Koronavirus: musibatmi yoki marhamat?

Bu qanday savol bo‘ldi? Albatta, musibat dedingiz darrov. Haqsiz. Musibat bo‘lganda ham yuzlab, minglab insonlarning umriga zomin bo‘lgan, yana ming-mingini to‘shakka mixlagan kulfat. Diydorlashishdan, to‘y-tantana qilishdan, masjidlarga borishdan mosuvo qilgan va hattoki, vafot etganlarimiz bilan vidolashishga-da yo‘l bermayotgan balo bu.

Ammo har ishning bir hikmati bor, har qilmishning oqibati, deganlaridek, bu ofat sabab hayotimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarga ham bir nazar solsak.

1. Kulfat odamlarni birlashtiradi, degan iboraning natijasini ko‘ryapmiz. Qanchadan-qancha saxovatpesha hamyurtlarimiz qiynalib qolganlarga yordam qo‘lini cho‘zishyapti. Insof-diyonat birinchi o‘ringa ko‘tarildi, mehr-oqibat qaytdi. Ayniqsa, shifokorlarga nisbatan munosabat o‘zgardi. "Qadringizga yetmaganimiz uchun bizni kechiring!" degan xitoblar yangradi.

2. O‘tgan yili Prezidentimiz raqamli iqtisodiyotga o‘tishimiz zarurligini ta’kidlagandilar. Hatto yilimiz ham shunday nomlandi. Biroq qog‘ozbozlikni xush ko‘radiganlar bunga qarshi chiqishayotgandek edi. Axir, bejirim eshigi ortida o‘nlab odamlarning poylab turishini ma’qul ko‘radiganlar, qog‘ozbozlar, axborot texnologiyalarni tushunmagan, zamondan ortda qolgan “otaxon” mansabdorlar uchun bu judayam xush kelmayotgandi.

Buni qarangki, dardi-balo sabab, raqamli iqtisodiyotga o‘z-o‘zidan o‘tib ketganligimizni bilmay ham qoldik. Masofaviy ish olib borish tizimiga o‘tdik-qo‘ydik. Farzandalarimiz uyda o‘tirib, televizor yoki kompyuter orqali saboq olyapti, korxona-tashkilotlar onlayn ish rejimini o‘zlashtirib oldi. O‘tirgan joyimizdan barcha hujjat ishlari hal bo‘lyapti. Biznes yuritish, tadbirkorlik, savdo-sotiq... Korrupsiyaning oyog‘iga dastlabki boltalar urilyapti. Eh, koronavirus...

3. Afsus, ming afsus, “Davring keldi sur, begim...” deganlarni ham ko‘rdik, ko‘ryapmiz. Viloyatlarga qatnagan taksichilarimizning qilmishlarini eslash kifoya. Tibbiy niqob-qo‘lqoplar mojarosi, bozor-o‘char taloto‘pi hali yoddan chiqmadi. Stiker qallobliklarining o‘zi bir muammo bo‘ldi. Qalbaki ruxsatnomani yopishtirib, kamqatnov ko‘chalarda mashinasini “mingga bosganlar”, to‘rttala eshigini ham ochib musiqani baralla qo‘ygan “krutoylar”ni ham ko‘rdik. Ataylab ko‘chada niqobsiz sayr qilib yurganini ko‘z-ko‘z qilayotgan yosh-yalanglarga qarab, tarbiya berolmagan ota-onasiga “rahmat”lar aytayapmiz. Dayus yigitchalar, satang qizlar, beparvo ota-onalar, ularning ertasi kungi o‘xshovsiz kechirim so‘rashlari ko‘ngillarni xira qilyapti...

4. Ammo bir haqiqatki, o‘zgaryapmiz. Yuqorida eslab o‘tganlarimiz guruch orasidagi kurmakdek. O‘zgarganimiz, o‘zgarayotganimiz esa bor gap.

Ijtimoiy tarmoqlardagi roliklardan birida rusiyzabon bir akamiz “o‘zbekona salomlashishni o‘rganyapmiz”, dedi qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib. Yana bir o‘zga din vakili tozalikni kimdan o‘rganayotganligini aytib, tahoratni tilga oldi. Bolajonlar bog‘chani, o‘quvchilar ustozlarini qo‘msayapti...

5. Umrimizni, hayotimizni doim bahor deb o‘yladik. Ammo bahorning iliq kunlaridan birida boshimizga gupillab qor tushdi. Oppoq qor. Ortidan armonsiz yomg‘ir yog‘di. Sovuq gunohlarimizni yuvish uchun naqd uch kun tinmadi. Hozirgi salqin kunlar esa bizga berilgan imkondek. Xulosamiz to‘g‘ri bo‘lsa, boriga qanoat, yo‘g‘iga shukur qilsak, charog‘on va issiq kunlar, albatta, keladi. Albatta!

Erkin SATTOROV.

Postda.uz nashridan olindi.