xavfi tufayli 10 aprelga qadar ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi taqiqlandi. Shu jumladan, 5 ming kishidan ortiq ishtirokchi ishtirok etadigan sport tadbirlari ham.

Rossiya 10 martdan boshlab Mo‘g‘uliston bilan temir yo‘l aloqalarini vaqtincha to‘xtatdi.

Turkiya va Boliviyada dastlabki koronavirus holatlari qayd etildi. Turkiya fuqarosi Markaziy Yevropa davlatlarida bo‘lib qaytganidan so‘ng kasallikka chalingani aytilmoqda. Boliviyada Italiya safaridan qaytgan ikki nafar ayolda kasallik aniqlangan.

Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Nadin Dorris COVID-2019 turidagi koronavirus yuqtirganligi aniqlandi. Dorrisning so‘zlariga ko‘ra, tahlil natijalari chiqqanidan so‘ng u zaruriy chora-tadbirlarni ko‘rgan va o‘zini o‘zi karantinga olgan.

Xitoy koronavirus bilan kurashish uchun Italiyaga insonparvarlik yordami jo‘natishga va’da berdi.

“Xitoy bugungi kunda ham zaruriy tibbiy vositalarga ehtiyoj sezayotgan bo‘lishiga qaramasdan, biz barcha qiyinchiliklarni yengib, Italiya uchun niqob va boshqa tibbiy vositalar ajratamiz, shuningdek, Italiyaga juda zarur bo‘layotgan tibbiy vositalar hajmini oshirib boramiz”, deya ta’kidladi XXR tashqi ishlar vaziri Van I.