Koronavirus ko‘ngilxushligi yoxud AQShlik talabalar o‘ylab topgan xavfli o‘yin

Butun dunyo COVID-19 pandemiyasi bilan kurash olib borayotgan bir vaqtda AQShning Alabama shahri talabalari aqlga sig‘mas ko‘ngilxushlik uyushtirgan. Ular kechki ko‘ngilxushlik tadbirlariga koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni taklif etgan va kim birinchi bo‘lib koronavirus infeksiyasini yuqtirib olishini sinab ko‘rganlar.

O‘yin lotereya shaklida o‘tkazilgan. Birinchi bo‘lib koronavirus infeksiyasi aniqlangan ishtirokchi pul mukofoti sohibi bo‘lgan. AQSh yoshlarining ko‘ngilxushligi haqida Gazeta.ru nashri ma’lum qildi.

“Ular o‘zaro pul yig‘ib, koronavius infeksiyasi bilan kasallanishga harakat qiladi. Kim birinchi bo‘lib COVID-19ni “ushlab” olsa, o‘sha pul mukofotini oladi. Bu aqlga sig‘maydi, ular ataylab kasal bo‘lishga harakat qilishadi”, dedi ushbu o‘yinni jurnalistlarga fosh etgan Makkinstri.

- Dastlab biz buni hazil deb o‘yladik, - dedi mahalliy FVV rahbari Rendi Smit o‘tkazilgan brifingda. – Biz tekshiruvlar olib bordik va shifokorlar, mahalliy hukumat a’zolaridan xabar to‘g‘ri ekanligini tasdiqlovchi ma’lumotlar oldik.

O‘yinni tashkillashtirgan talabalarning ismi va ular o‘qiydigan kollej sir saqlanmoqda. Bunday ko‘ngilxushliklar oqibatida necha kishi kasallangani hozircha noaniq bo‘lib qolmoqda.

Shahar rahbariyati kechgi ko‘ngilxushlikda ishtirok etgan ayrim mehmonlar “COVID-lotoreyasida” ishtirok etgayotganlaridan bexabar ekanliklaridan xavotir olmoqda.

“Mazkur holatda barcha mas’uliyat bilib turib, shunday yig‘ilishlarga borgan, koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan fuqarolar zimmasiga tushadi”, deya ta’kidladi shahar ma’muriyati.

Uyushtirilgan ko‘ngilxushlik oqibatida shaharda karantin chora-tadbirlari kuchaytirildi, odamlardan uylarini tark etmaslik so‘ralmoqda. Shu bilan birga, karantin qoidalarini buzganlar uchun jarima qiymati 500 AQSh dollariga ko‘tarildi.